O‘zbekiston | 15:12 / 23.07.2023
26387
23 daqiqa o‘qiladi

Futbolga imtiyoz, kambag‘allik chegarasi va antireytingdagi so‘m - hafta dayjesti

Qop-qop pul berilayotgan futbol klublariga qop-qop imtiyozlarning yangi dozasi: endi legionerlar ham soliq to‘lamaydi. Oyiga 568 ming so‘mdan ko‘p pul topgan odam kambag‘al emas: statistika organi iqtisodchi bilan bahslashdi. Navoiy-ko‘chada ko‘prik qurilishi: foydasidan zarari ko‘p ortiqcha xarajat. Haftaning asosiy mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Futbol – soliqdan ozod

Avvalgi hafta askiya va qiziqchilik san’atini rivojlantirish uchun budjetdan doimiy ravishda katta mablag‘ ajratish yo‘lga qo‘yilayotgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarni keltirib chiqargan edi. Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi “Paxtakor” klubidagi oyliklar va boshqa xarajatlar uchun, Yoshlar ishlari agentligi esa yoshlarga mo‘ljallangan motivatsion treninglar uchun milliardlab pul ajratayotgani ham tanqidlarga sabab bo‘lgandi.

Budjet, ya’ni soliq to‘lovchilarning pullarini qayerga ishlatish va kimga qanaqa soliq imtiyozi berish masalasi bu hafta ham faol jamoatchilik kun tartibida turdi. Xususan, futbol klublarining deyarli barcha soliqlardan ozod qilingani e’tirozlarni keltirib chiqardi.

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish bilan, futbol tashkilotlari ijtimoiy soliqdan boshqa birorta ham soliqni to‘lamaydigan bo‘ldi. Ularga bu borada berilgan imtiyoz muddati 2026 yilgacha uzaytirildi. Futbol tashkilotlari bundan keyin ham ko‘plab turdagi tovarlarni O‘zbekistonga QQS to‘lamasdan olib kirishda davom etaveradi. Qonundagi asosiy yangilik shu bo‘ldiki, endilikda nafaqat chet eldan kelgan futbol mutaxassislari, balki legioner futbolchilar ham daromad solig‘idan ozod qilindi.

E’tirozlarga sabab bo‘layotgan birinchi holat ham ana shunda. O‘zbekistonda hatto 800 ming so‘m maoshga ishlaydigan hamshira ham oyligidan 12 foiz daromad solig‘i to‘layotgan paytda, nega maoshining miqdori millionlab yevrogacha yetadigan legionerlar bir tiyin ham soliq to‘lamaydi? Yoki qaysi mantiqqa ko‘ra mahalliy trener to‘laydigan soliqni chet ellik trener to‘lamasligi kerak?

Umuman, futbol – 2016 yildan keyingi davrda islohotlarning hatto shabadasi ham yetib bormagan sohalardan biri bo‘lib qolyapti. Bu islohot qanaqa bo‘lishi kerak deganda esa, ideal variantda, davlat professional futboldan butkul chiqib ketishi kerak. Shunchaki tan olish kerakki, O‘zbekiston arab davlatlari kabi boy emas. O‘nlab klublar va ularga qo‘shib o‘g‘ri amaldorlarni boqishga sarflanayotgan trillionlarni boshqa, bundan karrasiga foydali yo‘nalishlarga sarflash to‘g‘riroq bo‘lardi.

Davlatning futboldan ketishi, ya’ni hokimliklar va davlat kompaniyalari tomonidan klublarni moliyalashtirish to‘xtatilishi, uzoqroq muddatda bo‘lsa ham, hozirgidan ko‘ra sog‘lomroq, hozirgidan ko‘ra qiziqroq va hozirgidan ko‘ra kuchliroq raqobatga ega futbol bozorining tabiiy ravishda yuzaga kelishiga yo‘l ochadi. Futbolda davlatning hozirgidek mutlaq monopoliyasi saqlanib qolishi esa, xuddi siyosiy va iqtisodiy monopoliyalar kabi, rivojlanishga to‘g‘anoq bo‘lib qolaveradi. Hozirgi tizim milliy jamoamizni qachonlardir, bir amallab jahon chempionatiga olib chiqishi mumkin, lekin hech qachon mundialdagi autsayderlar ro‘yxatidan olib chiqa olmaydi. Boshqacha aytganda, mabodo jahon chempionatiga chiqsak ham, faqat muzqaymoq yalashgagina boramiz xolos.

