Jahon | 15:28 / 19.08.2023
16196
9 daqiqa o‘qiladi

«Bizga yana bir ayblov kerak». Nega Trampning reytingi unga qarshi ochilgan ishlar soni bilan birga o‘sib bormoqda?

AQShning sobiq prezidenti Donald Trampga qarshi allaqachon to‘rtta jinoiy ish ochilgan, ba’zi ayblovlar bo‘yicha uni 20 yilgacha qamoq jazosi kutyapti, ammo uning reytingi barqaror o‘sishda davom etmoqda.

Foto: Reuters

Tramp 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashish istagini bildirgan respublikachi nomzodlardan katta farq bilan oldinda ketmoqda.

Bu Trampning umumiy g‘alabasini kafolatlamaydi: demokratlar va hali pozitsiyasini aniqlolmagan saylovchilar orasida uning antireytingi yuqori.

Ammo 2016 yilgi saylovlarda ham Tramp so‘zsiz favorit statusida qatnashmagandi.

Donald Tramp qanday qilib «Teflon Don»ga aylandi?

2015 yil avgust oyida Amerikaning Politico nashri ijtimoiy so‘rovnomalarda Donald Trampning g‘ayritabiiy darajada barqaror mashhurligiga e’tibor qaratgan maqolani e’lon qilgandi — Tramp nima qilgan bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z reytingini saqlab qolgan.

O‘shanda Trampning jurnalistlar bilan muloqot uslubi «dabdabali va ochiqcha» deya ta’riflagandi.

Ular Tramp barcha noqonuniy muhojirlarni «jinoyatchi va zo‘ravonlar» deb ataganini eslagan. Tramp senator Jon Makkeynni, uning barcha harbiy mukofotlari va besh yil Viyetnamda asirlikda bo‘lganiga qaramay urush qahramoni sifatida tan olishdan bosh tortgan.

Uning ayollarni kamsituvchi bayonotlari shunchalik ko‘p ediki, yaltiroq jurnallar ularni to‘plamlarga birlashtirdi. «Agar Hillari Klinton erini baxtli qila olmasa, nega u Amerikani baxtli qila olaman deb o‘ylayapti», degandi Tramp o‘zining asosiy raqibi, demokratlar nomzodi haqida.

«Agar (Trampning respublikachilar partiyasidagi raqibi) Jeb Bush, Hillari Klinton yoki boshqa istalgan nomzod Trampdek gapirib, u qilgan ishlarni qilganida, ularning saylovoldi kampaniyalari ko‘plab salbiy sarlavhalar sabab allaqachon o‘lgan bo‘lardi. Ammo Donald Tramp tirik va odatdagi qoidalar unga taalluqli emasligi aniq», deb yozgandi Politico nashri.

Foto: AFP

O‘shanda jurnalistlar bunday barqarorlik Trampning karera siyosatchisi emasligi bilan bog‘liq degan xulosaga kelgan. U siyosat olamiga tashqaridan kirib kelgan yirik tadbirkor; u oldindan mavjud bo‘lgan qoidalar, ommaviy axborot vositalari va siyosiy institutlardan nafratlanadi — bu esa saylovchilarga yoqadi.

O‘shandan keyin Donald Tramp prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi, bir muddat prezidentlik qildi va ketishni shunchalik xohlamadiki, tarafdorlarini isyonga qo‘zg‘adi. Unga qarshi ochilgan har bir jinoiy ish doirasida u bir necha o‘nlab moddalar bo‘yicha ayblanmoqda, ularning ba’zilari uchun 20 yilgacha qamoq jazosi belgilangan. Ayblovlar orasida: yuqoridagi isyonni tashkillashtirish, saylov natijalarini bekor qilishga urinish, maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash va boshqalar bor.

Va endi Tramp yana Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka asosiy nomzod bo‘lish uchun ishonch bilan bormoqda.

Jinoiy ishlardan boshqa faktorlar ham bor

2023 yil bahorida demokratlarning 85 foizdan ortig‘i va partiyasiz saylovchilarning 55 foizi Trampga nisbatan ochilgan jinoiy ayblovlar uni 2024 yilda prezidentlikka qaytadan nomzodini qo‘yish imkoniyatidan mahrum qilishi kerak, deb hisoblagan.

Ammo Quinnipiac ijtimoiy xizmati tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomalarga ko‘ra, respublikachilar orasida atigi 23 foiz saylovchilar shunday deb hisoblagan, yana 75 foizi esa uning prezidentlikka nomzodini qo‘yishi kerakligiga ishonchi komilligini ta’kidlagan.

Respondentlardan biri, Ohayo shtatidan bo‘lgan 65 yoshli Richard Holton sotsiologlar batafsilroq javob berish imkoniyatini bergan odamlardan biri edi. Uning aytishicha, «Trampni qachondir ayblashgan ayblovlarning hammasi yolg‘on bo‘lib chiqdi».

2023 yil bahorida hozirda Trampga qo‘yilgan barcha ayblovlar hali e’lon qilinmagandi. Siyosat bilan bog‘liq ishlarning hech biri bo‘yicha hali sud qarori chiqarilmagan.

Xuddi o‘sha kunlarda (bahorda) boshqa sotsiologik xizmat, Marist Poll tomonidan o‘tkazilgan yana bir so‘rovnomaga ko‘ra, respublikachilarning uchdan ikki qismi Tramp jinoiy ishlarda aybdor deb topilgan taqdirda ham unga ovoz beradi (AQSh qonunchiligida bunga hech qanday cheklovlar yo‘q).

