Jahon | 17:59 / 24.07.2023
64646
12 daqiqa o‘qiladi

Moskvaga dronlar hujumi: ulardan biri mudofaa vazirligi yaqiniga quladi. Bu haqda nimalar ma’lum?

Moskvaga ikkita dron hujum qildi. Biri biznes markaz binosiga urilgan, ikkinchisi RF mudofaa vazirligi binolari yaqinida qulagan.

Foto: TASS

Dushanba kuni erta tongda Moskvadagi ikkita turar joy binosiga ikkita dron kelib urildi. Bu binolardan biri Rossiya mudofaa vazirligi binosiga juda yaqin joylashgan. Vazirlik esa dronlarni yo‘nalishdan og‘dirishga muvaffaq bo‘linganini bildirgan. Bu may oyi boshidan buyon Moskvaga uchinchi hujum bo‘ldi. Bu safargisi Odessa bir hafta davomida yoppasiga o‘qqa tutilishi ortidan ro‘y berdi.

«Bugun ertalab taxminan soat to‘rtlar atrofida ikkita noturar joy binosiga  dronlar zarbalari qayd etildi. Jiddiy vayrongarchiliklar va jabrlanganlar yo‘q», — deya yozgan Moskva meri Sergey Sobyanin soat 4:50 da o‘z telegram-kanalida.

Mer «binolarga zarba berish» iborasini qo‘llagan, biroz keyinroq esa mudofaa vazirligi ukrain dronlari «halokatga uchragani»ni ma’lum qildi. Vazirlik ularning soni ikkita bo‘lgani, ikkisi ham radioelektron kurash vositalari orqali «ishdan chiqarilgani»ni bildirdi.

«24 iyul kuni ertalab Kiyev rejimining ikkita uchuvchisiz uchar apparat orqali Moskva shahri hududidagi obektlar bo‘ylab terrorchilik hujumi uyushtirishga qaratilgan urinishlari bartaraf etildi. Radioelektron kurash vositalari yordamida ukrainlarning ikkita droni bostirildi va halokatga uchradi», — deya tasdiqlagan vazirlik. Zarbalar oqibatida jabrlanganlar yo‘qligi ma’lum qilingan.

Shu bilan birga, dronlar nima uchun Moskvaga kirishidan oldin emas, faqat shahar ichkarisida yo‘nalishdan og‘dirilgani tushunarsiz qolgan. May oyi oxiri va iyul oyi boshida dronlar Rossiya poytaxtiga kirmasdan urib tushirilgandi.

Bu safargi hujum oqibatida dron kelib urilgan binolardan kamida bittasi jiddiy shikastlangan — Lixachev prospektidagi ko‘p qavatli biznes markazi binosining ikkita yuqori qavati. Komsomolskiy prospektidagi shikastlanish darajasi esa arzimas darajada ekani ma’lum bo‘ldi.

Dron kelib urilishi oqibatida Lixachev prospektidagi biznes markazining ko‘p qavatli binosi fasadi vayron bo‘lgan. Foto: TASS

Telegram-kanallarda Moskva osmonida shovqin ko‘tarib parvoz qilayotgan dronlar, shuningdek shahardagi ko‘p qavatli binolar ustida ko‘tarilgan tutun aks etgan videolar e’lon qilingan.

Ikki manzil

Dronlardan biri Moskvaning Lixachev shohko‘chasidagi biznes markaz binosiga urilgan — fotolarga ko‘ra, bino hali foydalanishga topshirilmagan. TASS agentligi favqulodda xizmatlarga tayangan holda xabar berishicha,  portlash natijasida bu binoning 17- va 18-qavatlarida 50 kvadrat metr maydonda derazalar sinib tushgan.

Rossiya nashrlariga ko‘ra, ikkinchi dron parchalari Komsomolskiy shohko‘chasi, 17-uy atrofida aniqlangan. Bu besh qavatli uy bo‘lib, u biroz shikastlangan, ammo jiddiy emas — faqat oynalar singan.

Lekin boshqa muhim jihati bor: qo‘shni binolar. E’lon qilingan fotoga ko‘ra, dron prospektning ikkinchi tomonida joylashgan 18-raqamli ikki qavatli bino tomiga qulagan bo‘lishi mumkin. Bu yerda azaldan harbiy qism bo‘lgan va xaritaga ko‘ra, u yerda Rossiya mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestri joylashgan.

TASS Komsomolskiy prospekti, 18-uy, 1-bino manzilida joylashgan uy tomi dron zarbasidan shikastlangani aks etgan fotoni e’lon qilgan. Foto: VALERY SHARIFULIN/TASS

Yana bir qo‘shni bino esa undan ham jiddiyroq manzil — ertalabdan dron parchalari yig‘ishtirilgan kvartalning boshqa tomonida, Frunze sohilida mudofaa vazirligi bosh binosi joylashgan. Dron qulagan nuqtadan mudofaa vaziri Sergey Shoygu yig‘ilish o‘tkazadigan binogacha piyoda bir necha daqiqada borsa bo‘ladi.