Toshkentning qoq markazida ko‘prik?

Davlat budjetini oqilona boshqarish masalasi – eng ko‘p xarajat qilinadigan poytaxt Toshkentda doim aktual. Bu safar Alisher Navoiy ko‘chasida yo‘l o‘tkazgich qurilishi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu tarixiy shohko‘chaning Abay va Botir Zokirov ko‘chalari bilan kesishgan chorrahasida avtomobillar uchun ko‘prik qurilishi ko‘zda tutilgan. Bunga sabab sifatida bu chorrahada tirbandliklar yuzaga kelayotgani ko‘rsatildi.

Faollar bu qurilishning iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik va estetik oqibatlaridan jiddiy xavotirda. Iqtisodiy tomondan, ko‘prikni qurish davlat budjetiga bir necha million dollarga tushadi. Lekin eng asosiysi, shuncha mablag‘ amalda havoga sovurilgan bo‘lib chiqishi ehtimoli katta. Chunki shaharlarda yo‘llarni kengaytirish, ko‘priklar qurish tirbandlik muammosini hal qilmaydi, aksincha, vaziyatni battar yomonlashtiradi. Bu – xalqaro tajribada ham, Toshkentning o‘zidagi tajribada ham qayta-qayta o‘z isbotini topib bo‘lgan. Qisqa qilib tushuntirganda, avtomobillar uchun qancha ko‘p sharoit yaratilsa, shuncha ko‘p odam shaxsiy avtomobil sotib ola boshlaydi, natijada yaratilgan sharoit tirbandlikning battar oshishiga sabab bo‘ladi.

Rivojlangan davlatlarda bu borada allaqachon ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilgan va ularda o‘xshash xulosalarga kelingan. Ya’ni shaharlarda avtomobillar harakatini imkon qadar qiyinlashtirish va qimmatlashtirish, jamoat transportini rivojlantirish orqali uning nisbiy afzalligini oshirish, ko‘chalar va chorrahalarning geometrik parametrlarini oqilona tashkil qilish, avvalo piyodalar va jamoat transportiga ustunlik berish, velosipedlar uchun sharoit yaratish va aqlli svetoforlarga o‘tish kabilar tirbandliklarga qarshi eng samarali yechimlar deb topilgan.

Masalaning ijtimoiy, ekologik va estetik tomonlari esa taklif etilayotgan ko‘prikning joylashuvi bilan bog‘liq. Zamonaviy shaharsozlikda umumqabul qilingan prinsiplarga ko‘ra, shaharlarning ayniqsa markaziy hududlarida avtomobillar uchun ko‘priklar qurilmaydi, chunki bunday loyihalar odamlar bilan gavjum va jonli ijtimoiy makonlarni sovuq beton egallagan o‘lik hududga aylantirib qo‘yadi. Qolaversa, bu qurilish natijasida tarixiy ko‘cha bo‘lmish Navoiy shohko‘chasining qiyofasiga jiddiy putur yetadi. Boz ustiga, tarixiy binolardan biri buzilishi, daraxtlar kesilishi mumkin.

O‘zbekistonlik urbanistlar va boshqa sohalar vakillari bu masalada o‘z qarashlarini bildirib, hukumatni ko‘prik qurish loyihasini bekor qilishga chaqiryapti. Prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov bu chaqiriqlarga javoban, xulosa chiqarishga hali erta ekanini aytdi.

“Shaharda tirbandlik masalasi dolzarb muammo bo‘lib turibdi. Yildan yilga vaziyat og‘irlashyapti. Agar bunday loyiha bo‘ladigan bo‘lsa ham, uni ishlab chiqishga eng yaxshi mutaxassislar jalb etiladi va, tabiiyki, jamoatchilik fikri inobatga olinadi. Hozir esa biror-bir xulosa chiqarish yoki taxminlar bildirishga erta”, – dedi Sherzod Asadov.

Ma’lumot uchun, prezident Shavkat Mirziyoyev saylovoldi kampaniyasi davomida Toshkentning ko‘p tirbandlik bo‘ladigan ko‘chalarida 12 ta yo‘l o‘tkazgich qurilishini aytgandi. Bu ko‘priklar qayerlarda qurilishi ma’lum emas.

