Jahon | 11:20 / 31.07.2023
6516
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Mudofaa vazirligi Qrim yaqinida 25 ta dron urib tushirilganini ma’lum qildi

Rossiya Mudofaa vazirligining da’vo qilishicha, Qrimga uchayotgan Ukrainaning 16 ta uchuvchisiz uchog‘i havo mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilgan, yana 9 tasi radioelektron urush vositasi yordamida yo‘q qilingan.

Foto: Reuters

Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimga yo‘l olgan 25 ta Ukraina samolyoti tipidagi uchuvchisiz uchish apparati tutib olinganini ma’lum qildi. «Ukrainaning 16 ta droni havo hujumidan mudofaa vositalaridan o‘qqa tutilishi natijasida urib tushirildi. Yana to‘qqizta Ukraina uchuvchisiz uchog‘i radioelektron urush vositasi yordamida yo‘q qilindi va nishonga yetmay, Qora dengiz hamda Tarxankut burnida quladi», — deya xabar berdi vazirlik 30 iyul, yakshanba kuni. Uning bayonotiga ko‘ra, «talafot ko‘rganlar va vayronalar yo‘q». 

Bundan tashqari, Rossiya idorasi uchta Ukraina dronlarining Moskvadagi obektlarga hujumi oldi olinganini e’lon qildi. Moskva viloyatining Odinsovo tumanida bitta dron havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirildi, yana ikkitasi radioelektron urush vositasi yordamida yo‘q qilindi va Moskva shahri hududiga quladi, deb xabar qildi Rossiya Mudofaa vazirligi. 

30 iyulga o‘tar kechasi Moskvaga bir hafta ichida ikkinchi dronlar hujumi amalga oshirildi. Hujum natijasida «Moskva-Siti»dagi ikkita binoga zarar yetgan. Portlashlardan biri Moskva markazidagi IQ-kvartalida 50 qavatli binoda 5-6-qavatlarda sodir bo‘ldi. IQ-kvartal - «Moskva-Siti» hududidagi ko‘p funksiyali kompleks. TASS xabariga ko‘ra, «oynalar singan», hech kim jabrlanmagan, yong‘in sodir bo‘lmagan. «Oko-2» minorasida birinchi qavatdan to‘rtinchi qavatgacha deraza oynalari singan. Hujumdan keyin «Moskva-Siti» yaqinidagi Testovskaya ko‘chasi bo‘ylab harakat to‘sib qo‘yildi, Vnukovo aeroporti ham ishini to‘xtatdi. 

Mavzuga oid