Sport | 13:59 / 19.08.2023
19224
16 daqiqa o‘qiladi

APLda ikki top-uchrashuv va London derbisi. Hafta o‘yinlari anonsi

Yevropada navbatdagi futbol haftasiga start berildi.

Foto: Getty Images

Angliya doimgidek har turda kamida ikkitadan top-o‘yin taqdim etishda davom etadi, Ispaniyada katta klublarning sinovi asta-sekinlik bilan murakkablikka qarab odimlashni boshlaydi. Germaniyada ham e’tiborga molik uchrashuv bor. A Seriya birinchi turdanoq yetakchilarni o‘zaro ro‘para qilmay, biroz chigalyozdi qilib olishiga imkon yaratdi. Fransiyada esa nihoyat Mbappe safga qaytishi mumkin.

BAYYeR – LeYPsIG (19 avgust, 18:30)

Bu haftadan Germaniya va Italiyada ham chempionat o‘yinlariga start berilib, kuchli beshlik to‘liq tarkibga ega bo‘ladi. Bundesligada qiziqarli o‘yin bor – so‘nggi yillarda kuchli to‘rtlikning doimiy a’zosi bo‘lib qolgan «Leypsig» Habi Alonso boshchiligidagi «Bayyer» mehmoni bo‘ladi.

«Bayyer» o‘tgan mavsumni yaxshi yakunlay olmagandi (barcha musobaqalardagi oxirgi 7 o‘yin g‘alabasiz). Jamoa yakunda YeChL o‘rinlarini boy bergan bo‘lsa-da, mavsumning kashfiyot jamoalaridan bo‘ldi, Alonsoning o‘yin uslubiga yuqori baho berilib, yosh murabbiy hatto bir qator top klublarning ham nazariga tushdi. Tabiiyki, bu mavsumda «Bayyer» ham Habi Alonsoning haqiqiy salohiyatini ochib berishi kerak. Yarimhimoyaga sotib olingan ikki tajribali futbolchilar – Granit Jaka («Arsenal») va Yonas Hoffman («Borussiya» Menhengladbah) leverkuzenliklarning yosh tarkibiga o‘ziga yarasha muvozanat olib kirishi lozim bo‘ladi. Tabiiyki, transfer bozori tugamadi, hali Tapsoba, Frimpong va Virs kabi futbolchilarni saqlab qolish ham kerak.

«Leypsig» esa mavsumga yuqori notada kirib bo‘ldi. Marko Roze shogirdlari o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan Superkubok uchun bahsda «Bavariya»ni yirik hisobda yer tishlatdi. Dani Olmoning het-trigi jamoaga oxirgi uch oydagi ikkinchi sovrinni olib berdi. Darvoqe, «Bayyer»ning ham mavsumdagi ilk rasmiy o‘yini ancha sermahsul bo‘lganini e’tirof etish kerak. Jamoa Germaniya kubogi ilk bosqichida quyi liga vakili «Teutonia» darvozasiga javobsiz sakkiz gol yo‘lladi.

Yo‘qotishlar har ikki tomonda ham yetarli. Mezbonlar tarkibida sentabrgacha maydonga qaytmaydigan Patrik Shik va Serdar O‘zmundan tashqari, o‘tgan mavsum oxiridagi qizil kartochkalar tufayli Hinkapi aa Amin Adlida diskvalifikatsiya bor. Roze esa Amadu Aydara, Kevin Kampl va Peter Gulachi kabi asosiy tarkib vakillari yordamidan foydalana olmaydi.

TOTTeNHEM – MANCheSTeR YuNAYTeD (19 avgust, 21:30)

Angliyaning doimiy yetakchi klublari orasida aynan «Tottenhem» va «MYu»ning birinchi turdagi o‘yini biroz tumanli chiqdi. Londonliklar tushunarli – yangi murabbiy qo‘l ostida, buning ustiga so‘nggi pallada Harri Keynsiz qolgan «Tottenhem» o‘z maydonida ancha kuchli o‘ynaydigan «Brentford»ga ikki gol ura olgani ham (2:2) ijobiy holat. «Yunayted»dan ancha salobatli o‘yin kutilgandi. Ammo «Vulverhempton» «Old Trafford»da ancha yaxshiroq o‘yin ko‘rsatib, ushbu stadionda mehmon jamoalar namoyish etgan performanslar ichida 2005 yildan beri eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etishdi – 23 zarba. Manchesterning qizil tarafi Hoylundning hali safga kirmagani, Maunt, Onana kabi tizimli futbolchilarning jamoaga to‘liq kirishib ketmagani hamda o‘tgan mavsum starti bundan ham badtar bo‘lgani bilan o‘zini ovutmoqda, xolos. Ha, uch ochko qo‘lga kiritildi, ammo agar hakamning keyinchalik tan olingan xatosi bo‘lmaganda «bo‘rilar» so‘nggi daqiqalarda penalti tepishi kerak edi.