Rasmiy kambag‘allik chegarasi – 568 ming so‘m

O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari miqdori nihoyat oshirildi. Statistika agentligi 2023 yil uchun hisoblangan qiymatni kishi boshiga 1 oyda 568 ming so‘m deb belgiladi. Minimal iste’mol xarajatlari bir vaqtning o‘zida kambag‘allik chegarasi ekanini inobatga olsak, oilada kishi boshiga to‘g‘ri keladigan oylik daromad 568 ming so‘m yoki taxminan 50 dollardan kam bo‘lsa, bu oila rasman kambag‘al hisoblanadi. Misol uchun, 4 kishidan iborat oilaning jami oylik daromadi 2 mln 272 ming so‘mga yetmasa, davlat bu oilani rasman kambag‘al deb hisoblab, ijtimoiy to‘lovlar to‘lash va boshqa choralar orqali oilaning oylik daromadini 2 mln 272 ming so‘mga yetkazishga harakat qiladi.

Minimal iste’mol xarajatlari bundan avval oxirgi marta 2022 yil yanvar oyida 498 ming so‘m deb belgilangan edi. Kuni kecha e’lon qilingan yangi miqdor bundan 14 foizga ko‘p. Lekin oradan o‘tgan bir yarim yil davomida 16 foizdan ko‘p rasmiy inflatsiya qayd etildi. Bu esa aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga to‘lanadigan nafaqalarning inflatsiya darajasidan past sur’atda oshirilishiga asos bo‘lishi mumkin.

Ayni shu sabab bilan jamoatchilik faoli, iqtisodchi Otabek Bakirov yangi kambag‘allik chegarasi adolatsiz bo‘lganini aytib, Statistika agentligi bilan bahslashib qoldi. Agentlik barcha hisob-kitoblarni belgilangan tartibda amalga oshirganini ta’kidlab, iqtisodchini o‘z kanalida doim negativ postlar yozish orqali xalqning g‘azabini qo‘zg‘ashda aybladi. Ta’kidlash kerak, bu davlat idorasi va Otabek Bakirov o‘rtasidagi tortishuvlarning birinchisi emasdi. Bu safargi bahs tomonlarning bevosita uchrashib, gaplashib olishlariga zamin yaratdi, lekin uchrashuv muloqotgacha yetib bormay, mojaro bilan yakun topdi.

Daryo.uz saytining yozishicha, sayt vakillari ikki tomonga o‘zaro ochiq muloqot tashkil qilish taklifi bilan chiqqan va ular bunga rozi bo‘lgan. Uchrashuv vaqti kelganida, Statistika agentligi direktori Bahodir Begalov qo‘l ostidagi qator xodimlari bilan birga sayt studiyasiga kelib, yuqoridan ruxsat so‘ramagani uchun OAVda chiqish qila olmasligi, bu yerga intervyu berish uchun emas, Otabek Bakirov bilan ochiq muloqot qilish uchun kelganini aytgan va jurnalistning xonadan chiqib ketishini talab qilgan. Uning bu talabi rad etilgach, jamoasi bilan studiyani tark etgan.

Statistika agentligi esa kelishuv boshqacharoq bo‘lganini ta’kidlab bayonot berdi. Rasmiylarga ko‘ra, tomonlar ochiq muloqot norasmiy suhbat shaklida bo‘lishiga va bu suhbat videoga olinmasligiga kelishib olgan. Studiyaga borishganida esa, jurnalistlarning etikasi va harakatlari ularni ranjitgan. Bayonotda mas’ullarni jurnalistlarning qo‘polligi norozi qilgani sabab ular studiyani tark etgani aytiladi. Agentlik o‘z rasmiy munosabatiga nasihat ohangidagi 7 ta aforizmni ilova qilgan. Ulardan birida, masalan, shunday deyiladi: “Inson bolasining ming bir qusurlaridan biri shuki, u o‘zining qusurlaridan ko‘ra, begona kimsaning qusurlarini sanashni afzal ko‘radi”.

So‘m – eng kuchsiz valutalar qatorida

AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymati yana yangi maksimumni qayd etdi. Juma kuni o‘zbek banklarida dollar kursi 11 670 so‘mgacha ko‘tarildi. Bu – o‘tgan hafta qayd etilgan tarixiy maksimumdan 20 so‘mga qimmatroq. Bunday o‘sish tendensiyasi saqlanib qolgan taqdirda, yaqin orada 11 700 so‘mlik yangi psixologik nuqta ham zabt etilishi mumkin.

