O‘zbekiston hafta ichida: Umra monopoliyasiga rasman chek qo‘yilishi, dollar kursi va boshqalar
Ortda qolayotgan hafta davomida mamlakatimizda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar sharhi bilan Kun.uz dayjestida tanishing.
Umra ziyoratiga oid yangiliklar
Endi O‘zbekiston fuqarolari ham Saudiya Arabistoniga kirish uchun elektron viza olishi mumkin. Podshohlik turizm vazirligining ma’lum qilishicha, fuqarolariga elektron tarzda viza beriladigan davlatlar ro‘yxatiga 8 ta mamlakat, xususan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston ham qo‘shilgan.
Bu degani, endilikda Saudiyaga bormoqchi bo‘lgan vatandoshlarimiz turfirmalarga murojaat qilib o‘tirmay, o‘zlari mustaqil tarzda elektron viza rasmiylashtirib olishi mumkin. Bundan tashqari, vizani Saudiya Arabistoniga borgan paytda aeroportning o‘zida ham rasmiylashtirsa bo‘ladi. Viza uchun to‘lov miqdori chegarada olinsa 480 riyol, onlayn olinsa 535 riyol deb belgilangan. Bu taxminan 126-142 dollarga to‘g‘ri keladi.
Kirish ruxsatining bu turi multiviza bo‘lgani uchun uni olganlar 1 yil davomida sayyoh sifatida Saudiyaga ko‘p marotaba kirib-chiqish huquqiga ega bo‘ladi. Asosiy sharti – 1 yil ichida Arabiston hududida bo‘lishning jami muddati 90 kundan oshmasligi kerak. Bu vaqt davomida mamlakatda sayohat qilish, shuningdek, Umra ibodatlarini amalga oshirish mumkin. Elektron viza Haj ziyoratini qilish huquqini bermaydi.
O‘zbekistonning o‘zida esa Umra ziyoratlarini tashkil qilishdagi davlat monopoliyasi rasman bekor qilindi. Bu borada turfirmalarga birmuncha vaqt oldin berilgan ruxsat norasmiy xarakterga ega bo‘lib qolayotgan edi. 8 avgustdagi hukumat qaroriga asosan, Umra xizmatlari faqat mahalliy turoperatorlar tomonidan ko‘rsatilishi belgilandi. Qarorda “faqat” so‘zining ishlatilgani Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bu bozordan chiqib ketganini anglatadi.
Shu bilan birga, Umra ziyoratini tashkil qiladigan turfirmalar uchun lisenzion talablar ham belgilandi. Xususan, ular Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga kamida 100 ming dollar mablag‘ni zaxira qilib qo‘yishi, diniy sohada diplomga ega kamida bitta xodimga ega bo‘lishi, ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasining mutaxassislarini tayinlashi kerak. 1 oktyabrdan kuchga kiradigan bu yangi qoidalar qatorida, shuningdek, voyaga yetmagan fuqarolarga Umra xizmatini ko‘rsatmaslik talabi ham bor.
So‘m devalvatsiyasi
So‘mning xorijiy valutalarga nisbatan qadrsizlanishida sakrash bo‘lgani haftaning eng shov-shuvli voqeasiga aylandi. Payshanba kuni AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymati 400 so‘mdan ortiqroqqa qimmatladi va birinchi marta 12 ming so‘mdan oshib, 12 135 so‘mgacha ko‘tarildi. Bunda, bir kunlik qadrsizlanish darajasi 3,5 foizga teng bo‘ldi. Taqqoslash uchun, bu butun o‘tgan yil davomidagi devalvatsiya darajasi bilan teng. 2023 yil boshidan buyon hisoblaganda esa, so‘m dollarga nisbatan 7,4 foizga o‘z qadrini yo‘qotdi.
Markaziy bankning izohlashicha, bu holat O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan Xitoy, Rossiya, Turkiya va Qozog‘iston milliy valutalarining keskin qadrsizlanayotgani bilan bog‘liq. Yil boshidan beri rubl 32 foizga, lira 45 foizga, yuan esa oxirgi bir yilda 7 foizdan ortiqroqqa qadrsizlangan. Bu esa O‘zbekistonda valuta tushumining kamayishiga va importning oshishiga olib kelgan, o‘z navbatida ichki valuta bozorida taklif kamaygan. Shu sababli regulyator 10 avgustdagi holatni “fundamental omillar ta’siridagi to‘g‘rilanish” deb atadi. Rasmiylarga ko‘ra, yil oxirigacha va o‘rta muddatli istiqbolda bunaqa darajadagi katta sakrash boshqa takrorlanmaydi.
