Jamiyat | 23:15 / 19.07.2023
24815
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xalq artisti Tolib Karimov vafot etdi 

Teatr va televideniyeda o‘nlab rollarni ijro etgan mashhur artist 83 yoshida dunyodan ko‘z yumdi. 

Foto: O‘zbek Milliy akademik drama teatri

O‘zbekiston xalq artisti Tolib Karimov 83 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda O‘zbek milliy akademik teatri xabar berdi. 

Tolib Karimov 1940 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1961 yilda A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining aktyorlik fakultetini tugatgach, 1961—63 yillarda institut yo‘llanmasi bilan Ko‘qondagi Hamza nomli teatrda aktyor sifatida ijodiy faoliyatini boshlagan. Bu teatrda Said Ahmadning «Hasan-Husan» komediyasida militsioner, Odil Yoqubovning «Olma gullaganda» asarida Aziz, Lazutinning «Serjant militsiyasi» asarida serjant va boshqa bir necha rollarni ijro etgan. 

1963 yilda Hamza nomidagi O‘zbek Davlat (hozirgi O‘zbek Milliy) akademik drama teatriga ishga o‘tib, umrining oxiriga qadar shu yerda faoliyat ko‘rsatgan.

Shu davrda u g‘arb dramaturglari, rus va boshqa qardosh xalqlar, shuningdek o‘zbek dramaturglarining asarlari asosida sahnalashtirilgan qirqdan ortiq spektakllarda asosiy rollarni o‘ynadi. 

U yaratgan Yo‘lchi (Oybek, «Qug‘lug‘ qon»), G‘ofur (Hamza, «Boy ila xizmatchi»), general Kolotov (L.Sheynin, «Mudhish aybnoma»), Aziz (S.Azimov, «Zamon dramasi»), Cho‘pon (Sofokl, «Shoh Edip»), Ulug‘bek (Shayxzoda, «Mirzo Ulug‘bek»), Darvesh (M.Karim, «Oy tutilgan tunda»), shoh Ma’mun (Uyg‘un, «Abu Rayhon Beruniy»), Pinochet (Bichkov, «Men Chiliga ishonaman»), Abreskov (L.Tolstoy, «Tirik murda»), Azizboy (Izzat Sulton, «Istehkom»), Hojidarg‘a (T.To‘la, «Nodirabegim»), professor Ivanov (A.Safronov, «Yurak operatsiyasi»), Ahmad Tanbal (P.Qodirov, «Yulduzli tunlar»), Mirzakarim Qutidor (I.Sulton, «Abdulla Qodiriyning o‘tgan kunlari»), Husayn Boyqaro (Uyg‘un, I.Sulton «Alisher Navoiy»), Amir Temur (A.Samad, «Sohibqiron Temur») va boshqa obrazlar aktyor ijodida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. 

Mustaqillik aktyor ijodiga yangi ruh, yangi mazmun olib keldi. Bu yillarda u Said Baraka (A.Oripov, «Sohibqiron»), Doktor Tavin (A.Kassono, «Yetti faryod»), Imom (O.Yoqubov, «Bir koshona siri»), Tolib (H. Muhammad, «Xotinlar gapidan chiqqan hangoma»), Said Obid (M.Shayxzoda, «Mirzo Ulug‘bek») kabi obrazlarni yaratdi. 

Tolib Karimov ijodini televideniyesiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. U O‘zbekiston televideniyesida tayyorlangan o‘ttizdan ortiq telepostanovkalarda asosiy rollarni, shuningdek, «Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi» teleko‘rsatuvida ham ko‘plab asosiy rollarni ijro etgan. 

Tolib Karimovga 1987 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvoni berildi. 1989 yilda Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Aktyor 1997 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlandi.

Mavzuga oid