Ko‘proq ayblovlar kerak

Donald Tramp prezidentlikka nomzodini qo‘yishini 2022 yil noyabrida e’lon qilgandi. 2023 yil yanvar oyi boshida FiveThirteight loyihasi (bu ABC telekompaniyasining bo‘limi bo‘lib, u ma’lumotlar massivlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan) uning reytingini 40 foizdan ko‘proq deya qayd etdi. Trampning Respublikachilar partiyasidagi asosiy raqibi Ron Desantis o‘sha kunlarda 40 foizdan sal kamroq ovozga ega bo‘lgandi.

Nomzodlar reytingini aks ettiruvchi grafikda Tramp o‘shandan beri doimiy ravishda yuqoriga ketmoqda, Desantis esa pastlamoqda.

2023 yil may oyida Desantis o‘z nomzodini rasman e’lon qildi, ammo hozircha u Trampdan o‘zib ketishi mumkin deyishga asos yo‘q. Bundan tashqari, ular o‘rtasidagi tafovut 2023 yil yanvardagi taxminan 5 foizdan avgust oyida 37,8 foizgacha ortdi.

Trampga qo‘yilgan har bir yangi ayblov uning Desantis ustidan ustunligini yanada oshirmoqda va uning reytingini keskin ko‘taryapti.

Bu faqat Tramp 2023 yil iyun oyida maxfiy hujjatlarni ruxsatsiz saqlashda ayblanganida sodir bo‘lmadi. Qisqa muddatda uning reytingi hatto tushib ham ketdi.

Donald Tramp tomonidan noqonuniy saqlangan maxfiy hujjatlar o‘nlab qutilarga joylashadi

ABC News nashrining ma’lumotlar tahlili bo‘limi boshlig‘i Elliott Morris bu voqeaning (Tramp reytingi pasayishi) ikkita sababiga e’tibor qaratgan.

Birinchidan, hujjatlarni noto‘g‘ri saqlash ayblovi oldindan ma’lum bo‘lgan boshqa barcha ayblovlardan farqli o‘laroq kutilmagan bo‘ldi.

«Ikkinchidan, milliy xavfsizlik mavzusi, o‘rtacha amerikalik saylovchi uchun juda muhim. So‘rovnomalarga ko‘ra, amerikaliklarning milliy prioritetlar ro‘yxatida, milliy xavfsizlik iqtisodiyot va sog‘liqni saqlashdan keyin uchinchi o‘ringa qo‘yilgan», deydi Morris.

Donald Tramp hatto o‘z jinoiy ishlari bilan maqtanyapti. «Har safar ular ayblov e’lon qilganda, biz so‘rovnomalarda ko‘tarilyapmiz. Bu saylovni yopish uchun bizga yana bir ayblov kerak. Yana bir ayblov va hech kimning (bizga qarshi) imkoniyati qolmaydi», degan u avgust oyida Respublikachilar partiyasining Alabama shtatidagi kechki ovqatidagi nutqida.

Davlatning himoyalanishi

Ammo shuni esda tutish kerakki, praymeriz yakuniga qadar Donald Tramp uchun bu bosqichda faqat partiya ichidagi reytinglar muhim.

U rasman Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lganidan keyin vaziyat o‘zgaradi.

ABC xodimi Elliott Morrisning yozishicha, 2024 yil yanvarida boshlanishi mumkin bo‘lgan sud jarayonlarining ta’siri ayblovlarning ta’siridan ancha jiddiyroq bo‘lishi mumkin. Birinchidan, Tramp ayblanuvchi sifatidagi maqomi tufayli hujum qilishdan ko‘ra ko‘proq himoyalanishi aniq. Ikkinchidan, sudlar, shubhasiz, Trampdan barcha mumkin bo‘lgan resurslarni, shu jumladan moliyaviy resurslarni tortib oladi.

CNN siyosiy sharhlovchisi Stiven Kollinsonning yozishicha, Trampning saylov va sud jarayonlarida bir vaqtda ishtirok etishi AQShga katta zarar yetkazadi.

Uning fikricha, respublikachi saylovchilar demokratlar boshqaruvidagi hukumat Tramp bilan hisob-kitob qilish uchun davlat mashinasidan foydalanishiga va uni siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib qilishiga qattiq va chin dildan ishonadi. Tramp esa saylovchilarni 2020 yilgi prezidentlik saylovi natijalari soxtalashtirilganiga ishontirishga uringan usullari bilan, bu safar ham ishonchni kuchaytirmoqda.

«Uning o‘zini hukumat qurboni sifatida ko‘rsatish va saylov kampaniyasidan o‘zining himoya vositasi sifatida foydalanish istagi, oldinda noaniq va hatto xavfli davr bo‘lishi mumkinligini anglatadi», deb yozadi Stiven Kollinson.

FiveThirteight loyihasi har kuni AQShning barcha yirik sotsiologik agentliklarining ma’lumotlarini jamlaydi. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, Donald Trampga ishonch reytingi 17 avgust holatiga ko‘ra 39,3 foizni tashkil qilgan (so‘rovnomada qatnashganlarning 56,4 foizi unga ishonmagan).

Jo Baydenning xuddi shunday meta-reytingi hozircha biroz yaxshiroq: respondentlarning 40,7 foizi unga ishonadi va 54,5 foizi esa unga ishonmaydi.

Mavzuga oid