O‘zbekiston | 09:21 / 21.07.2023
4341
3 daqiqa o‘qiladi

AQShning Pensilvaniya shtati O‘zbekistonda qo‘ziqorin yetishtirishni yo‘lga qo‘ymoqchi

AQShning Pensilvaniya shtatidagi Chester okrugida joylashgan Xalqaro aloqalar kengashi markazida O‘zbekistonning eksport va investitsiya salohiyatiga bag‘ishlangan biznes forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo».

Foto: agronet

Unda Pensilvaniya global biznes maslahatchilari kengashi (Pennsylvania Global Business Advisors) a’zolari, ushbu shtatning iqtisodiy rivojlangan hududlaridan biri - Chester okrugi ishbilarmon doiralari, xususan, Lockheed Martin, Fulton Bank, Biotechnology Innovation Organization singari muassasalari, Amerika-Bolgariya tadbirkorlar uyushmasi, Worldupstart konsalting firmasi, G‘arbiy Chester universiteti va boshqa bir qator tashkilot va korxonalar vakillari qatnashdi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida mamlakat va Pensilvaniya shtati o‘rtasida tadbirkorlik munosabatlarini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, biotexnologiyalar va yashil energiya sohasida AQShning ilg‘or tajribasini o‘rganish va joriy qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mavjud aloqalarni kengaytirish masalalari asosiy mavzu bo‘ldi.

Chester okrugi ishbilarmon doiralari mintaqaning iqtisodiy salohiyati va hamkorlik nuqtalari haqida fikr bildirar ekan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va ularni qadoqlashning ilg‘or texnologiyalarini O‘zbekistonda joriy qilish istiqbolli yo‘nalishlardan biri ekanini aytdi. Chester okrugi iqtisodiy rivojlanish kengashi prezidenti Mayk Grigalonis so‘zlariga ko‘ra, ushbu hududda AQShning 50 foiz qo‘ziqorin mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalari joylashgan bo‘lib, ular O‘zbekistonda qo‘ziqorin yetishtirishni yo‘lga qo‘yish va uni mamlakat va tashqi bozorlarda sotishga qiziqish bildirmoqda. To‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Mayk Grigalonis ushbu masalasini birgalikda ishlab chiqishni taklif qildi.

AQShdagi Amerika-Bolgariya tadbirkorlar uyushmasi prezidenti Eliz Nestorov mamlakat to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish borasida amalga oshirgan ishlariga baho berar ekan, O‘zbekiston tayyor trikotaj mahsulotlari AQSh chakana savdo brendlari orasida raqobatbardosh bo‘la olishini aytdi. U uyushma a’zolari va AQShdagi hamkorlar, shu jumladan, Michael Kors brendi bilan birgalikda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yengil sanoat mahsulotlarini eksport qilish masalasini ishlab chiqishga tayyor ekanini bildirdi.

Biznes-forum davomida AQShning Biotechnology Innovation Organization (BIO) tashkiloti vakili O‘zbekiston va Yevrosiyo mintaqasi istiqbolli bozor ekanini alohida ta’kidladi. Mavjud iqtisodiy imkoniyatlarni hisobga olgan holda tashkilot vakili biotexnologiya sohasidagi so‘nggi innovatsiya va yangiliklarni O‘zbekistonga olib kirish hamda respublikada tashkilot a’zolarining vakolatxonasini ochishni taklif etdi.

Barqaror elektronikani qayta ishlash va yashil energiya sohasida faoliyat yurituvchi Sycamore International kompaniyasining asoschisi va direktori Stive Figgatt mamlakatning ushbu sohada amalga oshirgan islohotlari va kelajakdagi rejalari alohida e’tiborga loyiq ekanini bildirdi. U O‘zbekistonga o‘z texnologiyalarini olib kirish orqali Markaziy Osiyo bozoriga chiqishga katta qiziqish bildirayotganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid