O‘zbekiston | 18:55 / 13.08.2023
59076
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yo‘l o‘tkazgichning beshta to‘sini qulagani bo‘yicha jinoiy ish ochildi

Yetkazilgan zarar miqdori 2 mlrd 760 mln so‘mga baholanmoqda. Holat bo‘yicha uch nafar shaxs gumondor sifatida ushlangan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent shahar prokuraturasi Toshkent xalqaro aeroporti yaqinida qurilayotgan yo‘l o‘tkazgichning 5 ta to‘sini qulab tushgani holati yuzasidan o‘rganish natijalarini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, yo‘l o‘tkazgich qurilishidagi 2 mlrd 760 mln. so‘mlik zararda 3 nafar mansabdor ham gumon qilinmoqda.

«Joriy yilning 12 avgust kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasidan I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi va Sodiq Tolipov ko‘chasiga chiqish va tushishiga imkon beruvchi yo‘l o‘tkazgichni qayta qurish obektida uzunligi 42 metrlik 5 dona balkalar qulab tushgan va 2 mlrd 760 mln. so‘mlik zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 3 nafar mansabdor shaxslar gumon qilinuvchi tariqasida ishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan», deyiladi xabarda.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda aeroport yaqinida qurilayotgan yo‘l o‘tkazgichning beshta to‘sini bir vaqtning o‘zida qulab tushgani aks etgan videolar tarqalgandi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» bunga ehtiyotsizlik sabab bo‘lganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid