Kim Chen In Shoyguga o‘z raketa va dronlarini ko‘rsatdi. Bu qurollar Ukrainaga borishi mumkinmi?
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguga KXDRning yangi qurollarini namoyish etdi. Lekin dronlar, eng kamida stenddagi namunalarga qaraganda, hali jangovar harakatlarga tayyor emas.
Pxenyan Sergey Shoygu boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini, shuningdek, Xitoy rasmiylarini mamlakatga taklif qildi. Ular Pxenyandagi Koreya urushi yakunlanganining 70 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda ishtirok etadi.
Ko‘rgazmaga qo‘yilgan qurollar orasida «Xvason» qit’alararo ballistik raketasi ham bor. 2023 yil aprel oyida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan bu raketa Shimoliy Koreyaning qattiq yonilg‘idan foydalanadigan birinchi shunday raketasi hisoblanadi.
«Ko‘rgazmada, shuningdek, ikkita yangi konstruksiyadagi dron ham namoyish etilgan, jumladan, ular AQSh harbiy-havo kuchlari tomonidan qo‘llanadigan asosiy hujumchi zarbdor dronga o‘xshab ketadi», deya xabar beradi NK News (Shimoliy Koreyaga ixtisoslashtirilgan maxsus veb-sayt).
Rossiya davlat nashrlari ham bu haqda gapirmoqda. «Tashqi ko‘rinishiga ko‘ra, dronlar Amerikaning RQ-4 Global Hawk va MQ-9 Reaper modellarini eslatadi», deb yozadi RIA Novosti.
«Shoygu va Kim Chen In, shuningdek, qit’alararo ballistik raketalar, tanklar, zirhli transport vositalarini ham ko‘zdan kechirdi», deya xabar bergan RT.
Shoyguning tashrifi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi sabab AQSh, Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasida geosiyosiy ziddiyat kuchaygan hamda Pxenyan Ukrainaga qarshi urushda qo‘llash uchun Moskvaga qurol-yarog‘ yetkazib berayotgani haqidagi shubhalar fonida amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2022 yil kuzida KXDR Rossiyaga artilleriya snaryadlari va qisqa masofali raketalar yetkazib berayotgani haqida taxminlar paydo bo‘lgan edi.
Pxenyan va Moskva buni qat’iyan rad etadi.
2023 yil mart oyida AQSh o‘z razvedka ma’lumotlariga tayanib, Rossiya Shimoliy Koreya tuzumiga KXDR har doim muhtoj bo‘lgan oziq-ovqat taklif qilish va evaziga Moskvaga urush olib borish uchun yetishmayotgan qurollarni olish bo‘yicha muzokara o‘tkazish uchun Pxenyanga delegatsiya yuborishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi.
Shimoliy Koreyada o‘tkir oziq-ovqat taqchilligi kuzatilmoqda, vaziyat chegaralar yopilishi va mamlakat yadroviy dasturi sabab kiritilgan xalqaro sanksiyalar tufayli yanada og‘irlashgan.
«Kim Chen In va Shoygu milliy mudofaa va xalqaro xavfsizlik sohasidagi o‘zaro manfaatli masalalarni muhokama qildi», deya xabar berdi davlatga qarashli Koreya markaziy telegraf agentligi.
«O‘rtoq Kim Chen In o‘rtoq Sergey Shoyguni Koreya xalq armiyasi so‘nggi yillarda ega bo‘lgan qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar bilan tanishtirdi», — deyilgan agentlik xabarida.
Xitoy va Rossiya delegatsiyalari tashrifi 27 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan keng ko‘lamli harbiy parad bilan yakunlanishi kutilmoqda.
Shimoliy Koreya koronavirus pandemiyasidan keyin birinchi marta xorijiy delegatsiyalarni qabul qilmoqda. Pxenyan oxirgi marta xorijiy hukumat delegatlarini 2018 yil fevralida harbiy paradga taklif qilgandi.
Shimoliy Koreya 2020 yil boshida, Covid-19 pandemiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida chegaralarni yopganidan so‘ng, mamlakat rasmiylari o‘z hududida xorijiy davlatlar vakillari bilan hech qanday uchrashuv o‘tkazmadi. Savdo munosabatlari, jumladan, eng zarur tovarlar importi ham uzilib qoldi.
Ehtimol, xorijlik mehmonlarning mamlakatga taklif qilingani Pxenyan chegaradagi qattiq cheklovlarni olib tashlashga tayyorlanayotganidan darak beradi, deydi tahlilchilar.