Ammo bu ham hali hammasi emas. Taniqli tadqiqotchi jurnalist, Bellingcat loyihasi muallifi Xristo Grozevning tasdiqlashicha, Komsomolskiy prospektidagi 17-uy ro‘parasida faqat harbiy orkestr emas, «GRU (Bosh razvedka boshqarmasi) kiberqo‘shinlari markaziy ofisi», jumladan FancyBear hakerlik guruhi qarorgohi ham joylashgan.

Komsomolskiy prospektida transportlar harakati ikki drondan birining hujumi oqibatlarini o‘rganish va bartaraf etish maqsadida to‘xtatilgan. Foto: Reuters

Grozev Komsomolskiy prospektidagi «Frunzenskaya» metro bekati yaqinida, 20-uy manzilida knyaz Aleksandr Nevskiy nomidagi Harbiy universitet joylashganini eslatgan. U shuningdek tarixdan Xamovnicheskiy kazarmasi  deb nomlangan bu kvartalda «GRUning yana bir qancha o‘ta maxfiy obektlari» joylashgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.

Amerikaning Tashqi siyosatni o‘rganish instituti katta ilmiy xodimi Rob Li o‘z tvitterida yozishicha, Komsomolskiy prospekt, 17-uy RF mudofaa vazirligi mudofaa boshqarmasi milliy markazidan (Frunze sohili, 22) «200 metrga yaqin» masofada joylashgan.

Xristo Grozev dron qulagan joy mudofaa vazirligi obektlariga qanchalik yaqinligini ko‘rsatuvchi xaritani namoyish etgan
Qizil rang bilan 24 iyul kuni Moskvaga uchib kelgan dronlar qulagan nuqtalar ko‘rsatilgan

«Komsomolskiy prospektida dron portlashidan bir qancha derazalar singan. Biz aholiga barcha oqibatlarni imkon qadar tez fursatda bartaraf etishga yordam beramiz», — deya dronlar hujumi oqibatlarini tasvirlagan shahar meri Sobyanin o‘z telegram-kanalida.

Bu vaqtda anneksiya qilingan Qrim rahbariyati ham Janko‘y rayonidagi o‘q-dori omboriga dronlar hujumi uyushtirilgani to‘g‘risida xabar berdi. Bu kun davomida ikkinchi holat bo‘ldi. Shanba kuni Krasnogvardeyskiy rayoniga dronlar uchib kelganida ham o‘q-dorilar omborida detonatsiya kuzatilgandi. Rossiya mudofaa vazirligi dushanba kuni omborlardagi portlashlarni tasdiqlamadi, faqat yarimoroldagi obektlarga hujum qilgan 17 dron bartaraf etilganini ma’lum qildi.

Kiyev javobgarlikni o‘z zimmasiga olmayapti

Kiyev Moskvaga dronlarning yangi hujumi yuzasidan izoh bermagan.

Ukraina odatda Rossiya hududiga zarbalarga aloqadorligini rad etib keladi, ammo ukrain rasmiylari ko‘pincha bunday hujumlarga aloqadorliklariga ishora qilishadi.

«RBK-Ukraina» nashri maxsus xizmatlardagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, Moskvaga tungi hujum Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasining «maxsus amaliyoti» bo‘lgan. «Barcha qushchalar Moskvaga yetib bordi», — degan nashr suhbatdoshi.

O‘tgan haftadan Rossiya Odessa shahri va Odessa oblasti bo‘ylab yoppasiga zarba bera boshlagandi. Yakshanbaga o‘tar kechasi shaharning YuNeSKO himoyasi ostidagi tarixiy markazi raketalar bilan o‘qqa tutildi. Tarixiy binolardan ikkitasi shikastlangan, shuningdek sovetlar davridan keyin tiklangan Spaso-Preobrajyenskiy kafedral sobori ham hujumga uchragan.

Dushanbaga o‘tar kechasi esa Odessa oblasti port infratuzilmasiga navbatdagi dronlar hujumi kuzatildi. Ukraina hukumati bir haftadan buyon davom etayotgan hujumlarni Moskvaning g‘alla kelishuvidan chiqqani bilan bog‘lamoqda, Rossiya esa bu Qrim ko‘prigida iyul oyida ro‘y bergan portlashga javoban «qasos zarbalari» ekanini ta’kidlamoqda.

Uch oy ichidagi uchinchi hujum. Yoki to‘rtinchisimi?

Bungacha zarbdor dronlar kamida ikki marta Moskvaga qadar yetib borgandi.

3 mayga o‘tar kechasi dronlar Kremlgacha uchib borgandi. Ikki dron Rossiya prezidenti qarorgohi joylashgan Senat saroyi gumbazi ustida portlagan.

