Maxsus Xitoy operatsiyasi. XXR kompartiyasi iqtisodiy inqirozga qarshi kurash doirasida taqiqlarni ko‘paytirdi
Xitoyda muammolar bor: Si Jinpingning barcha sa’y-harakatlari va qarorlariga qaramay, daromadlar o‘smayapti, iqtisodiyot koviddan keyin jonlanmayapti. Kommunistik partiya muvaffaqiyatsizliklar bilan kurashishda Rossiyada mashhur bo‘lgan usulni sinab ko‘rishga qaror qildi, ya’ni muammolar haqida gapirishni taqiqlash va aholini yomon xabarlar bilan bezovta qilmaslik.
15 avgust kuni, sust iqtisodiy o‘sish, deflyatsiya va yil davomidagi eksport va importning eng katta pasayishini ko‘rsatgan tushkun iyul statistikasidan bir hafta o‘tgach, Xitoydan sanoat, chakana savdo va investitsiyalar o‘sishi sekinlashishi haqidagi yoqimsiz xabarlarning yana bir to‘lqini keldi.
Ammo statistik ma’lumotlarning yangi qismida eng kutilgan raqam yo‘q edi. Yoshlar ishsizligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘rniga rasmiylar ular hozircha ochiqlanmasligi haqida bayonot e’lon qildi. Dastlab, ularning to‘plamini «optimallashtirish» kerak, degan Xitoy Davlat statistika qo‘mitasi.
Yoshlar ishsizligining rekord darajada o‘sishi – Xitoy iqtisodiyoti muammolari ramziga aylangani uchun hamma hisobotni intiqlik bilan kutayotgan edi. 2023 yil iyun oyida 16 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan har besh xitoylikdan biri o‘ziga ish topa olmagan va iyul oyida vaziyat yanada yomonlashganiga iqtisodchilarning ishonchi komil.
Barcha e’tibor dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan Xitoy iqtisodiyotiga qaratilgan, chunki u 2023 yilda, Xitoydagi kovid cheklovlari va Rossiyaning Ukrainaga hujumi hamda Kremlning Yevropa Ittifoqi bilan gaz urushi tufayli Yevropadagi inqiroz bilan esda qolgan og‘ir 2022 yildan keyin, dunyoda ishbilarmonlik faolligini tiklashning motori bo‘lishi kerak edi.
Biroq, Xitoydagi vaziyatni baholash iqtisodchilar uchun kundan kunga qiyinlashib bormoqda.
Faqat yaxshi xabarlar
Xitoyda allaqachon statistikani yashirish borasida tajriba bor — pandemiya paytida Kommunistik partiya o‘lim holatlari haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilishni to‘xtatgandi. Biroq, iqtisodiy ko‘rsatkichlar, garchi ularni talqin qilish maxsus ko‘nikma va kirish huquqini talab qilsa ham, hozirgacha muntazam ravishda e’lon qilib kelinayotgandi.
Endi, iqtisod sekinlashayotgan, hukumat uni qayta jonlantira olmayotgan va farovonlikning avvalgi o‘sish tempiga qaytolmayotgan bir vaqtda, hukumat ma’lumotlarni tanlab nashr etish va narsalarni o‘z nomi bilan atashni taqiqlash orqali imijni yaxshilashni boshladi.
G‘arb bilan aloqalar uzilgandan keyin kelajagini Xitoy bilan bog‘layotgan qo‘shni Rossiyada ham vaziyat taxminan shunday. Ukrainaga bostirib kirgandan so‘ng, Kreml tashqi savdo, neft va gaz qazib olish bo‘yicha statistik ma’lumotlarni maxfiylashtirdi va qamoq tahdidi bilan urushni «maxsus harbiy operatsiya» deb atashga majbur qildi. Vladimir Putin Rossiya iqtisodiyotining muvaffaqiyati haqida hisobot beradi, iqtisodchilar esa inqiroz haqida gapiradi va qorong‘i kelajakni bashorat qiladi.
So‘nggi bir necha oydan buyon Xitoydan ham shunga o‘xshash xabarlar kelmoqda.
Xitoy xorijliklarning korporativ reyestr va akademik tadqiqotlarga kirish huquqini chekladi. Ma’lumotlarni himoya qilish haqidagi yangi qonun biznes hisobotlarini tahlil qilishni qiyinlashtirdi. Qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi yangi qonun esa Xitoy siyosati, qonunchiligi, ishbilarmonlik muhiti va sud tizimini «noto‘g‘ri talqin qilish»ni taqiqladi.
To‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlardan tashqari, yashirin cheklovlar ham ko‘paymoqda.
G‘arbning yetakchi biznes gazetasi Financial Times Xitoyda maslahatchi, tahlilchi va tadqiqotchi sifatida ishlayotgan iqtisodchilar bilan suhbatlashgan. Ulardan bir nechasi yaqinda ularga Xitoy iqtisodiyoti haqida salbiy gaplar aytishdan qochish haqida ko‘rsatma berilganini tasdiqlagan.
Bunday maslahatlar rasmiylar, ommaviy axborot vositalari va ish beruvchilar — Xitoy banklari va universitetlaridan kelmoqda.
«Tartibga soluvchilar iqtisod haqidagi salbiy ommaviy sharhlarni to‘xtatmoqchi», degan FT nashriga o‘zining asosiy ishidan tashqari, Xitoy Markaziy banki maslahatchisi sifatida ham ishlovchi anonim iqtisodchi.
«Hukumat biz yomon xabarlarni ijobiy talqin qilishimizni xohlaydi», deydi iqtisodchi.
Potomkin prospektlari
Xitoy iqtisodiyoti imijini yuvish — bu yangi tendensiya.
«2022 yili deflyatsiya va boshqa potensial muammolarni qiyinchiliksiz muhokama qilish mumkin edi. Endi bunday sharhlar hech qachon efirga uzatilmaydi», deydi Shanhaydagi yirik moliya instituti iqtisodchisi.
Ilgari deflyatsiya yo‘q edi. 2023 iyul oyida esa, pandemiyadan keyin birinchi marta iste’mol narxlari ko‘tarilmasdan, pasayib ketdi. Bu Xitoy iqtisodiyotidagi chuqur muammolarni ko‘rsatadi va hukumatning xizmat ko‘rsatish sohasi va iste’mol talabini jonlantirish maqsadini uzoqlashtiradi.
Noxush statistik ma’lumotlardan bir oy oldin, Xitoy Davlat statistika qo‘mitasi vakili Fu Linhuey «Xitoyda deflyatsiya yo‘q va bo‘lmaydi ham» deb aytgan edi.
Deflyatsiya darhol sodir bo‘ldi, ammo iqtisodchilar va tahlilchilar partiyaning yangi liniyasiga muvofiq «bostirilgan inflatsiya»ni muhokama qilishga majbur bo‘ldi.
Xitoy kompaniyalari va banklariga kapital jalb qilishga yordam beradigan huquqshunoslar va investitsiya bankirlari ham evfemizmlar (nomaqbul so‘zlarni «yumshoqrog‘i»ga almashtirish) qo‘llashga o‘tgan. Umumiy qabul qilingan jahon amaliyotiga ko‘ra, ular potensial investorlarni Hongkong fond birjasida aksiya yoki obligatsiyalarni joylashtirishda mamlakat risklari haqida ogohlantirishi kerak.
Ular oldin buni to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshirgan. «Biroq, 2023 yil iyul oyida Qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha davlat komissiyasi yopiq eshiklar ortidagi yig‘ilishda salbiy baholardan voz kechishni tavsiya qilgan», deya xabar beradi Reuters. Masalan, «valuta nazorati» emas, «valuta kursini boshqarish» deyish kabi.
Komissiya ruxsatisiz fond birjasiga joylashtirish mumkin emasligi sababli, huquqshunoslar tayyor emissiya prospektlarini (boshqalar qatorida aksiyalar yoki obligatsiyalar emitentining risklarini tavsiflovchi hujjatlar) qayta yozishga shoshildi.
Ulardan biridagi Xitoy hukumati o‘yin qoidalarini o‘z-o‘zidan va ogohlantirishsiz o‘zgartirishga moyil ekani haqidagi eslatma yo‘qolib qolgan. «Endi u yerga hukumat vaqti-vaqti bilan o‘z siyosatini to‘ldiradi va tuzatadi deb yozib qo‘yilgan», deya xabar beradi Reuters noma’lum manbalarga tayanib.
Boshqa bir hujjatda Xitoyda arbitraj qarorini ijro etishga erishish qiyinligini ta’kidlash o‘rniga, endilikda Xitoy sud tizimining o‘ziga xosligi va boshqa yurisdiksiyalardan farqli ekani qayd etilgan.
