Jahon | 18:50 / 18.08.2023
19038
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh maxsus xizmatlari Ukrainaning qarshi hujumi muvaffaqiyatiga ishonqiramayapti

Ukraina yozgi qarshi hujumining asosiy maqsadi - Melitopolga yetib bora olmaydi deb hisoblanmoqda.

Ukrana armiyasi askarlari. Foto: Libkos / AP

Ukraina qurolli kuchlari Melitopolni egallay olmaydi va Qrimga quruqlikdan eltuvchi yo‘lni kesib qo‘yib, Azov dengiziga chiqa olmaydi — bu kamida shu yilning yozida o‘tkazilayotgan qarshi hujum kampaniyasida ro‘y bermasligi aniq, deb yozadi The Washington Post nashri Amerika maxsus xizmatlarining baholashlariga havola qilib.

Nashr maqolasida yozilishicha, Ukraina qurolli kuchlari Zaporijjya yo‘nalishining asosiy mudofaa tuguni Tokmak shaharchasiga ham yetib borolmaydi.

«Bu baholashlar Rossiya qurolli kuchlari tomonidan egallangan hududlardagi qavat-qavat istehkom chiziqlari hamda mina maydonlariga tayangan mudofaa chizig‘ining qo‘pol samardorligiga asoslangan. Bu hol Kiyevda ham, G‘arbdagi ittifoqchilar poytaxtlarida ham milliardlab dollar va harbiy texnika bilan qo‘llab-quvvatlab turilgan qarshi hujum nega ko‘zlangan maqsadga yetkazmayotgani xususida munozaralarga sabab bo‘lishi mumkin», — deb yozadi gazeta.

Maqolada Ukrainaning xatti-harakatlaridan AQShning norozi bo‘layotgani ham aks etgan: janubiy yo‘nalishlardan Baxmutga kuchlarni jalb qilish bilan mashg‘ul bo‘lib, bitta konsentratsiyalashgan yorib o‘tish (Pentagon buni ko‘p bor tavsiya etgan) o‘rniga ko‘p yo‘nalishlar bo‘yicha kichik guruhlar bilan hujumga o‘tish taktikasidan foydalanilmoqda. Natijada Ukraina qurolli kuchlari baribir yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda: qat’iy natijalarga erisha olmayapti va yorib o‘tishga mo‘ljallangan kuchlarni birinchi mudofaa chiziqlarida jangga kiritishga majbur bo‘lmoqda. So‘nggi ta’kidni shu hafta ichida Rossiya harbiy kanallari ham qayd etgan: frontda shu paytgacha zaxirada ushlab turilgan Britaniyaning Challenger tanklari va Stryker zirhli transportlari paydo bo‘lgan. 

Mazkur doklad bilan AQSh kongressmenlarining bir qismi tanishgach, Bayden administratsiyasining Ukrainaga 20,6 mlrd dollarlik yangi yordam paketiga respublikachilarning qarshiligi kuchaygan. Ayrim demokratlar esa, aksincha, Oq uyning Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha qat’iyatsizligini tanqid ostiga olishgan. Bu ichki kurashning ehtimolli aks sadosi sifatida AQSh ukrainalik pilotlar tayyorgarlikni yakunlagach Ukrainaga Daniya va Niderlandiya harbiy-havo kuchlari tarkibidan F-16 qiruvchi harbiy uchoqlari yetkazilishini ma’qullagani to‘g‘risidagi yangilik Reuters tomonidan tarqatildi.  

AQSh maxsus xizmatlarining mazkur amaliy bahosi agar dezinformatsiya kampaniyasining bir qismi bo‘lib chiqmasa, G‘arb davlatlari urushning 2024 yilda ham davom etishi, yozgi qarshi hujum qishkisiga aylanishini kutishayotganidan dalolat beradi, garchi hamon Ukraina qurolli kuchlaridan «mo‘jiza» kutayotgan bo‘lishsa-da. Rossiya qurolli kuchlari ham sezilarli yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda, ularning ma’naviy ruhi tobora zaiflashmoqda, degan shu hafta ichida AQSh shtab boshliqlarining birlashgan qo‘mitasi raisi general Mark Milli.

Mavzuga oid