«90-yillardagi ahvolimizga qaytgandekmiz» - Andrey Loshak urush, vagnerchilar va hozirgi Rossiya haqida
Rossiyalik taniqli jurnalist Andrey Loshak Kun.uz muxbiri bilan suhbatda urush tufayli Rossiyani tark etgan intelligensiya, odamlarning kayfiyati va hozirgi Rossiya haqida gapirib berdi. U urush oilalarni qanday vayron qilgani haqida «Uzilgan aloqalar» hujjatli filmini suratga olgan; Rossiya uni «xorijiy agentlar» ro‘yxatiga kiritgan.
Andrey Loshak: Uzilgan aloqalar
Andrey Loshak – rossiyalik taniqli jurnalist. Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin mamlakatni tark etgan. 2022 yilda Current Time telekanali bilan hamkorlikda Rossiyaning Ukrainaga bosqini Rossiyadagi oilalarni qanday vayron qilgani haqida «Uzilgan aloqalar» («Razryv svyazi») nomli hujjatli film suratga olgan. Filmda yaqin odamlarning bir-birlari bilan muloqot qilish va eshitishni to‘xtatgani va rus televideniyesidagi jangari ritorikaning oilalar ichidagi shaxsiy munosabatlarga ta’siri hikoya qilinadi.
Ikki oy davomida muallif Rossiyada va xorijda yashovchi yetti oiladagi munosabatlar dinamikasini o‘rgandi. Filmda muallif ona va bola, er va xotin, aka-uka va opa-singillar bir-birlariga emas, balki shubhasiz televizorga ishonishi ko‘rsatilgan. U axborotni tanqidiy idrok qilishni unutgan jamiyat bir qismining shafqatsiz tashxisi, shuningdek, televizor yoqilib Rossiya kanallari qo‘yilgan paytda oila a’zolari o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yib bo‘lmasligining ayanchli isbotidir.
2023 yilda Rossiya adliya vazirligi Andrey Loshakni «xorijiy agentlar» reyestriga qo‘shdi. Vazirlik uni xorij agentlari tomonidan materiallarni yaratish va tarqatishda ishtirok etgan, Rossiya davlat organlari tomonidan qabul qilingan qarorlar va ularning siyosati, shu jumladan, mudofaa vazirligi faoliyati to‘g‘risida «salbiy ma’lumot» tarqatgan deb baholadi. Shuningdek, Ukrainadagi urushga qarshi chiqqan va «xorijiy tuzilmalar bilan faol hamkorlik qilgani» iddao qilindi.
Jurnalist Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ayrim savollarga javob berdi.
– YouTube orqali Rossiyada qolgan vatandoshlaringiz bilan muloqot qilishingizni aytasiz, ularning hozirgi kayfiyati qanday, nimalarni his qilishyapti?
– Hozir Rossiyadagilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot yo‘q. Ularning kayfiyatini, kechinmalarini videolarim ostidagi izohlardan bila olaman. Odamlar «Razryv svyazi» filmidan juda minnatdorligini ko‘ryapman. Filmda deyarli barcha rossiyaliklar uchun og‘riqli masala ko‘tarilgan.
Bu haqda televizorda gapirilmaydi. Filmni ko‘rib ularning dardini his qila oladigan kimdir borligini his qilishadi, shu sababli videolar ostida qoldirilgan izohlarning yarmi tashakkur va rahmatlardan iborat. «Rahmat, menda ham shunday holat» deb yozishadi.
– Rossiyani tark etgach, qanday faoliyat olib boryapsiz? Rossiya ichida bo‘lmay turib, qanday qilib filmlar suratga olyapsiz?
– Hozir men Current Time kanali bilan hamkorlikda filmlar suratga olishni davom ettiryapman. Rossiyada suratga olishim kerak bo‘lgan bir necha loyihalarim bor. Ulardan birining montaj jarayoni deyarli yakuniga yetdi. Rossiyada suratga olinadigan qismini yakunlasak, film tayyor bo‘ladi. Bu film Rossiya haqida, mamlakat ichida hali ham u yerda yashab ishlab yurgan rossiyaliklar tomonidan suratga olingan.
Hozircha Rossiyada bunday sxema asosida ishlashimni qo‘llab-quvvatlaydigan va bunda menga yordam beradigan odamlar bor. Shu sababli Rossiya ichidan film suratga olish imkoniyatim bor va men buni qilyapman.
– Urush boshlangach, Rossiyani tark etgan rus intelligensiyasining psixologik holatini aks ettiradigan filmlar suratga olish niyatingiz bormi?
