Jahon | 16:58 / 30.07.2023
13471
2 daqiqa o‘qiladi

Taganrogdagi portlash oqibatida 22 kishi yaralandi

Ijtimoiy tarmoqlarda shaharga raketa zarbasi yo‘llangani aks etgan video tarqalgan.

Foto: Videodan kadr

28 iyul kuni Rostov oblastining Taganrog shahrida ro‘y bergan portlashdan keyin 30 iyul tongigacha jami 22 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Bu haqda «Interfaks»ga Rostov oblasti mintaqaviy siyosat va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sergey Tyurin xabar bergan.

Jabrlanganlar orasida bir bola ham bor. U portlashning keyingi kuni, 29 iyulda shifokorlarga murojaat qilgan. Tyurinning ma’lumotiga ko‘ra, bu bola portlash chog‘ida velosipedi bilan yiqilgan va shikastlangan.

To‘qqiz nafar jabrlanuvchi shifoxonada qolmoqda, ularning holati o‘rta og‘irlikda deb baholangan.

Taganrogda portlash ro‘y bergan joyda xarobalarni tozalash ishlari davom ettirilmoqda, bu ishlarga sakkizta texnika jalb etilgan.

Taganrogdagi portlash 28 iyul kuni kunduzi «Chexov sad» kafesi hududida ro‘y bergandi. RF mudofaa vazirligi shaharga urib tushirilgan ukrainlar raketasi qoldiqlari tushganini ma’lum qilgan. Vazirlik versiyasiga ko‘ra, zarba Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimining «zarbdor variant sifatida qayta jihozlangan» S-200 zenit-raketa kompleksi orqali yo‘llangan. Taganrogga zarba berilishi aks etgan videoda esa hududga RF mudofaa vazirligi aytganidek raketa parchasi emas, S-200 raketasining o‘zi kelib urilganini ko‘rish mumkin. RF tergov qo‘mitasi Taganrogdagi portlashdan keyin «terakt» haqidagi modda bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Mavzuga oid