Jahon | 13:53 / 13.08.2023
55997
18 daqiqa o‘qiladi

«Tarixiy imkonni boy berganlardan nafratlanaman» - Navalniy 90-yillar va Yelsin haqida

Rossiya muxolifati yetakchisi, Putinning ashaddiy tanqidchisi Aleksey Navalniy ustidan navbatdagi sud mahkamasi o‘tkazildi. Siyosatchi umumiy hisobda 19 yil qamoq jazosiga hukm qilinib, jazoni qat’iy tartibdagi koloniyada o‘tashi belgilandi. Navalniy uzoq muddatli jazo olganidan keyin katta bayonot berdi. Quyida to‘liq matn keltiriladi.

Foto: Natalya Kolesnikova / AFP / Scanpix / LETA

Anchadan buyon bu haqda yozmoqchi edim. Mayli, aytadiganlarim hukmdan keyingi ilk post deb qabul qilina qolsin. Go‘yoki iqror misoli. Men tanamdagi qo‘rquv va nafratni yengishim kerak. Balki yozadiganlarim bunga yordam berar.

Nafrat. Bu haqda ko‘p yozishadi. Va mana, yana bitta xat kelibdi: sudyani yomon ko‘rasanmi? Putindan endi yanada ko‘proq nafratlanasanmi? Avval ham aytganman: qamoqxonada kurashish kerak bo‘lgan asosiy narsa – nafrat. Bu yerda nafratlanish uchun sabablar yetarli. Imkonsizlik esa vaziyatni yanada qiyinlashtiradi. Agar bu yerda ichingdagi nafratga erkinlik bersang, seni yeb bitiradi.

Ammo tan olaman, menda nafrat bor. Qanaqa deysizmi? Katta yoshdagilar internetdagi «telbalarcha nafratlanaman» degan memni eslaydi. Menda ham shunga o‘xshash holat, ayniqsa «sudlar»dan keyin. Aytgancha, menga 19 yil berilgan oxirgi sud bundan mustasno. Unda biz bir-birimizga yoqimli tilaklar bildirishda musobaqalashdik. Bundaylar sudyalarning eng xavfli turiga kiradi. Ular senga 19 yil qamoq jazosi berishadi-da, keyin senda ularga nisbatan simpatiya paydo bo‘lishiga harakat qilishadi.

Rayon sudlaridagi mahkamalardan keyin esa to‘g‘risi g‘azablanaman. U yerda juda oddiy ishlar ko‘riladi, huquqiy himoyalanishga hech qanday imkon yo‘q. Sudyalar ham qora rangga qarab «Bu oq, tushundingmi, chunki ma’lumotnomada oq yozilgan» deyishadi. Va noqonuniy hukmni hech uyalmay e’lon qilishadi.

Ba’zan o‘zimni tuta olmay Samoylovga o‘xshagan «sudya»larga baqirib yuborishim ham bor gap. Bilasizmi, men o‘zimdagi tanamga sig‘mas nafrat bilan aynan bu sudyadan nafratlanmayman. Yoki qamoqxonadagi bezori-o‘g‘ri-militsionerlardan ham, ularni boshqaradigan FSBdagilardan ham, har qancha hayratlanarli bo‘lmasin Putindan ham nafratlanmayman. Bunday lahzalarda bir vaqtlar men yaxshi ko‘rgan insonlardan, tomog‘im bo‘g‘ilguncha tortishib himoya qilganlarimdan va ularni yaxshi ko‘rganim uchun o‘zimdan nafratlanaman.

Hozir jarima izolyatorida o‘tirib Natan Sharanskiyning «Zulmdan qo‘rqmayman» asarini o‘qiyapman. Sharanskiy SSSRda 9 yil qamoqda o‘tirgan va 1986 yil uni almashtirishgan. Shundan keyin Isroilga ketib partiya tuzgan, katta muvaffaqiyatga erishgan va hatto mamlakat tashqi ishlar vaziri lavozimigacha ko‘tarilgan. Bir so‘z bilan aytganda, ajoyib odam. Darvoqe, karserda va jarima izolyatorida 400 kun yashagan. U bunday sharoitda qanday omon qolganini tasavvur qilolmayapman.

