Jahon | 09:00 / 15.08.2023
5756
3 daqiqa o‘qiladi

Havayi ma’muriyati yong‘inga qarshi kurashda muvaffaqiyatga erishganini e’lon qildi

100 ga yaqin insonning hayotiga zomin bo‘lgan besh fojiali kundan so‘ng, Havayi orollari hukumati vaziyat tobora ko‘proq qutqaruv xizmatlari nazorati ostiga o‘tayotganini xabar qildi.

Foto: AP

Havayidagi Maui va Katta orollaridagi yirik o‘rmon yong‘inlari bilan bog‘liq vaziyat asta-sekin barqarorlashmoqda: tabiiy yong‘in markazlarining aksariyati mahalliylashtirildi va uning keyingi tarqalishi nazorat ostiga olindi. Bu haqda 13 avgust kuni kechki payt AQShning Havayi shtati rasmiylari yong‘inlarga qarshi kurashda muvaffaqiyatga erishilganini ta’kidlab, ma’lum qildi.

Maui g‘arbidagi Laxayna shahri atrofida kuzatilayotgan ayniqsa kuchli yong‘in hozirda 90 foizga o‘rab olingan, ichkarida, Kula shahri yaqinida esa yong‘in to‘liq o‘chirilgan.

14 avgust kuni ertalabki holatga ko‘ra, 8 avgust, seshanba kunidan beri orollarni qamrab olgan yong‘in qurbonlari 96 nafarga yetgani tasdiqlangan. 2200 dan ortiq bino vayron bo‘lgan, ularning deyarli 90 foizi turar joy inshootlari. Yong‘in natijasida 850 gektardan ortiq maydon yonib ketgan. AQSh matbuotiga ko‘ra, bu yong‘inlar so‘nggi 100 yil ichida AQSh tarixidagi eng dahshatli tabiiy ofatga aylandi. Favqulodda vaziyatlarni boshqarish bo‘yicha federal agentlik (FEMA) dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, birgina Laxaynani qayta tiklash 5,5 milliard dollarga tushadi.

Havayidagi yong‘inlar: shok va yo‘qotishlar

FEMA 12 avgust, shanba kuni ma’lum qilishicha, hozirda o‘nga yaqin federal agentliklar yong‘indan jabrlanganlarga yordam berish ustida ishlamoqda. 150 kishi, jumladan qidiruv-qutqaruv guruhlari allaqachon Mauida va yana ko‘plari yo‘lda, deya qo‘shimcha qildi agentlik. 

«Biz shok va yo‘qotish holatidamiz», dedi yakshanba kuni CNN telekanalida Havayi shtatidan senator Mazi Xirono. Havayi gubernatori Josh Grin rasmiylar yong‘in xavfi haqida odamlarni kech xabardor qilish masalasi bo‘yicha birgalikda tekshiruv o‘tkazishini ma’lum qildi. Reuters xabariga ko‘ra, trevoga signalini beruvchi sirenalar ishlamagan. 

Yong‘inlarning aniq sabablari hozircha aniqlanmadi

Havayi rasmiylariga ko‘ra, yong‘inlar arxipelagdan janubga qarab harakatlanayotgan «Dora» to‘foni bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Tezligi 130 km/soatga yetgan kuchli shamol ta’sirida alanga tezda quruq o‘t va binolarga tarqalgan. Biroq yong‘inlarning aniq sabablari hozircha aniqlanmadi. 

Qutqaruv ishlarini, shuningdek, Laxayna shahrining shimoliy va janubiy qismlariga faqat katta kirish yo‘li orqali yetib borish mumkinligi ham qiyinlashtirdi. Mahalliy energetika kompaniyasi ham elektr ta’minotini o‘z vaqtida o‘chirmagani, yuqori voltli simlarning qulashi yangi yong‘inlarni keltirib chiqargan bo‘lishi mumkinligi uchun tanqid qilindi. 

Mavzuga oid