Jahon | 21:08 / 05.08.2023
11593
2 daqiqa o‘qiladi

JSST dunyoda vabo tarqalishi xavfini juda yuqori deb baholamoqda

Yomg‘irli mavsum vabo tarqalishiga hissa qo‘shuvchi omillardan biri sifatida sanalgan.

Foto: AP / Hani Mohammed

2023 yil boshidan buyon 25 ta davlatda vabo epidemiyasi qayd etildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 taga ko‘p. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) ma’lum qilishicha, ushbu kasallikning dunyoda yanada tarqalish xavfi «juda yuqori» deb baholanmoqda.

«O‘tkir epidemiyalar soni va ularning geografik tarqalishini, shuningdek, vaksinalar va boshqa resurslarning yetishmasligini hisobga olgan holda, JSST global darajadagi xavfni juda yuqori deb baholashda davom etmoqda», deyiladi JSST bayonotida.

JSST G‘arbiy Afrikadagi yomg‘irli mavsumni vabo tarqalishiga hissa qo‘shuvchi omil sifatida, shuningdek, odatda Janubiy Amerika janubida, AQSh janubida, Afrika shoxi va Markaziy Osiyoda yog‘ingarchilikning ko‘payishiga olib keladigan El-Ninyo tabiiy hodisasini ham tilga olgan.

JSST xabariga ko‘ra, El-Ninyo vabo epidemiyasi dinamikasini o‘zgartirishi mumkin, chunki yog‘ingarchilikning ko‘payishi, toshqinlar, bo‘ronlar, siklonlar va qurg‘oqchilik toza suv va sog‘liqni saqlash resurslaridan foydalanishni cheklaydi. Bundan tashqari, u suv haroratining oshishiga olib keladi, bu esa vabo vibrioni ko‘payishiga hissa qo‘shishi mumkin.

JSST vabo ayniqsa Afrikaga ta’sir qilayotganini ta’kidladi. Yil boshidan buyon Afrikaning 14 davlatida vabo kasalligi qayd etilgan.

Mavzuga oid