Jahon | 17:44 / 30.07.2023
14813
3 daqiqa o‘qiladi

Kolumbiya prezidentining o‘g‘li narkosavdogarlardan pul olishda gumonlanib hibsga olindi

Kolumbiya bosh prokurori mamlakat prezidenti Gustavo Petroning o‘g‘lini pul yuvish va noqonuniy boylik orttirishda gumonlab hibsga oldi.

Foto: Reuters

Nikolas Petro giyohvand moddalar bilan savdo qiluvchi jinoyatchilardan pul olish va bu pullar otasining siyosiy qadamlari hamda saylovoldi kampaniyasiga sarflangani bo‘yicha ayblovlar bilan qo‘lga olingan.

Nikolas Petro ayblovlarni rad etgan, shu bilan birga shu yil bahorda boshlangan tergov ishlarida hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan.

Surishtiruv ishlari doirasida kichik Petroning sobiq rafiqasi Daysuris del Karmen Vaskes ham ushlangan.

So‘l kuchlar namoyandasi sifatida mamlakat rahbarligiga kelgan ilk yetakchi bo‘lgan Petro kolumbiyalik narkosavdogarlardan pul olganini rad etgan.

Aynan u mart oyida prokurorlarga o‘z o‘g‘lini tergov qilishni buyurgandi.

Shanba kuni prezident Petro ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida farzandlaridan biri qamoqxonaga tushgani unga og‘riq berishini yozgan, ammo shu bilan birga tergov jarayoniga aralashmasligini qo‘shimcha qilgan.

«O‘g‘limga omad va kuch tilayman. Mayli, bu voqealar uning xarakterini toblasin va u o‘z xatolaridan xulosa chiqarsin», — degan Petro.

Vaskes avvalroq mahalliy nashrlarga bergan intervyusida o‘tgan yili narkokartellar sobiq turmush o‘rtog‘iga yirik miqdorda pullar berganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Gustavo Petro 2022 yil avgustidagi prezidentlik saylovlari orqali hokimiyatga kelishidan oldingi saylovoldi kampaniyasi vaqtiga to‘g‘ri kelgan.

Mutaxassislarning baholariga ko‘ra, dunyodagi kokainning yarmidan ko‘p qismi ishlab chiqariladigan Kolumbiyada nafaqat mafiya, balki qurolli isyonchi guruhlar ham butun dunyo bo‘ylab, jumladan AQSh va Yevropa uchun giyohvand moddalar tayyorlash va iste’molchilarga yetkazib berishda faol ishtirok etmoqda.

Bunday guruhlar hukumatga qarshi o‘nlab yillar mobaynida olib borayotgan urush yuz minglab odamlar hayotiga zomin bo‘lgan.

Prezident Petro qurolli isyonchi guruhlar bilan ham, narkokartellar bilan ham kelishuvlar orqali tinchlikni ta’minlashga va’da bergandi. Uning prezidentlik lavozimidagi birinchi yilidagi sa’y-harakatlar qisman muvaffaqiyat keltirgan.

Milliy ozodlik armiyasi (ELN) partizanlar guruhi bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar shu yil avgust oyida boshlanishi kutilmoqda.

Ammo «Klan del Golfo» nomli yirik jinoiy guruh bilan olib borilgan muzokaralar samara keltirmadi.

Mavzuga oid