Jamiyat | 18:00 / 24.07.2023
14350
2 daqiqa o‘qiladi

Tolimarjon IES: 1065 MVt quvvatga ega yangi bug‘-gaz qurilmalari qurilishiga start berildi

Avval xabar berganimizdek, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ hamda “Tolimarjon IES” AJda Ispaniyaning “Intecsa Ingeniera Industrial S.A.” va Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari bilan 1065 MVt quvvatga ega navbatdagi bug‘-gaz qurilmalarini qurish bo‘yicha shartnoma imzolangan edi. Bugun, 24 iyul kuni mazkur energobloklarning qurilishiga start berildi.

Foto: Issiqlik elektr stansiyalari

Unga ko‘ra, 2025 yil yakuniga qadar stansiyada umumiy quvvati 1065 MVt bo‘lgan navbatdagi ikkita bug‘-gaz qurilmalarini qurish ishlari olib boriladi. Loyihaning bosh pudratchilari sifatida Ispaniyaning “Intecsa Ingeniera Industrial S.A.” va Yaponiyaning“Mitsubishi Corporation” kompaniyalari konsorsiumi qatnashmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 771,8 million dollarga teng.  

Yangi investitsiya loyihasi Samarqand va Buxoro viloyatlari iste’molchilarini, Qarshi magistral kanalidagi yettita nasos stansiyasini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan. 

Loyiha amalga oshirilishi natijasida, korxona tomonidan yiliga qo‘shimcha 8,5 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Yuqori tejamkor texnologiyalar hisobiga 600 mln kubmetr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

Yana bir e’tiborli jihati, atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar 1500 tonnaga kamayadi hamda 112 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. 

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid