Jahon | 11:43 / 13.08.2023
22990
7 daqiqa o‘qiladi

Primoreda yirik suv toshqini: Ussuriyskda to‘g‘on buzilgan

Ussuriyskda qurilishi oxirigacha tugallanmagan to‘g‘on buzilib ketdi, ayrim hududlarda favqulodda holat rejimi joriy etilgan. Ikki bola cho‘kib ketgan, o‘nlab aholi yashash manzillari suv ostida qolgan.

Foto: YURI SMITYUK/TASS

Primore o‘lkasida mintaqaga kirib kelgan «Xanun» to‘foni tufayli kuchli yomg‘irlar yog‘moqda — bunga qadar ushbu siklon Yaponiya va Janubiy Koreyaga zarba bergandi. O‘nlab aholi yashash manzillari avtomobil aloqasidan uzilib qolgan, qator munitsipalitetlarda favqulodda holat rejimi joriy etilgan, daryolarda suv darajasi kritik nuqtaga yetgan. Oblast FVVning 12 avgust tongidagi ma’lumotiga ko‘ra, tabiiy ofat tufayli 17 ta munitsipalitetda 543 ta turar joy, 1393 ta tomorqa va 40 ta avtoyo‘l uchastkalari «suv ostida qolgan». Shuningdek, regionda aloqa bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan. Qutqaruvchilar jabrlangan hududlar aholisini yoppasiga evakuatsiya qilmoqda. 12 avgust kuni kechqurun o‘lka rasmiylari yog‘ingarchilik va suv toshqinlaridan 60 dan ortiq aholi yashash manzillari jabr ko‘rganini ma’lum qildi.

Suv toshqini oqibatida ikki bola halok bo‘lgan. Primore o‘lkasi prokuraturasi 11 avgust kuni Xorol munitsipal okrugidagi Dalzavodskoye qishlog‘ida 10 va 12 yoshlardagi bolalar halok bo‘lganini xabar qildi. «Bolalardan biri toshqin vaqtida oqim bilan suv o‘tkazish quvuri ichiga kirib ketgan, keyin unga yordam bermoqchi bo‘lgan akasi ham uning ichiga tushib ketgan», — deyilgan idora xabarida. Bundan tashqari, PrimaMedia agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Ussuriyskda bir ayol cho‘kib ketgan.

Primore o‘lkasida aholi soni ko‘pligi bo‘yicha (180 ming kishi) ikkinchi shahar bo‘lmish Ussuriyskda — suv toshqinini to‘xtatib turishi kerak bo‘lgan to‘g‘on buzilib ketgan. Shahar Yagona navbatchi dispetcherlik xizmatiga ko‘ra, to‘g‘on 12 avgustga o‘tar kechasi buzilgan. Okrug rasmiylari Ussuriyskdagi suv toshqinlarini so‘nggi 10 yillikdagi «eng kuchli va vayronkori» deb baholashmoqda. Biroz avvalroq shaharda yog‘ingarchilikning qariyb bir oylik normasi yog‘gandi — 117 millimetr. Qirg‘oqlaridan toshgan Razdolnaya daryosida suv sathi birinchi bor 10 metrga ko‘tarilgan — bu hali oxirigacha qurib bitkazilmagan va 2023 yil oktyabrida foydalanishga topshirilishi kutilgan to‘g‘on sathidan yuqori deganidir. Mahalliy aholini evakuatsiya qilish ishlari hali yakunlanmagan, ammo meriyalarning hisoblariga ko‘ra, 150 kishi allaqachon vaqtinchalik joylashtirish punktiga olib kelingan: «[Jabrlanganlar] barcha zarur vositalar, issiq ovqat bilan ta’minlanadi. Tibbiyot xodimlari ishlamoqda, hammani tekshiramiz, ovqatlantiramiz, kuzatib boramiz. Joy, boshpana — barchasi bor». Ayni vaqtga kelib suv sathi ko‘tarilishi to‘xtagani aytilmoqda.

Foto: RF FVV

To‘g‘on buzilishidan biroz oldinroq gubernator tomonidan ko‘zdan kechirilgandi, hozir esa mahalliy hukumat uni tiklashning imkoni yo‘qligini tan olmoqda. Bir oy muqaddam, «Sem metrov» mikrorayonini suv bosganida, to‘g‘onni Primore o‘lkasi rahbari Oleg Kojyemyako shaxsan borib tekshirgandi. 7 iyul kuni qayiqda amalga oshirilgan reyd chog‘ida Ussuriysk shahar okrugidan bo‘lgan mulozim unga shunday degan: «[to‘g‘on buzilmasligi uchun] hammasi payvandlangan, suv tashlanadigan joyni betonlab tashlash uchun bir kun yetarli emas». Shundan keyin gubernator pudratchi shiddatli yog‘ingarchilik tufayli «rejadan biroz ortda qolayotgani»ni aytib, «mikrorayon bo‘lg‘usi suv toshqinlaridan himoyalanishi uchun» quruvchi ishni iyul oyi oxiriga qadar yakunlashini va’da qilgandi. Suv toshqinidan keyin, 12 avgust kuni, Ussuriysk meri Yevgeniy Korj «ayni vaqtda [to‘g‘ondagi] yoriqni hech qanaqasiga bartaraf etib bo‘lmasligi»ni aytdi, ammo vaziyat nazorat ostida ekanini ta’kidladi: «Biz suv juda ko‘p ekanini oldindan bilardik. Menimcha, to‘g‘on yorilishi jiddiy xavf solmaydi, biz barchani ogohlantirgandik, barchani olib chiqdik».

Suv toshqini tufayli ko‘plab jonivorlar halok bo‘lishgan. Shahardagi «Kommunar Ussuriysk» telegram-kanali yo‘qolib qolgan uy itlarining fotosuratlarini e’lon qilgan, ularning ayrimlari evakuatsiya vaqtida «begonalar bilan birga ketishdan bosh tortgan». Mahalliy UssurMedia agentligi 11 avgust kuni Novonikolskdagi 700 dan ortiq uysiz it va mushuklar saqlanadigan xususiy boshpana suv ostida qolganini xabar qildi, shu kunning o‘zida shahar meriyasi ular qutqarilgani haqida hisobot berdi: «Boshpana rahbariyati yordam so‘rab murojaat qildi, ammo qutqaruvchilar yetib borgunicha, barcha qafaslarni ochib, jonivorlarni olib chiqishga ulgurishgandi». Ammo 12 avgust kuni boshpana rahbari Irina Mudrova «7×7» nashriga uchta kuchukcha va bitta katta it nobud bo‘lganini aytgan. Jonivorlar yashagan uylarning barchasi cho‘kib ketgan. O‘zining aytishicha, Mudrova FVVning jonivorlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha taklifini rad etgan, chunki hukumat ularni qayerga joylashtirishi mumkinligi haqida ma’lumot bo‘lmagan. Hozirda ko‘ngillilar jonivorlar suv yuzasida qolishi uchun hududda barrikadalar qurmoqda. Suv Borisovka qishlog‘idagi hayvonot bog‘iga ham yetib borgan — va u yerdan ham jonivorlar evakuatsiya qilingan.

Katta ehtimol bilan, Primore o‘lkasida kuchli yomg‘irlar hali tugamaydi. Gidromet ma’lumotiga ko‘ra, regionga yana bir kuchli to‘fon — LAN yaqinlashmoqda. Xizmatning bosh sinoptigi Boris Kubayga ko‘ra, uning yo‘lining bir necha ehtimoliy trayektoriyasi mavjud bo‘lsa-da, «prognozlarning hech biri o‘lka uchun ijobiy emas». Yangi to‘fon bo‘yicha yakuniy xulosa 14 avgust kuni berilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid