So‘rov: nemislarning aksariyati - Taurus Ukrainaga yetkazib berilishiga qarshi
Respondentlarning atigi 36 foizi Kiyevga nemis qanotli raketalarini yetkazib berish taklifini qo‘llab-quvvatlagan. Sharqiy federal yerlarda Taurus’ni yetkazib berishga nisbatan salbiy munosabat ayniqsa sezilarli.
Germaniya aholisining yarmidan ko‘pi – 52 foizi Taurus nemis qanotli raketalarini Ukrainaga yetkazib berishga qarshi, bu ARD mediakompaniyasi tomonidan 18 avgust, juma kuni e’lon qilingan Deutschlandtrend va Morgenmagazin so‘rovlari natijalaridan kelib chiqadi.
Ushbu natijalarga ko‘ra, nemislarning atigi 36 foizi Kiyevga Taurus raketalarini yetkazib berishga rozi, respondentlarning yana 12 foizi bu borada qat’iy fikrga ega emas. Ukrainaga Taurus raketalarini yetkazib berishga qarshi bo‘lganlar ulushi ayniqsa sharqiy federal yerlarda yuqori (70 foiz), g‘arbiy yerlarda esa 47 foiz qarshi, 40 foiz esa buni ma’qullagan.
«Yashillar» tarafdorlari - Taurus’ni yetkazib berishning eng faol tarafdorlari
Siyosiy simpatiyalar bo‘yicha, Kiyevga Taurus raketalarining yetkazilishiga qarshi bo‘lganlarning aksariyati – 76 foizi «Germaniya uchun muqobillik» (GuM) o‘ng qanot populistik partiyasi elektorati orasida. Ammo «yashillar» va erkin demokratlar tarafdorlari orasida bunday ta’minotni yoqlaganlar ustunlik qilmoqda (mos ravishda 68 va 56 foiz).
Ukraina uzoq vaqtdan beri Germaniya hukumatidan qanotli raketalar yetkazib berishni so‘rab keladi. Germaniya kansleri Olaf Shols o‘tgan hafta oxirida bu masala bo‘yicha ehtiyotkorlik bilan gapirdi va uning hukumati Germaniya qanday hissa qo‘shishi mumkinligi haqida aniq qaror qabul qilishdan oldin bu masalani sinchiklab o‘rganishda davom etishini ta’kidladi.
Mavzuga oid
11:00
RFda Ukrainaga qarshi urush qatnashchilari imtiyozli ipotekani ololmaydi
08:43
Ukraina MV demobilizatsiya to‘g‘risidagi qonunni tayyorlashni kechiktirishni so‘radi
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22 / 24.12.2024