Markaziy bank so‘mning bu qadrsizlanishi ichki bozorda narxlar sezilarli oshishiga olib kelmasligiga ishonmoqda. “Albatta, iste’mol savati ichida ma’lum darajada import tovarlari bor, ularning narxiga kichik ta’sirlar bo‘lishi mumkin, lekin 4 foiz o‘zgarish katta ta’sir qiladi deb o‘ylamayman”, – dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev. U idora boshqaruvining ikki hafta oldingi yig‘ilishida yillik inflatsiya prognozini 8,5–9,5 foiz atrofida saqlab qolishga qaror qilinganini eslatdi. Ya’ni regulyator bu prognozni qayta tasdiqlashda dollar kursi oshishini ham inobatga olgan.
Iqtisodchi Abdulla Abduqodirovning aytishicha, Markaziy bank shu paytgacha oltin-valuta zaxiralari hisobiga konvertatsiya kursini ushlab qolishga harakat qilib kelgan. U hozirgi sharoitda odamlarga qanaqa tavsiya berasiz degan savolga javoban, aholining qarz yuki yildan yilga oshib borayotganini eslatdi. “Agar dollarda qarzi bo‘lsa, tezroq to‘lash harakatida bo‘lishsin. Lekin buni aytishga oson…” – dedi iqtisodchi.
UzAuto Motors shartnomalarning ikkilamchi sotuvidan ogohlantirdi
Keskin devalvatsiyaning ertasiga, banklarda dollar kursi biroz tushishi kuzatildi. Bunga shu kuni UzAuto Motors dilerlaridan olingan shartnomalar bo‘yicha to‘lov qilishning oxirgi kuni bo‘lgani ham qisman ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Avtokorxona o‘tgan hafta oxirida mijozlar bilan 50 mingta shartnoma tuzgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, bir kunlik sotuvda omadi kelgan xaridorlarning ayrimlari imkoniyatdan foydalanib ortiqcha shartnomalar ham olib chiqqan. Ko‘p o‘tmay ular bu shartnomalarni internet platformalarida bir necha yuz dollardan ming dollargacha bo‘lgan narxda sotuvga qo‘ydi.
Bunga javoban UzAuto Motors odamlarni ogohlikka chaqirib, bitimni boshqa odamning nomiga qayta rasmiylashtirish imkonsizligi, avtomobil yetkazib berilganida u kimning nomiga chiqqani haqidagi ma’lumot tegishli organlarga taqdim etilishini ma’lum qildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, bitta shaxs bir xil model uchun ikkitadan ortiq avtomobilga buyurtma bersa, birinchidan keyingi avtomobillarni yetkazib berish muddati 120 kunga kechiktiriladi. Kompaniya bayonotida aytilishicha, olibsotarlarga qarshi kurashni kuchaytirish uchun bu muddatni 270 kungacha uzaytirish masalasi ko‘rib chiqilyapti.
67 ta sisternadagi neft voqeasi
Afg‘oniston Milliy standartlar agentligi O‘zbekistondan olib kirilgan neft mahsulotlarini ortga qaytarib yubordi. Vakolatli organ sifati past neft importiga qarshi choralar ko‘rayotganini aytib, sifatsiz deb topilgan 67 vagon mahsulot Xaritan portidan ilk marta O‘zbekistonga qaytarib yuborilganini bildirgan.
Masalaga tezda “O‘zbekneftgaz” tomonidan aniqlik kiritildi. Unga ko‘ra, gap Qashqadaryodagi GTL zavodida ishlab chiqarilgan sintetik dizel haqida ketyapti. Ma’lum qilinishicha, nomi oshkor qilinmagan turk kompaniyasi GTL zavodidan 3,4 ming tonna, ya’ni 67 vagon sintetik dizel komponentini sotib olgan. Sotuv paytida zavod vakillari xaridorni sintetik dizel va uning komponenti bo‘yicha standartlar Afg‘onistonda hali joriy qilinmagani haqida ogohlantirgan. Xaridor kompaniya esa sintetik dizelni an’anaviy dizel bilan kompaundlashtirgan holda Afg‘onistonga olib kirish reja qilinganini bildirgan.
Qaytarilgan mahsulot O‘zbekistonga qaytib olib kirilganmi-yo‘qmi, aniq emas. Faqat shunisi ma’lumki, Afg‘oniston tomoni neft mahsulotini GTL zavodiga qaytarmagan. Chunki tovarni qo‘shni davlatga zavod emas, importyor kompaniya olib kirgan. “O‘zbekneftgaz”ga ko‘ra, turk kompaniyasi sotib olgan mahsulotining pulini yuz foiz to‘lagan. Xaridor mahsulotni qaysi davlatda qanday qilib sotishini o‘zi belgilaydi, deyiladi rasmiy izohda.
Britaniya hukumati Gulnora Karimovaning uchta mulkini nazoratga oldi
Yevropaning bir nechta davlatlarida Gulnora Karimovaning korrupsion jinoyatlari bo‘yicha huquqiy jarayonlar davom etyapti. 8 avgust kuni Britaniya hukumatining Katta firibgarliklarga qarshi kurashish byurosi Karimovaning uchta ko‘chmas mulki sud qarori bilan byuro nazoratiga o‘tganini ma’lum qildi. Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimovaga ko‘ra, mulklar musodara qilinmagan, faqat vaqtincha tegishli organning nominal nazorati ostiga o‘tgan.
