Jahon | 18:37 / 19.07.2023
19121
8 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiyaga yordami uchun Qirg‘izistonga qarshi sanksiyalar qo‘llashga tayyorlanmoqda - Washington Post

Washington Post Amerika hukumat tuzilmalaridagi manbalariga tayangan holda xabar berishicha, AQSh Rossiyaga Ukrainaga bosqini uchun qo‘llangan sanksiyalarni aylanib o‘tib, ushbu mamlakatga Yevropa va Osiyodan mahsulotlar yetkazib berayotgan Qirg‘iziston kompaniyalariga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlamoqda.

Foto: EPA

Prezident Jo Bayden ma’muriyatidagi shaxsi sir qolishini so‘ragan ikki manbaning nashrga ma’lum qilishicha, bu qaror AQSh va Yevropa diplomatlarining Bishkekka bir necha oydan buyon amalga oshirib kelingan «besamar tashriflari»dan keyin qabul qilingan. Rasmiy shaxslar anonimlik sharti bilan so‘zlashicha, shu haftaning o‘zidayoq iqtisodiy choralar ko‘rilishi mumkin.

Ukrainada harbiy harakatlar boshlanishi va undan keyingi sanksiyalardan so‘ng Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo aylanmasi g‘ayritabiiy darajada o‘sgani qayd etilgan. Taxminlarga ko‘ra, Qirg‘iziston orqali ham Rossiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport qilish taqiqlangan mahsulot yetkazib beriladi.

«Qirg‘iziston boshqalar bilan taqqoslaganda kichik davlat bo‘lsa ham, uning misolida sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun qulay muhit yaratiladigan barcha omillar ko‘rinib turibdi», — deya yuqori martabali mulozimning so‘zlarini keltirgan gazeta.

Amerika tomoni baholariga ko‘ra, sanksiyaga uchragan tovarlar reeksportiga Rossiya maxsus xizmatlari jalb etilgan. Nashrning qayd etishicha, Qirg‘izistondan tovarlarni qabul qilib olgan firmalar Rossiya mudofaa sanoatining yetkazib beruvchilari bo‘lgan.

Qirg‘izistonning Vashingtondagi elchixonasi Amerika gazetasi so‘roviga javoban, mamlakat hukumati xalqaro normalarga rioya qilish, kontrabanda va boshqa noqonuniy savdo turlariga qarshi kurashish majburiyatini olganini ma’lum qilgan. Elchixonadagilar Moskva bilan savdo hajmi o‘sganini tovarlar harakatini kuzatishning elektron tizimlari takomillashgani bilan bog‘lagan.

Bu Qirg‘iziston uchun birinchi sanksiyalar emas

19 may kuni ham AQSh hukumati Qirg‘iziston hududida ro‘yxatga olingan Tro.Ya kompaniyasiga qarshi sanksiyalar qo‘llagandi.

Qirg‘iziston hukumati Rossiya bilan iqtisodiy aloqalar juda muhim ekanini aytadi. Foto: AFP

Amerika Adliya vazirligi qirg‘iz kompaniyasini rossiyalik harbiylar va RF mudofaa sektoriga yordam beruvchi boshqa 70 firma va yuridik shaxslardan iborat ro‘yxatga kiritgandi. Jurnalistlar Tro.Ya elektron komponentlar va navigatsiya uskunalari yetkazib berish bilan shug‘ullangani haqida xabar berishgan.

Washington Post tasdiqlashicha, Qirg‘izistonning Vashingtondagi elchixonasi mahsulotlar sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda yetkazib berilgani to‘g‘risidagi xabarlarni tan olgan. Ammo diplomatik vakolatxonadagilar tanqidchilar Qirg‘iziston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning «real iqtisodiy konteksti»ni, har ikki davlat ham Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zosi ekanini hisobga olmayotganidan yozg‘irgan.

«Umuman olganda, Rossiya bizning asosiy savdo sheriklarimizdan biri sanaladi […] Milliondan ortiq fuqarolarimiz [ushbu mamlakatda] ishlashadi», — deya Qirg‘iziston elchixonasi bayonotidan iqtibos keltirgan gazeta.

14 may kuni Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev «Rossiya-1» davlat telekanaliga bergan intervyusida Bishkek G‘arbning ikkilamchi sanksiyalari tahdidiga qaramay, Moskva bilan hamkorlikni davom ettirayotganini aytgandi.

«Biz strategik hamkorlarmiz, bizda hamkorlik uchun hech qanday to‘siq yo‘q. Xo‘sh, g‘arblik hamkorlarimiz ehtimoliy sanksiyalar haqida gapirishmoqda. Ammo biz ham o‘z qoidalarimizga amal qilamiz va bunda men hech qanday muammo ko‘rmayapman», — degandi vazir.

Ammo 2 iyun kuni, «Markaziy Osiyo — Yevropa ittifoqi» sammitida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakat sanksiyalar muhokamasi uchun YeI bilan muloqotga ochiq ekanini aytdi.