Shu hafta Markaziy bank e’lon qilgan hisobotdan ma’lum bo‘lishicha, regulyator saylovdan oldin so‘mning barqarorligini saqlash uchun valuta bozorida yirik intervensiyalarni amalga oshirib kelgan. Yilning ikkinchi choragi – aprel-iyun oylaridagi jami intervensiyalar hajmi 2,4 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu – o‘tgan yilning birinchi choragidagi ko‘rsatkich bilan teng. O‘shanda Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan dollar kursi keskin ko‘tarilgan edi.

Shu hafta Forbes nashri e’lon qilgan reytingga ko‘ra, o‘zbek so‘mi muomalaga kiritilganidan buyon AQSh dollariga nisbatan 1657 barobarga qadrsizlangan. Bunday natija bilan O‘zbekiston milliy valutasi dunyodagi eng zaif valutalar o‘nligiga kirdi. Ma’lum bo‘lishicha, dollarga nisbatan nominal qiymati bo‘yicha olganda, so‘m dunyodagi eng zaif 10 ta valuta orasida 7-o‘rinda turadi.

Ma’lumot uchun, uzoq 1994 yilda, so‘m muomalaga kiritilgan kunda respublika valuta birjasida 1 AQSh dollarining qiymati roppa-rosa 7 so‘mga teng bo‘lgan. Lekin ko‘p o‘tmay, hukumat iqtisodiy siyosatida yo‘l qo‘yilgan mudhish xato so‘mning katta tezlikda qadrsizlanishiga sabab bo‘lgan. Bu haqda 90-yillarda Markaziy bankda iqtisodchi bo‘lib ishlagan Komiljon Akramov so‘zlab berdi. U hamkasbi Behzod Hoshimovning 90-yillarda iqtisodiy siyosatdagi qaysi xato burilish nuqtasi bo‘lgani haqidagi savoliga javob berarkan, hammasi 1997 yildagi og‘ir iqtisodiy vaziyatda hukumatning pul bosib chiqarishga qaror qilganidan keyin boshlanganini aytdi.

“1996 yil qishloq xo‘jaligida qiyin yil bo‘lgan. Paxta planlar bajarilmagan, yerlar haydalmay qolib ketgan. […] O‘sha paytda, endi, 1996 yil oxiri, 1997 yil boshlarida yerni haydash kerak, boshqa qilish kerak. Oson yechim – pul bosib chiqarish bo‘lgan. Xalqaro valuta jamg‘armasi bunga qarshi bo‘lgan. Lekin yechim kerak. O‘sha paytda qishloq xo‘jaligining iqtisodiyotdagi roli juda katta bo‘lgan.

Markaziy bankda aholi qo‘lidagi bo‘sh pul mablag‘larini jalb qilish kerak degan fikr bo‘lgan. Lekin bu narsa bo‘lmagan. Oxirgi yechim shu bo‘lganki, pul chop qilingan. Natijada iqtisodiyotga katta miqdorda ta’minlanmagan pul massasi kiradi va bu pullar aylanib-aylanib valuta bozoriga kirib keladi, valutaga talab oshib ketadi. Boshqa tomondan, oltin va paxta narxlarining pasayishi sababli valuta tushumlari kamayib ketyapti. Ikki tomonlama iqtisodiy shok kelib chiqqan. Natijada konvertatsiyani yopishga majbur bo‘lishgan. O‘sha paytda kursning pastga tushib borishiga qo‘yib berish ham yechim bo‘lardi, ha, qiyin, ammo to‘g‘riroq yechim bo‘lardi”, – deydi u.

Komiljon Akramovning aytishicha, o‘sha vaqtda Xalqaro valuta jamg‘armasining bosh direktori o‘rinbosari bo‘lgan mashhur makroiqtisodchi Stenli Fisher O‘zbekistonga kelib, prezident Islom Karimov bilan uchrashgan, lekin uning tashrifi ham ulkan xato qarorlar qabul qilinishining oldini ololmagan. Katta miqdorda pul chop qilinganidan keyin, Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekistondagi barcha dasturlarini yopib, doimiy vakilini olib ketgan. Siyosiy elita esa bitta xato ortidan boshqa xatolarni qilavergan. Yana pul chop etilgan, naqd pulni cheklash boshlangan, naqd va naqdsiz pul o‘rtasida farq paydo bo‘lgan. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda o‘sha vaqtlarda yopilgan valuta konvertatsiyasi oradan 20 yil o‘tib, 2017 yilga kelibgina ochilgan edi.