Sharanskiy kitobda qo‘lga olinishi va tergovni tasvirlaydi. 1977 yil, o‘sha vaqtda men 1 yoshda bo‘lganman. Kitob SSSRda 1991 yil, men 15 yosh vaqtimda chiqqan. Hozir 47 yoshdaman va kitobni o‘qib xuddi o‘zim haqimda o‘qiyotgandek bo‘lyapman. Masalan, jarima izolyatori binosi – simto‘r bilan ajratilgan alohida kazarma, izolyatorda bo‘lish uchun maksimal muddat – 15 kun. Bularni o‘qir ekanman, ketma-ket «15 kunliklar»dan keyin shafqatsiz jinoyatchi kabi kameraga olinganimdan ham ajablanmay qo‘ya qoldim. Hammasi o‘xshash.

Sharanskiy kirish so‘zida aynan qamoqxonalarda «erkin fikrlash virusi» saqlanib qolgani, KGB «bu virusga qarshi malhamdori» topmasligiga umid qilishi haqida yozgan. Eslatib o‘taman, gap 1991 yil haqida ketmoqda. Ammo Sharanskiy adashdi. Malhamdori o‘ylab topishdi.

Hozir Rossiya qamoqxonalarida siyosiy mahbuslar Brejnev va Andropov davridagidan ham ko‘proq. Ammo bunda KGBning nima aloqasi bor? Axir mamlakatda maxsus xizmatdagi odamlar tomonidan davlat to‘ntarishi qilinmagan bo‘lsa. Ular hukumatga kelib islohotchi demokratlarni undan chiqarib tashlashgani ham yo‘q. O‘zlari ularni taklif qilishdi. Ha, o‘zlari! Saylovlarni qanday soxtalashtirishni, sanoatdagi butun boshli mulklarni sohasi bilan o‘g‘irlashni, OAVda odamlarni laqillatishni, qonunlarni o‘zlariga moslashni, muxolifatni kuch bilan yo‘q qilishni, yetmaganiga tentaklarcha urush boshlashni ham o‘zlari o‘rgatishdi.

Shunday ekan, 90-yillar boshidagi tarixiy imkonni boy bergan sotqinlardan tentaklarcha nafratlanishdan o‘zimni tiya olmayman. Yelsinni «Tanya va Valyasi» bilan birga (qizi va kuyovi nazarda tutilmoqda – tarj.), Chubaysni va Putinni hukumatga olib kelgan boshqa sotqinlarni yomon ko‘raman. Biz negadir islohotchi deb atagan firibgarlarni yomon ko‘raman. Bugun ular o‘z manfaatlari yo‘lida intriga uyushtirishdan boshqa hech nima bilan shug‘ullanmagani kunday ravshan bo‘lib qoldi.

Qaysi davlatda «islohotchi hukumat»ning bu qadar ko‘p vazirlari millioner va hatto milliarder bo‘lib ketdi? Prezidentga o‘sha vaqtdayoq mutlaq monarx huquqini bergan va bizga demokratik deb uqtirilgan avtoritar konstitutsiya mualliflaridan nafratlanaman.

Ularning hammasini sud islohoti o‘tkazish orqali qonunsizlikka qarshi kurashishga jiddiy urinib ham ko‘rmagani uchun ayniqsa yomon ko‘raman. Axir sud islohotisiz boshqa har qanday islohotlar samarasiz bo‘lib qoladi-ku?

Hozir o‘sha voqealarni ko‘p o‘rganaman. Esimda, 1991 yil Rossiyada sud islohoti bo‘yicha yaxshi konsepsiya ishlab chiqishgandi. Ammo 1993 yilga kelib kontrislohotlar orqali sudlar ustidan vertikal nazorat o‘rnatish boshlandi. O‘shanda barcha siyosiy kuchlar mamlakatda haqqoniy sudlar bo‘lishini istagan, butun jamiyatning fikri bir edi. Agar odil sudlov joriy qilinganida, yangi uzurpatsiya bo‘lmas yoki uni tuzish kamida juda qiyin bo‘lardi.

Shuning uchun chalg‘ib ketmang, aybi yo‘q odamlarni 8-15-20 yillab qamab yuborish tizimi Putingacha tuzib bo‘lingandi. Endi ma’lum bo‘lyaptiki, hozir Kremlda o‘tirganlar 90-yillarda mustaqil sudlar bo‘lishini istamagan. Chunki mustaqil va odil sudlov korrupsiyaga, saylovlarni soxtalashtirishga, gubernator va merlarni knyazlarga aylantirishga xalaqit berardi.

Tariximizdagi eng jiddiy burilish nuqtalaridan biri bo‘lgan 1996 yildagi prezidentlik saylovlarini soxtalashtirishni ta’minlab bergan «mustaqil OAV» hamda «demokratik jamoatchilik»ni yomon ko‘raman. Takrorlayman, o‘shanda men bularning barchasini faol qo‘llaganman. Saylovlardagi soxtalikni emas, albatta. Bu narsa o‘sha vaqtda ham menga yoqmagan bo‘lardi. Ammo men o‘sha vaqtda bo‘lgan voqealarni payqamaslik uchun hamma narsa qilganman. Saylovlardagi nohaqliklar esa meni umuman bezovta qilmagan. Biz 1996 yilda saylovlarni soxtalashtirish doim ham yomon holat emas degan safsatani qabul qilganimiz uchun bugun tovon to‘layapmiz. Maqsad ajratilgan pullarni oqlagan.

Dissidentlarni ta’qib qilishda bosh-qosh bo‘lgan KGB rahbari o‘rinbosari Bobkovni ishga olgani uchun oligarx Gusinskiyni (hozir oligarx ham emas) yomon ko‘raman. O‘shanda Bobkovni ishga olish uning uchun shunchaki hazildek gap bo‘lgan: avval aybsizlarni qamagandi, endi mening qo‘l ostimda ishlaydi degandek. Xuddi livreydagi ayiqdek. O‘sha vaqt la’natilarni rag‘batlantirish oddiy hol bo‘lgan. Bugun o‘sha Bobkovning qo‘l ostida ishlagan yosh xodimlar Yashinni, Kara-Murzani, meni qamamoqda.

Yelsin davridagi hukumat hech narsa qila olmasdi, parlamentda kommunistlar ularga kun bermagan, qabilidagi gaplarni ko‘p eshitaman. Qiziq, 1996 yil garovli auksionlar o‘tkazishga xalaqit bermagan narsa negadir maxsus xizmatlarni va sud tizimini isloh qilishga xalaqit bergan.

1991 yil (isyongacha) va 1993 yildagi (parlament o‘qqa tutilganidan keyin) Rossiya hukumatidagi hammani yomon ko‘raman. Chunki ular ochiqchasiga demokratik islohot qilishni istamagan. Chexiyada (o‘rtacha maosh 181 ming rubl), Polshada (hozir u yerda demokratiya va o‘rtacha maosh 179 ming rubl), Estoniyada (hozir u yerda demokratiya va o‘rtacha maosh 192 ming rubl), Litvada (hozir u yerda demokratiya va o‘rtacha maosh 208 ming rubl) va Sharqiy Yevropadagi boshqa davlatlarda qilingan oddiy demokratik islohotlarni.

Ha, o‘sha vaqtda hukumatda to‘g‘ri, yaxshi, samimiy insonlar ham bo‘lgan. Ammo bu juda oz sonli insonlarning kurashdagi muvaffaqiyatsizligi o‘sha vaqtdagi korrupsiya va vijdonsizlikni yanada yaqqol ko‘rsatib beradi, xolos.

Biz 2011 yil Putin bilan emas, 1994 yil Yelsin, Chubays va barcha komsomol partiyasidagi bandalar, oligarxlar va o‘zini «demokrat» deb ko‘rsatganlar bilan Yevropa tomon emas, Markaziy Osiyo tomon yuz tutdik. Yevropadagi kelajagimizni «Tanya va Valya»ning (Yelsinning qizi va kuyovi – tarj.) Sen-Bartdagi «millionerlar oroli»da qurilgan villalariga almashdik.

Putin boshchiligidagi KGBchi/FSBchilar siyosiy lavozimlarni egallash uchun erkinlikka ega bo‘lgach, ularning qiladigan ishi ham qolmagandi. Ular shunchaki hayrat bilan «Nima, shunaqa qilsa ham bo‘ladimi?» deyishdi xolos. Va o‘yin qoidalari o‘g‘irlash, soxtalashtirish, senzuralash bo‘lsa, barcha sudyalar bizning nazoratimizda bo‘lsa, hammasini uddalashimizga ishoning, deyishdi.

Biz echkini karam omboriga kiritib yubordig-u, endi u hamma karamni yeb qo‘yibdi deb xafa bo‘lyapmiz. Axir u echki, uning missiyasi va maqsadi karamni yeb bitirish, kallasiga boshqa narsa kelmaydi. Unga nimanidir tushuntirish befoyda. Putinning mulozimlari va FSBchilarning kallasida ham faqat bir xil o‘y bo‘ladi: kattaroq uy qurib, o‘ziga yoqmaydiganlarni qamash. Ha, men echkiga toqat qila olmayman, lekin undan emas, uni karam omboriga qo‘yib yuborganlardan nafratlanaman.

Shunday bo‘lsa ham, kimdandir nafratlanib o‘tirgandan ko‘ra yaxshisi bunaqasi yana takrorlanmasligi uchun nima qilish haqida o‘ylash kerakligini bilaman. Shunda o‘zimdagi asosiy qo‘rquvga yetib kelaman. Men Rossiyada yana imkon yuzaga kelishiga, bu tarixiy jarayon bo‘lishiga nafaqat umid qilaman, balki bunga ishonaman ham. Bizda yana tarixiy imkon bo‘lgani, lekin biz 90-yillardagi xato yo‘ldan ketganimiz tushlarimga kirib, sovuq terga botib uyg‘onib ketaman. O‘sha xato yo‘l boshidagi yo‘lko‘rsatkichda «maqsad vositani oqlaydi» deb yozilgan bo‘ladi.

Ketayotganda esa hali kichik harflar bilan yozilgan «saylovlarni soxtalashtirish doim ham yomon emas», «xalqning ahvolini qara, ulardan qanaqasiga sudyalar hay’ati chiqadi», «o‘g‘ri ekanining farqi yo‘q, asosiysi texnokrat va veloyo‘laklar tarafdori», «bu odamlarga erkinlik ber va ular yana shunaqasini tanlaydi», «hukumati yevropalik birgina Rossiya qoldi» kabi avtoritarizmga bag‘ishlangan yana boshqa aqlli yozuvlar chiqadi.

90-yillar haqida yozganim tarix darsi bo‘yicha mashg‘ulot emas, Yevropaga yo‘l tarafdori bo‘lgan va demokratik rivojlanishni qo‘llovchilarni o‘ylantirishi kerak bo‘lgan asosiy savoldir.

Bilasizmi, bizning Aleksandr Venediktov va Kseniya Sobchak haqida qilgan surishtiruvimizga munosabatlar menda katta taassurot qoldirdi. Ular yedinorosslarga xizmat qiluvchi budjet fondidan yuz millionlab pul olishgan. Masalan, Venediktov kuzatuv shtabini boshqargan va ovozlarni soxtalashtirishda qatnashgani uchun 550 million rubl olgan. U sizning ovozingizni olib «Yedinaya Rossiya» nomzodiga berish uchun mo‘ljallangan elektron ovoz berish dasturining yuzi va targ‘ibotchisi bo‘lgan.

Ovozlar soxtalashtirilgani yaxshigina isbotlangan va bunga shubha yo‘q. Lekin bunga ishonmaydigan odamlar ham ko‘p ekan. Ular «Isbot yo‘q-ku, shunchaki pul to‘lashgan, soxtalashtirish esa bunga bog‘liq bo‘lmagan tarzda shunchaki amalga oshirilgan» deb o‘ylarkan. Yana ular buni arzimagan pul deb ham atagan. Ammo hammasi «mamontlar davrida» bo‘lgan, 2019 yil boshlangan. Ko‘pchilik bu ishlarni allaqachon unutib ham yuborgan. Hozir esa u «urushga qarshi».

Bu bir misol, lekin u Murzagulov bilan bog‘liq holatga va Xodorkovskiyning qurol olib Prigojinning yonida turishga chorloviga o‘xshaydi. Bu voqealardan shunday xulosaga kelish mumkinki, 2023 yilda ham, urush, repressiya va qama-qama vaqtida ham prinsiplarga sodir qolish ko‘pchilik tomonidan romantik narsa deb qabul qilinmoqda. Shaxsga sodiqlik, korporatsiyaga mansublik va eski do‘stlik ko‘pchilik tomonidan muhimroq deb qaralmoqda.

Men Aleksandr Venediktovni otib tashlash, osish yoki sezdirmay «kesish» tarafdori emasman. Hech qanday yovvoyilik shart emas. Lekin uning qilganlarini qo‘llamaslik, uni hamfikr deb atamaslik mumkin-ku. Kechirasiz-u, «Yedinaya Rossiya»ga ovozlarimizni sovg‘a qiladiganlar bizning ittifoqchilarimiz bo‘lsa, biz kim degan odam bo‘lamiz? Biz nega kerakmiz o‘zi? Unda yuring, «Yedinaya Rossiya» safiga qo‘shilib, u yerda mustahkam sobyaninchilar fraksiyasini tuzamiz. Asos tayyor. Korrupsiyaga qarshi kurash fondi surishtiruvining barcha qahramonlari tezda drim-timni oqlashga tushadi: Kseniya Sobchak (bir, ikki), Aleksey Venediktov, Maksim Kats (bir, ikki, uch) va sobiq «nashist», hozir negadir «Novaya gazeta» bosh muharriri Kirill Martinov.

Hammasi yaxshi bo‘ladi, pul ko‘p bo‘ladi. Biz mustahkam sobyaninchilar sifatida yomon Putinni chetlashtirishni va bizga yaxshi Sobyanin va Mishustinlar, Shuvalov va Liksutovlarni beringlar deymiz.

Shubha qilmang, ertaga yangi imkon bo‘ladi. Ammo biz yana qayerlardadir saylovlarni soxtalashtirish mumkin (aks holda «ekstremistlar»ni saylab qo‘yishadi), jurnalistlarni sotib olish normal holat («biz hech kimga pul to‘lamadik, shunchaki tanish oligarxdan bu kanalni sotib olishni so‘radik»), sudyalarni nazoratda ushlash kerak (aks holda ularni sotib olishadi»), hukumatdagi kadrlarning asosini almashtirish kerak emas («axir ularni ko‘chadan topib kelmaganmiz-ku, ular professionallar») deb o‘ylaydiganlar bilan to‘qnash kelamiz.

Hali ana u ko‘prik qurish uchun konkurs o‘tkazish shart emas, yaxshisi uzoq yildan buyon biz bilan ishlaydigan «ishonchli pudratchi»ga beraqolamiz deb o‘ylaydigan odamlar yana chiqadi. Va bunday odamlar putinchi yoki kommunist bo‘lmaydi. Ular ham o‘zlarini demokrat va liberal deb tanishtiradi.

Haqiqiy hayot murakkab, og‘ir va yoqimsiz odamlar bilan murosaga to‘la. Ammo biz hech bo‘lmasa yoqimsiz odam bo‘lmasligimiz va hech bo‘lmasa vaziyat kompromiss talab qilguniga qadar korrupsiyaning har qanday ko‘rinishini olqishlamasligimiz kerak. Qarashlar uchun kurash «real siyosat» shiori ostida boy berilishi mumkinligidan qo‘rqaman.

Bunday qo‘rquv va nafratdan qanday qutulish haqida menga maslahat bering. Bu haqda sizning fikringizni o‘qish men uchun juda qiziq. Imkon bo‘lsa, fikringizni pochta orqali yuboring. Menimcha, hozir o‘zingga sodiq qolishdan yaxshiroq nimadir qila olmaysan kishi. Odamlarga esa demokratik prinsiplar, pragmatiklik, mustaqil sud, haqqoniy saylovlar, qonun oldida hamma teng ekani, rivojlanish va yaxshi hayot uchun tanlanadigan eng to‘g‘ri yo‘l ekanini tushuntirishdan charchamaslik kerak. Yaxshi diktator haqida orzular esa shunchaki safsata.

Rus muxolifatining aksar qismi har qanday holatda ham saylovlarni soxtalashtirish, nohaq sud, korrupsiyani oqlamaydigan odamlardan iborat bo‘lsagina biz keyingi imkonda to‘g‘ri qaror berishimiz mumkin. Shunday to‘g‘ri yo‘lki, hech kim 2055 yilda Sharanskiyning kitobini o‘qib, buni qara-ya, xuddi hozirgidek demasin.

Mavzuga oid