Demak, intriga nuqtayi nazaridan ham juda qiziq uchrashuv. «Yunayted»ning dastlabki o‘yini kutilmagan va istisno edimi? Posteko‘g‘li shogirdlarini ilk uy o‘yiniga qanday tayyorlaydi? «Tottenhem» katta o‘yinlarda o‘rganib qolgan himoyaviy uslubiga tayanadimi yoki yangi murabbiy rostan ham jamoa imijini o‘zgartirishni ertaroq boshlay oladimi? Savollar ko‘p. Darvoqe, jamoalarning o‘tgan mavsum Londonda o‘tgan o‘yini ham juda qiziqarli kechgandi. Birinchi bo‘lim 2:0 hisobida mehmonlar foydasiga hal bo‘lgan, ammo ikkinchi bo‘limda «Tottenhem» kambek uchun o‘zida kuch topa olgandi (2:2).

Tarkiblar borasida mehmonlar yuqorida tilgan olingan Hoylunddan tashqari, Harri Maguayrni Londonga olib kelmagan. Amad Diallo, Teyrel Malasiya hamda Kobi Maynu esa uzoq muddatga safda bo‘lishmaydi. Ammo murabbiy Antoni Marsiyalni maydonga qaytarishi mumkin – birinchi o‘yinda Reshforddan markazda foydalanish yana o‘zini oqlamagandi. Mezbonlar safida Rodrigo Bentankur, Rayan Sessenon, Brayn Hil kabi futbolchilarda jarohat bor.

Umuman, o‘zaro o‘yinlarda «Tottenhem» so‘nggi 5 uy uchrashuvi «MYu»ni yenga olmayapti. APLdagi so‘nggi besh o‘yinda ham londonliklar g‘alaba qozona olmagan. «Shporlar»ning bu raqibi ustidan oxirgi g‘alabasi «Old Trafford»dagi o‘sha mashhur 6:1 hisobida yakunlangan o‘yin (2020 yil oktyabrida, o‘shanda Marsiyal birinchi bo‘limdayoq qizil kartochka olib, mezbonlarni qiyin ahvolda qoldirgandi) bo‘lib qolmoqda.   

MANCheSTeR SITI – NYuKASL YuNAYTeD (19 avgust, 23:59)

Aslida APLning markaziy uchrashuvi biroz keyinroq, yakshanbaga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadi. Avgustni ham xuddi o‘tgan mavsumning davomidek boshlagan ikkala jamoa 1-turni yirik hisobdagi g‘alabalar bilan boshlashdi – «Siti» yuqori ligaga qaytgan «Byornli»ni 3:0 hisobida yengdi, Eddi Hau shogirdlari esa Unai Emeri boshqaruvidagi «Aston Villa»ga imkon qoldirmadi – 5:1. Demak, bu turdan keyin ulardan biri jadvalda peshqadam sifatida joylashib olish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, roppa-rosa bir yil oldin ham bu jamoalar ilk turlarda o‘zaro duch kelgan va mavsumning eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazib bergandi. Allan Sen-Maksimenning individual benefisiga aylanib ketgan o‘sha bahs jangovor 3:3 hisobidagi durang bilan yakunlangandi.

Allan hozir yo‘q, futbolchi Saudiyaga jo‘nab ketgan eshelonga ilinib qoldi, lekin «Nyukasl» bu bilan kuchsizlanib qolgani yo‘q. Uning o‘rniga Harvi Barns, shuningdek, Sandro Tonalini markazga qo‘shib olgan «qarg‘alar» yanada muvozanatli ko‘rinmoqda. Bundan tashqari, har ikki yangi futbolchi ham 1-turda o‘zini ko‘rsatdi va bittadan gol urishdan tashqari, boshqa gollarda qatnashishdi. «Nyukasl» ushbu o‘yindan so‘ng «Liverpul», keyin esa safarda «Brayton» bilan o‘ynashi e’tiborga olinsa, dastlabki turdagi g‘alaba ayni muddao bo‘ldi. Tabiiyki, yuqori o‘rinlarni maqsad qilgan jamoa qiyin taqvim bo‘lishiga qaramasdan har bir o‘yinda ochko olishga urinib ko‘radi.

Umuman olganda, hozir «Manchester Siti»dan ochko olishning ayni vaqti, bu jihatdan «Nyukasl»ga biroz omad ham kelgan deyish mumkin. Pep Gvardiola shogirdlari bilan qishda yoki bahorda emas, avgust oyida o‘ynab olgan durust. Ko‘pincha «Manchester Siti» mavsumni u qadar kuchli boshlamaydi, bu birinchidan. Ikkinchidan, Kevin de Bryuynening jarohati hamda Gundo‘g‘anning o‘rnini to‘ldirish harakatlari hali tugamagani jamoa o‘yiniga ta’sir qilayotgani shubhasiz. Xabarlarga qaraganda, markazda Bernardu Silvaning ham o‘yinga tayyor bo‘lishi so‘roq ostida. Pep Gvardiola matbuot anjumanida Jon Stounzning ham mushaklarida muammo paydo bo‘lgani haqida ma’lumot berdi. Lekin Ruben Diash maydonga qaytishi kutilmoqda.

Ayniqsa, «Sevilya»ga qarshi UYeFA Superkubogi o‘yini ham bugungi «Siti»ga qarshilik qilish mumkinligini ko‘rsatib ham berdi. «Nyukasl» himoyalanishda «Sevilya»dan kam emas, buning ustiga hujumda yaxshiroq ijrochilar bor. Aslida «Manchester Siti»ning hafta o‘rtasida Gretsiyaga borib, Superkubok uchrashuvini o‘tkazib qaytgani, ya’ni «Nyukasl» bugungi o‘yinga tayyorlanish uchun ikki barobar ko‘proq vaqtga ega bo‘lganini inobatga olsak, mehmonlarda yana qo‘shimcha faktorlar borligini e’tirof etish kerak.

Albatta, «Manchester Siti» favorit, ammo yuqorida tilga olingan omillar mehmonlarda ham imkoniyat qoldiradi, eng kamida o‘yinning tomoshabop va murosasiz o‘tishini ta’minlashiga umid qilib qolamiz.

VeST HEM – CheLSI (20 avgust, 20:30)

Bu hafta Londonda ikki derbi bo‘lib o‘tadi. «Arsenal»ning «Kristal Pelas»ga safaridan ko‘ra, mana bu o‘yinda anons uchun tanladik. Sababi, «Chelsi»ning birinchi turda «Liverpul»ga qarshi o‘yini ko‘pchilik uchun kutilmaganda ijobiy taassurot uyg‘otdi. Tabiiyki, Pochettinoning dastlabki chizgilari, shuningdek, bir qator yangi futbolchilarning o‘yiniga qiziqish yuqori. «Chelsi» bu hafta ham tinch turmadi va Keysedo va Laviya transferlarini e’lon qildi. Katta ehtimol bilan ekvadorlik futbolchi ushbu uchrashuvda debyut qilishi mumkin.

«Vest Hem» yozning rekord narxlaridan biriga Deklan Raysni sotgan bo‘lsa-da, hozircha transfer bozorida o‘zini kamtar tutmoqda. Ilk xarid atigi bir hafta oldin Edson Alvares bo‘ldi. Ammo aytish mumkinki, «Ayaks»dan tashrif buyurgan meksikalik yarimhimoyachi ba’zi jabhalarda hatto Raysdan ham yaxshiroq bo‘lib chiqishi mumkin. Shuningdek, Angliyada bugungi kunda jarima zarbalar qiroli bo‘lgan Jyeyms Uord-Prouz ham tarkibga qo‘shildi. Hali Raysning puliga yana bir futbolchi olinishi mumkin bo‘lgan holatda «Vest Hem» yana bir yarimhimoyachisini yaxshigina narxga sotishga yaqin turibdi. Lukas Paketaga kimsan Pep Gvardiola qiziqib qolgan. Ammo so‘nggi pallada negadir transfer ancha sekin odimlay boshladi. Sabab sifatida, futbolchining totalitazorga aralashib qolgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar keltirilmoqda. Agar bu tasdiqlansa yoki qandaydir tekshiruvlar boshlanib qolsa, «Manchester Siti» braziliyalik yarimhimoyachidan voz kechishi ham mumkin.

Mezbonlar tarkibida jarohatlanganlar deyarli yo‘q. Ammo «Chelsi»ning muammolari davom etyapti. Nkunku, Foffana kabi uzoq muddatga safdan chiqqan futbolchilar ortidan Ris Jyeymsning navbatdagi jarohati ortiqcha bo‘ldi. O‘tgan o‘yinda ertaroq almashtirilgan Jyeyms haqida Pochettino uning shunchaki charchaganini aytgandi, ammo jarohat jiddiyroq bo‘lib chiqdi va yangi sardor qachon maydonga qaytishi aniq emas. Umuman, Angliyaning eng iste’dodli futbolchilarning biri ayni o‘sishi kerak bo‘lgan davrning aksariyat qismini turli jarohatlar bilan o‘tkazib yuborayotgani achinarli.