Yuzni saqlash
Xitoy iqtisodiyoti haqidagi noxush xabarlar ham, Xitoy rasmiylarining ularga nisbatan og‘riqli sezgirligi ham iqtisodchilar va sharhlovchilarni ajablantirmadi.
Si Jinping iqtisodiyotni qayta qurishni yaxshi hayotdan boshlamadi.
Sanoatlashtirish, urbanizatsiya, investitsiyalar va eksport hajmini oshirish zaxiralari tugadi. Xitoy iste’mol va innovatsiyalarga asoslangan zamonaviy iqtisodiyotga o‘tishga harakat qilmoqda, biroq unga hozircha eski muammolar xalaqit bermoqda, bular ko‘chmas mulk bozoridagi pufak, hududlardagi qarz inqirozi, demografiya, markazlashtirilgan va mafkuraviy boshqaruv, shuningdek Xitoy qoralashni xohlamayotgan Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin G‘arb bilan avj olgan ziddiyat.
Iqtisodiyot sekinlashuvi Xitoyni nafaqat AQShni jahon yetakchisi o‘rnidan tushirish maqsadidan uzoqlashtiradi, balki bu butun hokimiyatni o‘z qo‘lida to‘plagan va cheksiz uchinchi muddatga mamlakat rahbari bo‘lgan Jinping imijini ham buzadi.
Xitoyning butun bir avlodi hayotning yildan yilga yaxshilanib borishiga o‘rganib qolgan, chunki Xitoy asr boshidan buyon iqtisodiy o‘sish bo‘yicha jahon rekordchisi bo‘lib kelayotgandi. Va bu mo‘jiza o‘z nihoyasiga yetdi.
Si Jinping mamlakatdagi hamma narsaga rahbarlik qilar ekan, iqtisodiyot muammolari — bu uning muammolari. Bunday vaziyatda, uning qo‘l ostidagilarining deflyatsiya va ishsizlik haqidagi salbiy yangiliklarni filtrlash istagi tushunarli.
Iqtisodchilar sifat jihatidan yangi darajaga chiqish uchun bunday qayta qurish muqarrar ravishda o‘sish sur’atlari sekinlashishiga olib kelishi haqida ogohlantirgan edi. Bu og‘riqli, ammo zarur. Yagona savol inqiroz qanchalik tez yengib o‘tilishida.
Bu ko‘p jihatdan hukumat siyosatiga bog‘liq bo‘ladi. Bozor va siyosiy islohotlar yo‘qligi sharoitida ularning zaxirasida davlat investitsiyalari va subsidiyalari qolmoqda, ammo rag‘batlantirishlar tobora qimmatlashib, natijalar esa kamtarona bo‘lib bormoqda.
Va hatto agar hukumat siyosatdagi qo‘pol xatolardan qochishga muvaffaq bo‘lsa ham, qayta qurish uchun sarmoya kerak. Xitoyga sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan xorijiy kompaniyalar va fondlar uchun statistikaga ishonch hamda to‘g‘ri va ochiq ma’lumotlarga asoslanib xavflarni tahlil qilish imkoniyati muhim ahamiyat kasb etadi.
«Ishonch hatto hukumat ekspertlarida ham yo‘qola boshladi», deydi FT gazetasi. Nashr hukumatning yetakchi tahliliy markazining sobiq bosh iqtisodchisi bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ishtirok etgan ikki manbadan iqtibos keltirgan. Yig‘ilish yopiq eshiklar ortida o‘tgan va unda yuqori martabali o‘rtoq nafaqat taqiqlangan «deflyatsiya» so‘zini tilga olgan, balki rasmiy statistik ma’lumotlar ishonchliligiga shubha bilan qarashini ham aytib o‘tgan.
«Bu hammani biroz hayratda qoldirdi. Ammo u buni baland ovozda aytdi», deya uchrashuv ishtirokchilaridan iqtibos keltirgan Financial Times.
Mavzuga oid
23:04
Xitoy qutb suvlarida suzishga qodir dunyodagi eng yirik yuk tashuvchi kemani sinovdan o‘tkazdi
21:52
Xitoyda 2027 yil oxiriga borib 5G aloqa tarmog‘idan foydalanuvchilar ulushi 85 foizga yetkaziladi
17:07
Xitoyning O‘zbekiston bilan savdo aylanmasi hajmi kamaydi
23:24 / 23.12.2024