Jahon | 09:33 / 11.08.2023
5550
2 daqiqa o‘qiladi

Havayidagi yong‘inlar oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘ldi

Maui orolidagi Laxayna sayyohlik shahrida sodir bo‘lgan kuchli yong‘inlar oqibatida kamida 36 kishi halok bo‘ldi, 270 dan ortiq bino yonib ketdi. Arxipelagdagi ikkita orolda favqulodda holat e’lon qilindi.

Foto: AP

AQShning 50-shtatini tashkil qiluvchi Havayi orollaridagi yong‘inlar oqibatida kamida 36 kishi halok bo‘ldi. 10 avgust, payshanbaga o‘tar kechasi mahalliy hukumat bergan ma’lumotga ko‘ra, barcha 36 qurbon Maui oroli g‘arbidagi qirg‘oq bo‘yida joylashgan sayyohlik shaharchasi Laxaynada topilgan. Ma’lumotga ko‘ra, davom etayotgan yong‘inlar oqibatida kamida 270 ta bino to‘liq yonib ketgan yoki qisman zarar ko‘rgan. Yong‘inlar haligacha nazorat ostiga olinmaganligi sababli, bir necha yuzlab oilalar uylaridan ayrilgan.

Bundan tashqari, Maui orolida yana ikkita yirik yong‘in sodir bo‘lmoqda. Shu bilan birga, arxipelagga qo‘shni Katta orolda bir nechta yong‘in kelib chiqdi. Ikkala orolda ham favqulodda holat e’lon qilingan. AQSh prezidenti Jo Bayden Havayi orollariga federal hokimiyat yordami haqida va’da berdi hamda Milliy gvardiya va dengiz floti bo‘linmalariga qutqaruvchilarga yordam ko‘rsatishni buyurdi.

Havayi gubernatori sayyohlarni Mauini tark etishga chaqirdi

AQSh Transport vazirligi orollardan sayyohlarni evakuatsiya qilishga yordam beradi. Havayi gubernatori Josh Grin sayyohlarni Mauini tark etishga chaqirdi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, aviareyslar uchun yetarli bo‘sh o‘rinlar mavjud. Biroq, sayyohlar aviakompaniyalarga o‘zi murojaat qilishi va chiptalarni olishi kerak. Shu bilan birga, yong‘inlar avj olgan orolning g‘arbiy qismida elektr energiyasi, mobil va statsionar telefon aloqasi ham o‘chgan.

Yong‘inlar sabablari hali aniqlanmagan. Ularning paydo bo‘lishi arxipelagdan janubga qarab harakatlanayotgan «Dora» to‘foni bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi rasmiylar. 

Mavzuga oid