Jamiyat | 16:07 / 17.08.2023
24898
2 daqiqa o‘qiladi

Qarshi davlat universiteti talabalarning yotoqxonaga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplaydi

Ayni kunlarda Qarshi davlat universitetida yangi o‘quv yiliga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Xususan, oliy ta’lim muassasasida talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha alohida shtab tuzilib, ijara xonadonlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, talabalarning dars qilishlari, dam olishlari uchun yaratilgan sharoitlar, ijaraga qo‘yuvchi oilaning ijtimoiy-ma’naviy ahvoli o‘rganilmoqda.

Foto: Qarshi davlat universiteti

Xonadon egalariga ijara shartnomasi tuzish tartibi, uning afzalliklari haqida tushuncha berilmoqda. Shuningdek, universitet talabalar turar joylari ham talabalarni kutib olish uchun shay holatga keltirildi. Yaqinda oliygoh tomonidan talabalar uchun munosib sharoit va qulaylik yaratish maqsadida o‘ziga xos yangilikka qo‘l urildi. Endilikda universitet yoshlari qarshidu-yotoqxona.uz/send-application havolasi orqali talabalar turar joylariga joylashish uchun onlayn shaklda ariza topshirishlari mumkin.

– Talabalarni turar joy bilan ta’minlash jarayonining raqamlashtirilganligi, yoshlarning vaqt sarflamasdan, ortiqcha ovoragarchilik va qog‘ozbozliksiz, tez hamda oson yotoqxonaga joylashish imkoniyatini yaratadi, - deydi Talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Umidjon Xolmurodov.

– Ushbu yangi onlayn platformaning afzallik jihatlari shundaki, unda yotoqxona olish uchun arizalarni onlayn yuborish, tasdiqlash va rad etish jarayonini kuzatib borish hamda SMS-xabarnomalar olish, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni ustuvor ravishda joylashtirish, shaffoflikni ta’minlash maqsadida to‘lovlarni onlayn shaklda amalga oshirish va fakultetlar uchun ajratilgan bo‘sh joylarni onlayn ko‘rish kabi qator qulayliklar mavjud.

Ma’lumot o‘rnida, universitetda mavjud 10 ta talabalar turar joyidagi o‘rinlar soni 3038 tani tashkil etadi. Mazkur ko‘rsatkich mavjud ehtiyojni to‘liq qoplash imkonini beradi.

Qarshi davlat universiteti matbuot xizmati

Mavzuga oid