30 may kuni nisbatan keng ko‘lamli hujum uyushtirilgandi. O‘shanda dronlar Lenin prospektidagi, shuningdek Novaya Moskvadagi Profsoyuznaya va Atlasova ko‘chalaridagi uylarga urilgan, ammo jiddiy shikastlanishlar qayd etilmagandi.

Rossiya mudofaa vazirligi may oyi oxiridagi hujumda sakkiz dron qatnashgani, shundan beshtasi Moskvaga kirishda urib tushirilgani, uchtasi esa radioelektron kurash vositalari orqali «bostirilgani»ni xabar qilgandi — o‘shanda ham bu dronlar bugun bo‘lgani kabi baribir uylarga urilgandi.

4 iyul kuni Rossiya hukumati ukrainlarning beshta droni Moskvaga kirishda bartaraf etilgani haqida xabar bergandi. Bu hujum tufayli «Vnukovo» aeroporti faoliyati vaqtincha to‘xtatilgandi.

Mudofaa vazirligi o‘shanda ukrainlarning to‘rtta uchuvchisiz uchar qurilmasi Novaya Moskva hududida (katta halqa yo‘lidan tashqarida, avval bu Moskva oblasti tarkibida bo‘lgan) urib tushirilgani, yana bittasi «ishdan chiqarilgani» va Odinsovskiy rayonida halokatga uchraganini ma’lum qilgandi.

Komsomolskiy prospektidagi hujumdan keyin Frunze sohili ko‘rinishi

Kamikadze dronlar yana bir bor Moskva osmoni ustidagi himoya qalqonini teshib o‘tdi. Bu nimani anglatadi? BBC Rus xizmati harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev javob beradi

Moskvaga qilingan oldingi dron hujumlaridan keyin bo‘lgani kabi, bu safar ham Rossiya mudofaa vazirligi ularning barchasi (bu safar faqat ikkita) radioelektron kurash vositalari bilan «ishdan chiqarilgani» va halokatga uchragani haqida ma’lum qildi.

Radioelektron kurash vositalarining bu dronlar bo‘yicha muvaffaqiyatli ishlaganini tasdiqlash yoki rad etish imkoniyati yo‘q. Ularning ikkisi bilan ham odatda o‘q-dori tashib parvoz qiluvchi barcha dronlar bilan sodir bo‘ladigan hodisa ro‘y bergan — ular portlagan, bittasi mudofaa vazirligi binolari yaqinida.

Dronlar yo‘nalishdan og‘dirilganmi yoki ularning o‘zi mo‘ljaldan adashganmi, ularning asosiy nishoni nima bo‘lgan — buni faqat taxmin qilish mumkin. Moskva shahri strategik harbiy obektlar bilan to‘lib-toshgan.

Yana bir jihat diqqatga sazovor. Kamikadze dronlar yana bir marta Rossiya poytaxti osmonini himoya qiluvchi qalqonni teshib o‘tib, qariyb markazgacha uchib bordi, havo hujumidan mudofaa tizimi esa, mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, ular bilan jangga faqat oxirgi pallalarda — barcha mavjud vositalar, jumladan o‘qotar qurollar ham ishga solinadigan vaqtga kelibgina kirishdi.

Shahar chekkalarida harakatlanadigan radioelektron kurash tizimlari qilishi mumkin bo‘lgan maksimum ish — muayyan obektga qarab harakatlanuvchi dronlarning radio-  yoki optikelektron yo‘naltirish tizimlarini o‘chirib qo‘yishdir. Shunda ham dronlar nishonga oldindan belgilangan koordinatalar bo‘yicha bormasdan, shunday tizimlardan foydalangan taqdirda. Radioelektron kurash tizimi kamikadze dronlar portlashining oldini olishga kuchsizlik qiladi.

Videolarga qaraganda, dushanbaga o‘tar kechasi Moskvaga «mopedlar» — Rossiya Ukraina shaharlariga hujum qilishda qo‘llaydigan Shahed toifasidagi uchish apparatlari hujum qilgan. Bu safar ular atigi ikkita bo‘lgan — ammo kim keyingi safar ularning soni ko‘proq bo‘lmasligiga kafolat beradi?

Dushanba kuni jurnalistlar Kreml rasmiysi Dmitriy Peskovdan may oyidagi hujumlardan keyin Moskva havo hujumidan mudofaa tizimida ishlar olib borilgan yoki yo‘qligini so‘rashdi. U to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berishdan qochdi. «Bu savol ko‘proq bizning ixtisoslashgan idoramiz — mudofaa vazirligiga taalluqlidir. Bilasizki, bugungi dronlar zararsizlantirildi. Bu borada chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Ammo, mudofaa tizimini rivojlantirish, uning yanada jadal ishlashini ta’minlash masalalariga kelsak, mudofaa vazirligiga murojaat qilish kerak».

Mavzuga oid