Shov-shuvli sud ishlari

Hafta davomida bir nechta sud jarayonlari jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib turdi. Toshkent viloyati apellyatsiya sudi sinfdoshlariga nashida havolasini yuborgan uchun 3 yilga qamalgan Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu esa yana sudlar va qonunlar ustidan tanqidlarni alatgalatdi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning e’tibor qaratishicha, Qo‘qon va Jizzax shaharlarida ham xuddi shunday mazmundagi jinoiy ishlar sudlarda ko‘rib chiqilgan va ikkala holatda ham sudlanuvchi yigitlarga ozodlikni cheklash, ya’ni uy qamog‘i jazosi berilgan. Toshkent viloyatidagi sudyalardan farqli ravishda, Qo‘qon va Jizzaxdagi sudyalar nima uchun bunday turdagi jazo berganini tushuntirib bergan.

Jahongir Ulug‘murodovning himoyachilari hukm yuzasidan endi Oliy sudga kassatsiya shikoyati kiritdi. Kun.uz'ning ish tafsilotlaridan xabardor manbasiga ko‘ra, Oliy sud yosh yigitga nisbatan birmuncha yengilroq jazo tayinlashi mumkin. Bundan tashqari, yil oxirigacha prezident tomonidan 2 marta – Mustaqillik va Konstitutsiya bayramlari arafasida afv e’lon qilinishi, Ulug‘murodov afv etilganlar ro‘yxatiga kiritilishi ehtimoldan xoli emas.

Seshanba kuni yana bir shov-shuvli sud jarayoni o‘z ishini boshladi. Shayxontohur tumani sudida Telegram'dagi Kompromatuzb kanali orqali davlat amaldorlariga tovlamachilik qilganlikda gumonlanayotgan to‘rt nafar sudlanuvchi ustidan birinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Avvaliga ochiq tarzda, jurnalistlar ishtirokida boshlangan protsess, ayrim sudlanuvchilarning iltimosiga ko‘ra, yopiq ko‘riladigan bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, bu ish doirasida Mehnat vazirligining sobiq matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sobiq matbuot kotibi Siyovush Hoshimov, Human.uz sayti asoschisi Xurshid Daliyev va fuqaro Ahmadullo Ahmadjonovga nisbatan tergov organi tomonidan ayblov e’lon qilingan. Jinoyat ishida jami 19 nafar jabrlanuvchi qayd etilgan. Ular orasida sobiq mehnat vaziri Nozim Husanov, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining sobiq direktori Afzal Irmatov, Andijon shahar hokimi G‘ofurjon Abdurahmonov ham bor.

Poytaxtning Mirobod tumanida 25 iyul kuni bloger Abduqodir Mo‘minov ustidan sud jarayoni boshlanadi. Fevral oyi boshida hibsga olingan Mo‘minov tovlamachilik, firibgarlik, shaxsiy hayot daxlsizligini buzish va boshqa jinoyatlarda ayblanyapti. Ayblov xulosasiga ko‘ra, jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchilar soni 14 nafar bo‘lib, ularga sudlanuvchi tomonidan jami 900 mln so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan bo‘lishi mumkin.

Toshkentda, shuningdek, xorazmlik pedofil amaldorlar ishi yuzasidan birinchi sud ajrimi qabul qilindi. Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasi ishni Xorazm viloyati prokuraturasiga yubordi. Prokuratura, sudning talabiga asosan, Xorazm viloyat Adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazovga yangi ayblov bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish va ulardan boshqa shaxslarni ham jinoiy javobgarlikka tortish masalasini hal qilishi kerak. Jinoyat ishini sudda ko‘rish esa 1 oy muddatga to‘xtatildi.