Shoyguga Shimoliy Koreya dronlari namoyish qilindi. Ular Ukrainaga borishi mumkinmi?
Bu haqda BBC rus xizmati harbiy sharhlovchisi Pavel Aksenov fikr yuritgan.
Rossiya mudofaa vazirining KXDRga tashrifi — siyosiy voqea, garchi jahon matbuotida bu ko‘proq xaridorning qurol do‘koniga tashrifi sifatida qabul qilinmoqda. Rossiya Ukrainada katta urush olib bormoqda va unga qurol va o‘q-dorilar kerak, Shimoliy Koreya esa dunyodagi eng harbiylashgan davlatlardan biri bo‘lib, katta harbiy zaxiralar va ishlab chiqarishga ega.
Matbuotda Sergey Shoyguning qurollar ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirayotgani tasvirlangan fotosuratlar paydo bo‘ldi, bu qurollar orasida ballistik raketalar va samolyot tipidagi, «o‘rta balandlikda uzoq masofaga uchuvchi» (MALE — Medium Altitude, Long Endurance) dronlar bor edi.
Ulardan ikkitasi tashqi ko‘rinishi bo‘yicha Amerikaning Reaper va nisbatan kattaroq Global Hawk dronlariga o‘xshab ketadi. Bundan tashqari, dronlarning yonida ular parvoz paytida suratga olingan fotosuratlar o‘rnatilgandi. Bu Shimoliy Koreyaning razvedkachi-dronlar ishlab chiqish dasturi eng kamida parvoz sinovlari bosqichida ekanini bildiradi.
Stendlar kadrga tasodifan tushib qolgan bo‘lishi dargumon — suratlardan birida dronning taktik-texnik xususiyatlari kompyuterda tanib bo‘lmas darajada xiralashtirilgani, parvozlar suratlari esa ancha yaxshi ko‘rinib turganini ko‘rish mumkin.
Bu dronlarning ikkisi ham avvalroq KXDRdagi harbiy aerodromda sun’iy yo‘ldosh orqali qayd etilgan va ekspertlar u yerda sinov uskunalari ham joylashganini taxmin qilgandi. Yana bir jihat shuki, stenddagi Reaper’ga o‘xshash dron qandaydir o‘q-dorilar, ehtimol, yuqori aniqlikdagi raketalar bilan qurollangan.
Shimoliy Koreya — yopiq davlat, uning harbiy dasturlari haqida ko‘p narsa ma’lum emas. Jumladan, uchuvchisiz tizimlarni rivojlantirish dasturi haqida ham. Ehtimol, bu dronlar sinov bosqichida, ular ishlab chiqarishga qanchalik yaqinligi esa noma’lum.
Rossiya aynan shu toifadagi dronlarga muhtoj. Mamlakatning o‘z «Inoxodets» dronining ishlab chiqarilishi frontdagi harbiylarning ehtiyojlarini qoplamaydi, shuning uchun bunday tizimlar Moskvaga ancha foydali bo‘ladi. Sinov parvozlari bosqichi uzoq vaqt talab qilishi mumkin va ommaviy ishlab chiqarish uchun hali bazani tayyorlash kerak.
Ukrainadagi urushda Shimoliy Koreya dronlari paydo bo‘lishi, ayniqsa, ular Shoygu tashrifi chog‘ida fotomuxbirlar kadriga tushganidan so‘ng, e’tibordan chetda qolishi juda qiyin.
Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlik haqidagi ma’lumotlar allaqachon ommaviy axborot vositalarida paydo bo‘lgan, biroq har ikki tomon buni rad etgan. O‘shanda, 2022 yil kuzida gap, asosan, o‘q-dorilar — zaxiralari va ishlab chiqarilishi KXDRda mavjud hamda Rossiya kerak bo‘lgan raketalar va snaryadlar yetkazib berish haqida ketgandi.
Rossiya mudofaa vazirining Pxenyandagi hozirgi muzokaralarida aynan nima muhokama qilinayotgani noma’lum, biroq Shimoliy Koreyaning dronlari, eng kamida, stendlardagi namunalarga qaraganda, ko‘rinishidan, hali «ishlatishga tayyor mahsulot» emas.
Mavzuga oid
22:34
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22
Frontdagi vaziyat: Rossiya va KXDR qo‘shinlari Kursk oblastida yurishning yangi to‘lqinini amalga oshirmoqda
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024