Turkiya Navoiyda marmar qazib olish va arzon uy-joylar qurish loyihasini amalga oshirmoqchi
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi delegatsiya amaliy safar bilan Turkiyaga bordi.
Viloyat hokimligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, safarning birinchi kunida delegatsiya a’zolari Sarıkoç Holding kompaniyasi rahbariyati muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, joriy yil yakuniga qadar Navoiyda O‘zbekiston-Turkiya biznes-forumini o‘tkazish masalasi kelishib olindi. Sarıkoç Holding kompaniyasi tomonidan Konimex tumanida donador fosforit qazib olish va qayta ishlash hamda tekstil va to‘qimachilik sanoatida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Viloyat delegatsiyasi vakillari tashrif doirasida Orbak Metal Industry, Lidya Granit Mermer, KNDF Group, TIW Company singari yirik turk kompaniyalari rahbarlari bilan ham muzokaralar olib borishdi.
Orbak Metal Industry kompaniyasi tomonidan Navoiy shahrida vodorod peroksidi ishlab chiqarish, Lidya Granit Mermer kompaniyasi tomonidan viloyatda marmar va granit qazib olish va qayta ishlashni tashkil etish, KNDF Group kompaniyasi tomonidan turizm sohasida loyihalarni amalga oshirish hamda TIW Company kompaniyasi bilan qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish loyihalari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Viloyat delegatsiyasi vakillari, shuningdek Istanbul sanoat va erkin savdo zonasi (Desbash)da bo‘lib, investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, infratuzilmaga ega yer maydonlari, binolar, yopiq maydonlar, umumiy va shaxsiy omborlar, ofislar va ochiq aksiyadorlik maydonlari bilan tanishdi.