Xonanda Zohid Risqiyevga sud hukmi o‘qildi
Sobiq «Ummon» guruhi solisti JK 266-moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi. U 3 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini – 2 yil sinov muddatida shartli o‘tashi belgilandi.
Sobiq «Ummon» guruhi sobiq xonandasi Zohid Risqiyevga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 9 avgustdagi hukmiga ko‘ra, u JK 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybdor deb topilgan.
Unga 3 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Xonandaga nisbatan JK 72-moddasi (shartli hukm qilish) qo‘llangan hamda tayinlangan jazoni shartli deb hisoblab, 2 yil sinov muddati belgilangan.
Sud Zohid Risqiyevga jazo tayinlashda, uning aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini, jabrlanuvchining qonuniy vakili va jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligi, ularning sudlanuvchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘rab bergan fikrini, sudlanuvchining sog‘lig‘i og‘ir ahvolda ekanligini inobatga olgan. Shu sababli unga nisbatan tayinlanayotgan ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tamasdan turib ham uni xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin degan fikrga kelib, tayinlanayotgan jazoni shartli deb hisoblash hamda sinov muddati belgilashni maqsadga muvofiq deb hisoblagan.
Bundan tashqari, jabrlanuvchining qonuniy vakili va jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi mavjudligi tushuntirildi.
- Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 29 sentabrda Yunusobod tumanida joylashgan Mega Planet savdo markazi yaqinida Zohid Risqiyev boshqaruvidagi avtomobil YTHga uchragan edi. Natijada uning o‘zi va ikki hamrohi shifoxonaga yotqizilgan, mashinada bo‘lgan yana bir kishi esa voqea joyida vafot etgandi.
- Xonanda ma’lum vaqt jonlantirish bo‘limida yotgan, SSV uning ahvoli og‘irligi haqida ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid
08:12
Toshkentda uchta avtomashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
21:28 / 18.12.2024
Guliston IIB TB fuqarolik nizosidan jinoyat ishi “yasadi”. Tergovchi yangi yilni issiq uyida, 50 yoshli ayol esa Rossiya hibsxonasida kutib oladimi?
19:07 / 18.12.2024
Samarqandda avtobus piyodani urib yubordi
13:20 / 17.12.2024