Japarov yevropalik hamkorlarning sanksiyalarga rioya etish bo‘yicha so‘rovlarini «tushunishi»ni bildirgandi.

BBC Qirg‘iziston prezidenti administratsiyasiga Washington Post nashrining qirg‘iz kompaniyalariga qarshi iqtisodiy cheklovlar kiritilishi mumkinligi haqidagi ma’lumoti yuzasidan izoh so‘rab murojaat qilgan, ammo javob ololmagan.

Rossiya Qozog‘iston va Qirg‘iziston orqali sanksiyalarni qanday chetlab o‘tmoqda?

Nashr materialida aytilishicha, AQSh hukumati Qirg‘izistondan Rossiyaga yuborilgan Xitoy dronlari partiyasi Qozog‘istonda musodara qilingani haqidagi xabarga ham e’tibor qaratgan.

Dronlar Ukrainadagi urushda eng keng qo‘llanadigan qurollardan biriga aylandi

Iyun oyi boshida qozoq bojxonachilari Qirg‘izistonning «Impuls-Invest» kompaniyasiga tegishli bo‘lgan 14 dona DJI Agras T30 dronlarini to‘xtatib qolgani ma’lum bo‘lgandi, kompaniya ularni eksport qilish litsenziyasiga ega bo‘lmagan. Bu qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun mo‘ljallangan dronlar edi, ammo nazariy jihatdan ularni urushda ham qo‘llash mumkin, chunki ular 30 kg yuk tashish imkoniyatiga ega hisoblanadi. Keyinroq dronlar kimoshdi savdosiga qo‘yilgan, Qozog‘iston rasmiylari ularni 83,6 mln tengega baholagan (193 ming dollar).

Qirg‘iziston rasmiy shaxslari Washington Post nashriga xitoyliklarning dronlarini Rossiyaga eksport qilishga urinish holati bo‘yicha izoh berishni istamagan.

Sanksiya ostidagi tovarlar Qozog‘iston orqali reeksport qilinishi haqida esa «Vajnyye istorii» nashri, OCCRP va Spiegel jurnali tadqiqotchi jurnalistlari tomonidan yozilgan. 20 may kuni bu nashrlarning qo‘shma surishtiruvida Rossiya g‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tgan holda Qozog‘iston orqali har oyda millionlab dollarga dronlar va mikroelektronika xarid qilishi ma’lum bo‘lgandi.

Jurnalistlarning ma’lumotiga ko‘ra, Qozog‘istonning Da Group 22 kompaniyasi Rossiyaning «Stek» firmasiga mikrochiplar va boshqa butlovchi qismlar yetkazib beradi. «Stek»ning asosiy xaridori esa Rossiya kuchishlatar tuzilmalari uchun maxsus texnikalar ishlab chiqadigan va yasaydigan kompaniya hisoblanadi.

Jurnalistik surishtiruvda aytilishicha, urush boshlanganidan keyin Qozog‘istonda tashkil etilgan boshqa bir kompaniya «Aspan arba» Rossiyaning «Nebesnaya mexanika» kompaniyasiga 500 dona uchuvchisiz uchar qurilma yetkazib bergan. Mualliflarning yozishicha, dronlarni bu kompaniyadan «Rys» qurolli mojarolar faxriylari federatsiyasi va amaldagi rossiyalik harbiylar sotib olishgan.

Qirg‘izistondan Rossiyaga eksport hajmi keskin o‘sishi

«Radio Azattyk» — «Ozodlik Radiosi»ning qirg‘iz va qozoq tahririyatlari — ham Rossiyaga harbiy texnikalar yetkazib berilishi faktlarini ochiqlagan.

Jurnalistlarning aniqlashicha, Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi firmalar Rossiyaga mikrochiplar, telekommunikatsiya qurilmalari va ukrain harbiylari rossiyaliklarning raketalari, tanklari, vertolyotlari, dronlari va radiotizimlarida uchratgan boshqa qurilmalarni eksport qilgan.

Tadqiqotchi jurnalistlar ikki mamlakatning bojxona xizmatlari, shuningdek ikki maqsadli texnologiyalarni Rossiyaga qayta eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarning korporativ ma’lumotlariga tayanadi.

Surishtiruvda shuningdek BMTning savdo ma’lumotlari keltirilgan, unga ko‘ra 2021 yilda Qirg‘iziston samolyotlar, vertolyotlar va dronlar uchun hech qanday qismlarni import qilmagan. Ammo 2022 yilda ushbu mamlakatga uchar apparatlar uchun 3,5 mln dollarlik ehtiyot qismlar olib kirilgan va Rossiyaga 1,5 mln dollarlik ehtiyot qismlar eksport qilingan.

Xuddi shu davrda Qozog‘iston Rossiyaga hisoblash mashinalari eksportini ikki ming martaga oshirgan. Xususan, 2021 yilda mamlakat 127 ming dollarlik hisoblash mashinalari yetkazib bergan bo‘lsa,  2022 yilda — bu miqdor 296 mln dollarga yetgan.

Mavzuga oid