Har ikki jamoa birinchi turni bir xil hisobdagi natija bilan yakunlagandi. «Chelsi» «Liverpul» bilan o‘z maydonida, «Vest Hem» esa safarda «Bornmut» bilan 1:1 hisobiga rozi bo‘ldi. Jamoalarning o‘tgan mavsumda «London Stedium»da kechgan o‘yinida ham xuddi shu hisob qayd etilgandi. Joao Felishning goliga «Chelsi»ning sobiq futbolchisi Emerson mezbonlar tomonidan javob bergan.

BeTIS – ATLeTIKO (21 avgustga o‘tar kechasi, 00:30)

Ispaniyadagi markaziy o‘yin Andalusiyada bo‘lib o‘tadi. O‘tgan mavsumni yevrokubok o‘rinlari bilan yakunlagan va yangisini «Vilyarreal» maydonidagi ajoyib g‘alaba (2:1) boshlagan «Betis» o‘z maydonida peshqadam «Atletiko»ni qabul qiladi va o‘zaro o‘yinlardagi 8 uchrashuvdan iborat g‘alabasiz seriyasiga chek qo‘yishga harakat qiladi.

Aytish mumkinki, «Betis» uchun transfer oynasi odatda mavsumni yaxshi o‘tkazgan o‘rtamiyonalardan farqli kechdi, ya’ni jamoa yanada kuchaydi. Isko nafaqat Serxio Kanalesning o‘rnini bosdi, balki, «Vilyarreal»ga qarshi o‘yinda undan foydaliroq bo‘lishi mumkinligini isbotladi ham. Iskoning Nabil Fekir bilan tandemi La Ligadagi eng kreativ juftliklardan biri bo‘lishiga shubha yo‘q. Vilyam Karvalyu bilan esa, jamoa ancha salobatli uchlikka ega bo‘ladi. «Betis» jarohatlar tufayli nomlari tilga olingan ikki yarimhimoyachi yordamidan hozircha foydalana olmaydi, ammo istiqbolda, katta ehtimol bilan uch oydan so‘ng Isko – Fekir – Karvalyu uchligini ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. Fekir noyabrda, Karvalyu shu oy oxirida mashg‘ulotlarga qaytadi. Diyego Simeone esa hozircha Xose Ximenesning yordamidan foydalana olmaydi.

Yana bir qiziq fakt. «Betis» uy o‘yinlarini o‘tkazadigan «Benito Vilyamarin» stadioni o‘ziga xos muhitiga ega bo‘lsa-da, negadir o‘tgan mavsumda aynan o‘z maydonidagi uchrashuvlarda «Betis» ko‘proq pand yedi. Jamoa uy o‘yinlari bo‘yicha ligada 10-natijani qayd etgan, oxirgi ikki o‘yinda esa umuman gol ham ura olmagan. «Atletiko» esa aynan safar o‘yinlarida eng yaxshilardan biri – o‘tgan mavsumda faqat chempion «Barselona» safarda ko‘proq ochko to‘plagan, xolos. Demak, «Betis» yaxshi natijadan umid qilsa, avvalo mana shu noxush an’anaga chek qo‘yishi – o‘z stadionida yaxshi o‘ynay boshlashi lozim bo‘ladi.

Jamoalarning o‘tgan mavsumdagi o‘zaro to‘qnashuvlarida «Atletiko»ning qo‘li baland kelgan. Sevilyada madridliklar 2:1 hisobida ustun kelgan bo‘lsa, uy o‘yinida Simeone shogirdlari Korreaning 86-daqiqadagi yagona goli evaziga uch ochkoli bo‘lgan.   

BOShQA O‘YINLAR

19 avgust. LIVeRPUL – Bornmut (19:00), Vulverhempton – Brayton (19:00), Frozinone – NAPOLI (21:30), BORUSSIYa D – Kyoln (21:30), Almeriya – ReAL MADRID (22:30), INTeR – Monsa (23:45), Tuluza – PSJ (23:59)

20 avgust. ROMA- Salernitana (21:30), BARSeLONA – Kadis (22:30), Udineze – YuVeNTUS (23:45)

21 avgust. Bolonya – MILAN (23:45), Kristal Pelas – ARSeNAL (23:59)

Mavzuga oid