O‘zbekiston | 12:17 / 10.08.2023
22364
4 daqiqa o‘qiladi

Qator hududlarda yer maydonlari noqonuniy sotilishi bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi

Jizzax viloyatida 200 ming dollarga yer sotish bilan bog‘liq ish doirasida Yangiobod tumani hokimligi mansabdori qo‘lga olingan.

Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Jizzax, Farg‘ona, Toshkent, Sirdaryo va Namangan viloyatlarida yer maydonlarining noqonuniy sotilishi bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi.

Jizzax viloyatidagi qurilish firmasi rahbari tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaro ishonchiga kirib, Yangiobod tumani hokimligida ishlovchi mansabdor tanishi yordamida, yopiq shaklda o‘tkaziladigan tender orqali unga mazkur tuman hududidan 200 gektar yer maydonini shamol elektr stansiyalari qurish uchun olib berish evaziga 200 ming AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘idan 100 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shuningdek, jinoyatni to‘liq fosh etish maqsadida, qurilish firmasi rahbaridan olingan dastlabki ko‘rsatmalar hamda mavjud dalillarga asoslanib, uning Yangiobod tumani hokimligida mas’ul lavozimda ishlovchi tanishi ham qo‘lga olindi.

Farg‘ona shahridagi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari va uning tanishi o‘zaro til biriktirib, mazkur MChJga investitsiya kiritib, ipak matolar tayyorlash va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun Farg‘ona shahridagi kichik sanoat zonasi hududidan ajratilgan 2 gektar yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 110 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 50 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Parkent tumanida dehqonchilik yo‘nalishida faoliyat yurituvchi fermer xo‘jalik rahbarining o‘g‘li mazkur xo‘jalikning 10 gektar yer maydonini xaridorga 50 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 26 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sardoba tumanidagi fermer xo‘jalik rahbari mazkur xo‘jalikning sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish uchun mo‘ljallangan 5 gektar yer maydonini xaridorga 18 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, 17 900 AQSh dollari va 1 mln 150 ming so‘m olgan vaqtida ushlandi. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Chust tumanidagi paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning rahbari tanishi bilan o‘zaro til biriktirib, mazkur xo‘jalikning 2 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish va u yerda bog‘dorchilik bilan shug‘ullanishga ruxsat olib berish evaziga 11 500 AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyati ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid