Jahon | 09:32 / 29.07.2023
14911
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Mudofaa vazirligi Kremlni chaqiruv yoshini oshirishga ko‘ndirdi

Dastlab prezident ma’muriyati 18 yoshdan boshlab muddatli harbiy xizmatni saqlab qolishga qarshi chiqdi, deb yozadi «Verstka». Biroq Mudofaa vazirligi harbiy xizmatga chaqiriluvchilar yetishmasligi sababli Kremlni bu chora zarurligiga ishontirgan.

Foto: RBK

28 iyul, juma kuni Rossiya Federatsiyalar kengashi chaqiruv yoshini kengaytirish, harbiy komissarlikka kelmaslik uchun jarima miqdorini oshirish, chaqiruv qog‘ozini topshirgandan keyin Rossiyadan chiqib ketishni taqiqlash hamda Rossiya gvardiyasining harbiy texnikaga ega bo‘lish huquqi to‘g‘risidagi qonun loyihalarini ma’qulladi.

Harbiy yosh chegaralarini kengaytirishni yoqlab 159 senator ovoz berdi, bir nafari betaraf qoldi. Muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilarning chet elga chiqishini taqiqlashni Federatsiyalar kengashining 158 nafar a’zosi qo‘llab-quvvatladi. Hech kim qonun loyihalarini qabul qilishga qarshi ovoz bermadi. 

«Verstka»ning o‘z manbalariga tayanib yozishicha, avvaliga prezident ma’muriyati prezidentlik saylovlari arafasida kiritilgan o‘zgartirishlarning hokimiyat va shaxsan Vladimir Putin imijiga salbiy ta’siridan xavotirlanib, 18 yoshdan boshlab harbiy xizmatga chaqiruvni saqlab qolishga qarshi chiqqan. 

Bu fikrni bir necha kun oldin ikki nufuzli senator Viktor Bondarev va Andrey Klishas ochiqchasiga bildirgan hamda ular harbiy xizmatga chaqiruvning quyi darajasini saqlab qolishga qarshi chiqqan. 

Biroq Mudofaa vazirligi Ukraina urushidagi yo‘qotishlar bilan bog‘liq statistik ma’lumotlarga tayanib, «prezident ma’muriyatining qarshiligini sindirishga muvaffaq bo‘ldi», deb ta’kidlaydi nashr. 

Mavzuga oid