Jamiyat | 21:54 / 01.08.2023
35610
4 daqiqa o‘qiladi

Manfaatlar to‘qnashuvi – nima u?

Jamiyatga katta zarar keltiradigan illatlardan biri – manfaatlar to‘qnashuvi. U bor joyda sohalar rivojlanish o‘rniga, orqaga ketadi, millat potensiali zavolga uchraydi. Kun.uz'ning navbatdagi multfilmida shu illat haqida so‘z yuritiladi.

Deylik, bir odam bir vaqtning o‘zida ham biron soha vaziri bo‘lib ishlayapti, ham o‘sha sohada tadbirkorlik qilyapti. Buning nimasi yomon? Balki u bu bilan o‘sha sohani rivojlantirayotgandir, ishchi o‘rinlari yaratayotgandir?

Gap shundaki, jamiyat vazir qilib tayinlagan odamning qo‘liga sohani rivojlantirish uchun, xususan soha vakillariga yordam berish uchun imkoniyat, vakolat va o‘z hamyonidan mablag‘lar beradi. Vazir imkoniyatlardan foydalanib, qonunlarga mos ravishda sohani rivojlantirishi, soha vakillariga adolat bilan yondashishi kerak. U aynan shu uchun jamiyat tomonidan barcha kerakli narsalar bilan ta’minlanadi.

Endi tasavvur qiling, bitta odam ham vazir, ham tadbirkor bo‘lsa!

Tadbirkor – biron-bir iqtisodiy faoliyat yuritib, o‘z mablag‘larini ko‘paytirish bilan shug‘ullanadigan odam. Aynan shunday odamni biz “tadbirkor” deymiz, boshqachasi tadbirkor bo‘lmaydi.

Endi bir inson ham tadbirkor, ham jamiyat tomonidan sohani rivojlantirish uchun vazir qilib qo‘yilgan odam bo‘lishini tasavvur eting! Bu yerda bitta odamning ichida vazifalar qarama-qarshi kelyapti.

Mana shu holat “manfaatlar to‘qnashuvi” deb ataladi va jamiyat zarariga xizmat qilgani uchun, barcha sog‘lom jamiyatlarda... qoralanadi, cheklanadi, man qilinadi.

Chunki bitta odam ham vazir, ham tadbirkor bo‘lsa, u jamiyat unga bergan imkoniyat va mablag‘larni o‘z shaxsiy foydasi uchun sarflaydi – axir bu holatda vazirning ichida tadbirkor ham o‘tiribdi va u o‘z so‘zini aytadi. Bu chigallik nafaqat jamiyat uchun zararli, balki bu odamni ham yeb tugatadi, chunki bunda shaxs ikkiga bo‘linib qoladi-da. Shaxs ikkiga bo‘linib qolishi bu – og‘ir ruhiy kasallik.

Jamiyat esa bu holatdan jiddiy zarar ko‘radi: manfaatlar to‘qnashuvi oqibatida sohalar rivojlanish o‘rniga, yakka shaxslarning dala hovlisiga aylanib qoladi: mansab imkoniyatidan foydalanib, yakka shaxslar... o‘zlariga o‘zlari “yordam” bera boshlaydi, boshqalarni esa sohadan chiqarib yuboradi, yanada boshqalarning sohaga kirishiga yo‘l bermaydi, qarindoshlar va do‘stlar vositasida butunboshli sohalar o‘zlashtirib olinadi.

“Ular ish o‘rinlari yaratyapti” degan ishonch esa mutlaqo aldamchi, chunki aslida sohalar to‘g‘ri, sog‘lom, raqobatli ko‘rinish olsa, ish o‘rinlari bundan ko‘p barobar ortig‘i bilan yuzaga keladi, bozor iqtisodiyotining “shaxsiy manfaatdorlik” degan stimuli evaziga. Buni dunyo tajribasi isbotlab bo‘lgan.

Manfaatlar to‘qnashuvi bor joyda esa faqat orqaga yurish kuzatiladi, jamiyat o‘z hamyonidan ajratgan mablag‘lar havoga uchadi, adolatsizlik ko‘pchiydi, o‘zaro ishonch so‘nadi. Xullas, arzimaydi...

Shokir Sharipov

Mavzuga oid