– Hozircha ketganlar haqida biror film suratga olish rejamda yo‘q deb ayta olaman. Ammo men bu mavzuga keyinroq qo‘l urishim mumkin. Masalan, «bombardimon qilingan» va bir qismi Rossiyada qolgan Yandeks kompaniyasi haqida film suratga olish g‘oyam bor.
Aytish kerakki, kompaniya Rossiyadagi ayti kompaniyalar flagmani, boshqa istalgan davlatda katta muvaffaqiyat tarixiga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan kompaniya hozir shunchaki yo‘q qilib yuborildi. Kompaniya ta’sischisi Isroilga ketdi, jamoa taqdiri esa unga bog‘liq edi. Afsuski, bu umidlarning barchasi yo‘q qilindi. Shunday filmni suratga olish rejam bor, ammo qachon bilmayman, anig‘i shuki, bu g‘oyam tez orada amalga oshadi.
Ma’lumot uchun, Ukraina bosqinidan 7 kun o‘tgach, Google qidiruv tizimining Rossiyadagi raqobatchisi sanalgan Yandeks kompaniyasi ta’sischisi Vladimir Belugin oilasi bilan mamlakatni tark etadi. Urush tufayli, 2022 yilda 100 mingdan ziyod ayti mutaxassislari va 1000 dan ortiq xorij kompaniyalari Rossiyadan chiqib ketdi.
– «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojinning harakatlarini qanday baholaysiz? Bu hokimiyat uchun kurash edimi yoki boshqa maqsadlar bor edimi?
– Bundan asosiy maqsad nima edi men bilmayman. Shu sababli men har ikki tomonni kuzatgan odam sifatida fikr bildira olaman. Menimcha, bu keysning mohiyati oddiy. Zo‘ravonlik davlat siyosatining bir qismiga aylanib bo‘lgandi. To‘g‘ri, bu zo‘ravonlik avvaliga ichkarida boshlandi, bu muxolifatni bostirish, yo‘q qilish va hokazolarda ko‘rindi. Keyin u tashqi siyosatga ko‘chdi, zo‘ravonlik qonuniylashtirildi.
«Vagner» o‘zi nima – «Vagner» bu qotillar otryadi, unga qotillikni qonuniy amalga oshirishga ruxsat berib qo‘yilgan va buning uchun ularga juda yaxshi haq to‘lanadi. Aslida bu narsa qanday boshlanadi? Davlat siyosatining bir qismi sifatida qandaydir ichki qarama-qarshilik bor edi va bu muqarrar vositaga aylandi. Buning uchun tayyor armiya – «Vagner» bor. Ularning ham o‘zining qandaydir manfaatlari bor, «Vagner» bu manfaatlari doirasida kimdir tomonidan xafa qilinganini his qildi. Ya’ni o‘sha kimdir mudofaa vaziri Sergey Shoygu edi.
Keyin ular zo‘ravon tilida gaplashishni boshlashdi. Bu men uchun banditlarning «razbori»dan boshqa narsa emas. Rossiya rivojlanish o‘rniga orqaga qaytishni boshladi, biz banditlar ko‘chada «razbor» qiladigan 90-yillardagi ahvolimizga qaytgandekmiz.
Ular qonli to‘qnashuv uyushtirishdi. O‘ylaymanki, haqiqatan Rossiya hozir ko‘p odamlar zo‘ravonlik qilish huquqiga ega va buning uchun yaxshi maosh olishi mumkin bo‘lgan tartibsizlik va prinsipial chegara bo‘lmagan holatda.
Ammo bu hol e’tibordan chetda qolmaydi, bu qonunsizlik bir nuqtada Ukrainada qayta boshlanganidek, tugaydi va Rossiyada boshlanadi. Shu ma’noda Putin xavfli tavakkal qilyapti. Bu urush odamni aqldan ozdirishining yana bir sabablaridan, chunki urush odamning o‘z oyog‘i ostiga bomba qo‘yadi.
Madina Ochilova suhbatlashdi
Mavzuga oid
10:11
Germaniya Ukrainada halok bo‘lgan 10 fuqarosi haqida ma’lumotga ega
09:31
Yevropa Baydendan ketishidan oldin Ukrainaga yordamni oshirishni so‘ramoqda
17:24 / 14.11.2024
The Times: Kiyev bir necha oy ichida oddiy atom bombasini yaratishi mumkin
16:08 / 14.11.2024