Jahon | 10:31 / 19.07.2023
4332
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Kiyevga nisbatan uzoq muddatli majburiyatlarni ko‘rib chiqishni boshlaydi

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga nisbatan uzoq muddatli majburiyatlarni muhokama qilishni boshlaydi. Ular qo‘llab-quvvatlash qat’iyligi haqida siyosiy signal bo‘lishi kerak, deya xabar berdi Bryussel.

Foto: EPA

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 20 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar kengashida ilk bor Ukraina xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha uzoq muddatli majburiyatlar bo‘yicha takliflarni taqdim etadi. Bu haqda 18 iyul, seshanba kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqining yuqori martabali rasmiy vakili ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, YeIning asosiy vazifasi - Ukraina oldidagi majburiyatlarni o‘rta va uzoq muddatda «ko‘proq oldindan taxmin qila olishga erishish».

Ukrainaga Yevropa Ittifoqidan harbiy yordam Yevropa tinchlik jamg‘armasi (YeTJ) orqali ko‘rsatilishda davom etadi, biroq Borrel uning doirasida alohida Ukraina mudofaa fondini yaratishni taklif qiladi. Buning uchun jamg‘arma hajmini sezilarli darajada oshirish kerak, biroq aniq miqdorlar hozircha aytilmagan, chunki buning uchun murakkab hisob-kitoblar va Yevropa Ittifoqi a’zolari bilan muhokamalar zarur, deb tushuntirdi yuqori martabali amaldor. «Ukraina uchun YeTJ ajratgan pul tez orada tugaydi, shuning uchun biz kelajak haqida gapirishimiz kerak», dedi u. 
 
YeI kengashi avvalroq YeTJni yana 3,5 milliard yevroga to‘ldirishga rozi bo‘lgan, ammo bu mablag‘lar faqat Ukraina uchun mo‘ljallanmagan. DW manbasiga ko‘ra, YeTJ doirasida alohida jamg‘arma yaratish masalasi, ehtimol, avgust oyining oxirigacha Yevropa Ittifoqi vazirlari darajasida muhokama qilinadi. «Gap bizning kelajakdagi xavfsizlik bo‘yicha majburiyatlarimizni kafolatlash uchun YeTJga katta budjet ajratish haqida ketyapti», dedi u. 

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlanganidan keyin mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan Ukrainadagi o‘z missiyasini jonlantirishga «tayyor». Bryusselning yana bir rejasi - ukrainalik harbiylarni tayyorlashni Yevropa Ittifoqi davlatlari hududidan Ukrainaning o‘ziga o‘tkazish. 

Bryusselga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Ukrainani uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlashning barcha jihatlari bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishga tayyor – nafaqat harbiy yordam, balki moliyaviy, diplomatik, shuningdek, uning YeIga kirishi jarayonida ham. Bu Yevropa Ittifoqining Ukrainaga sodiqligi qat’iy va keng qamrovli ekanligi haqida dunyoga siyosiy signal bo‘lishi kerak. 

Mavzuga oid