Gap Londonning qimmat tumanlaridan biri Belgraviyada joylashgan 2 ta kvartira va Surrey grafligidagi uy haqida ketyapti. Bu uchta mulkning umumiy qiymati 20 mln funtdan ortiqqa baholangan. Ingliz rasmiylarining fikricha, Gulnora Karimova va uning oilasi bu mulklarni O‘zbekistondagi korrupsion faoliyatdan topgan pullari hisobiga sotib olgan.
“Byuroning hisoblashicha, Karimova 2004-2012 yillar oralig‘ida O‘zbekiston bozoriga kirishiga yordam berish evaziga telekommunikatsiya kompaniyalaridan yuzlab million dollar pora olib kelgan”, deyiladi Angliyaning vakolatli organi bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, Gulnora Karimova 2019 yil mart oyidan buyon Zangiotadagi ayollar qamoqxonasida jazo o‘tayapti. O‘zbekiston hukumati bir qator xorijiy davlatlardagi unga bog‘liq aktivlarning jami qiymatini salkam 1,4 mlrd dollarga baholagan va bu mablag‘larning yuridik jihatdan imkonli qismini qaytarishga harakat qilyapti.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Prezident Shavkat Mirziyoyev kuz-qish mavsumida energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bu topshiriqlarni bajarish uchun sohaning mas’ul rahbarlari 11 avgustdan boshlab favqulodda rejimda ishlashi aytildi. Tayyorgarlik doirasida infratuzilmani ta’mirlash, energoresurslar ishlab chiqarish bo‘yicha rejalarni bajarish, energotejamkorlikka o‘tish, quyosh panellari o‘rnatish, o‘g‘riliklarga qarshi kurashish ustuvor yo‘nalishlar bo‘ladi. Shuningdek, ko‘mirda ishlaydigan issiqxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ma’lum qilindi.
Keng miqyosda kadr o‘zgarishlari davom etyapti. Hafta davomida 3 ta viloyatda yangi prokuror, 7 ta viloyatda yangi bosh soliqchi ish boshladi. Bosh prokuror, ichki ishlar vaziri, qishloq xo‘jaligi vaziri, iqtisodiyot va moliya vaziri hamda Markaziy bank raisiga o‘rinbosarlar tayinlandi. Shuningdek, bir nechta tumanlarda hokimlar o‘zgardi. Yangi Toshkent shahrini qurish direksiyasiga qurilish vaziri o‘rinbosari Davronjon Odilov rahbarlik qiladigan bo‘ldi. Shuningdek, Uzbekistan Airports rahbari Ra’no Jo‘rayeva bilan tuzilgan shartnoma muddatidan oldin bekor qilingani jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Toshkent metrosining yerusti bekatlariga nom berildi. Olmazor-Sergeli yo‘nalishidagi bekatlar endilikda Choshtepa, O‘zgarish, Sergeli, Yangihayot va Chinor deb ataladi. Do‘stlik–Qo‘yliq yo‘nalishi bekatlariga esa Texnopark, Yashnobod, Tuzel, Olmos, Rohat, Yangiobod, Qo‘yliq, Matonat, Qiyot, Tolariq, Xonobod, Quruvchilar, Turon va Qipchop nomlari berildi. Yerusti metro halqa yo‘nalishi “O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi” deb ataladigan bo‘ldi.
Avtomobilga davlat raqami belgisini olishdagi to‘lov miqdori o‘zgaradi. 1 noyabrdan boshlab, to‘lov stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining 3,5 baravari deb belgilanadi. BHMning hozirgi qiymatida bu miqdor 1 mln 155 ming so‘mga teng bo‘ladi.
Toshkentda 17 yoshli qizga hujum qilgan erkak 10 yilga qamaldi. Ko‘chadagi kameraga yozilib qolgan voqea videosi aprel oyida internetda tarqalgan edi. Mirobod tuman sudi 26 yoshli erkakni nomusga tegishga suiqasd qilish jinoyatida aybdor deb topib, uni 10 yil muddatga umumiy tartibli koloniyada jazo o‘tashga hukm qildi. Hafta davomida, shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumanida katta yoshli erkak 8 yashar qizga ko‘chada jinsiy tajovuz qilgani aks etgan video tarqaldi. Poytaxt IIBBga ko‘ra, holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, erkak qo‘lga olingan.
Mavzuga oid
22:57 / 21.12.2024
Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti
20:10 / 14.12.2024
Energetiklarning ob-havo bahonasi, elektr toki defitsitining tugashi va MBda yangi rais - hafta dayjesti
21:00 / 07.12.2024
Parlamentdagi sukunat, BAAdagi hibslar va Turkmaniston bilan kelishuv - hafta dayjesti
23:15 / 30.11.2024