Qo‘shimcha tergov o‘tkazish Bosh prokuraturaga emas, Xorazm viloyati prokuraturasiga topshirilgani tergovning xolis o‘tishi yuzasidan xavotirlarni ham yuzaga chiqaryapti. Chunki oylar davomida mehribonlik uyi qizlari bilan jinsiy aloqa qilib kelgan bu ikki amaldorning og‘ir jazodan qutulib qolishida Xorazmdagi prokuratura organlarining ham hissasi bor. Ular sudning jinoyatchilarga juda yengil jazo tayinlangan hukmiga rozi bo‘lib, apellyatsiyaga shikoyat kiritmagan edi. Eslatib o‘tamiz, Masharipov va Kuryazovga nisbatan hozirga qadar biror ehtiyot chorrasi qo‘llangani yo‘q.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Nyu-Yorkning Bruklin tumanida 15 yoshli samarqandlik yigit otib o‘ldirildi. Faridun Mavlonov ikki guruh yigitlar o‘rtasidagi janjal qurboni bo‘ldi. Ular orani ochiq qilib olish uchun uchrashgan paytda yigitlardan biri, 17 yoshli o‘smir yonidan to‘pponcha chiqarib, duch kelgan tomonga qarata 7 marta o‘q uzgan, ulardan Faridunga kelib tekkan. Janoza marosimiga Nyu-York shahri meri Erik Adams ham kelib, uning yaqinlariga ta’ziya izhor qildi.

Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga rasmiy tashrifi davomida Umra amallarini bajardi. “Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi birinchi sammitda qatnashgan prezident, ikki mintaqa o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro bog‘liqlik to‘g‘risida bitim qabul qilish, erkin savdo hududi va vizasiz turistik makon yaratishni taklif qildi. Bu formatdagi ikkinchi sammit Samarqandda o‘tkaziladi.

Toshkentda yana bitta ko‘p qavatli uyning tepasida qurilish qilingani ma’lum bo‘ldi. Shayxontohur tumani Labzak ko‘chasidagi 10 qavatli yangi uyning 10-qavatida yashaydigan fuqarolar uyining tomiga qo‘shimcha bino qurishga qaror qilgan. Qurilish inspeksiyasi fuqarolardan noqonuniy qurilmalarni buzishni talab qildi. Avvalroq shunga o‘xshash holat Yangihayot tumanida ham aniqlangan edi.

Bosh vazir Abdulla Aripov Toshkentda yangi uyga pul to‘lab aldangan fuqarolar bilan uchrashdi. U mingdan ortiq fuqaroning muammosi bo‘lgan bu holat prezident nazoratida turganini aytib, masalani qonuniy hal qilib berishga va’da berdi. Hukumat komissiyasi xulosasidan garovga qo‘yilgan kvartiralarni quruvchining boshqa kvartiralariga almashtirish, uylar qurilishini boshqa quruvchini jalb qilgan holda oxiriga yetkazish va boshqa takliflar o‘rin olgan.

O‘zbekistonda jinoyatchilik darajasi keskin o‘syapti. Oliy sud e’lon qilgan statistik raqamlarga qaraganda, oxirgi 4 yilda sudlarda ko‘rib chiqilgan jinoyat ishlari va sudlanuvchilar soni 2 barobarga, ozodlikdan mahrum qilinganlar soni esa 3 barobarga oshgan. Fikrimizcha, bu darajadagi keskin o‘sishning sabablari yuzasidan asosli tushuntirishlar berilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.

YPX xodimlari haydovchilarga ko‘chma radarlar orqali qonunni buzgan holda jarimalar yozayotgani ma’lum bo‘ldi. Kun.uz'ning aniqlashicha, Oliy sud kamida bitta holatda ko‘chma radardan kelgan jarimani bekor qilgan. Bunga sabab, qonunchilikka ko‘ra, YPX xodimi haydovchiga nisbatan bayonnoma tuzish uchun ko‘chma radardagi tezlik ko‘rsatkichini unga ko‘rsatishi kerak. Amalda esa, YPX inspektorlari uch oyoqli moslama yoki “Nexia-3” avtomobiliga o‘rnatilgan radardagi ko‘rsatkichni deyarli hech bir holatda haydovchilarga ko‘rsatmaydi. Haydovchilar radarga tushganini jarima qog‘ozini olgan paytdagina biladi. Oliy sudning qarori boshqa haydovchilarda ham jarimani bekor qilishni so‘rab arz qilish imkoniyati borligini ko‘rsatadi.

Mavzuga oid