Jahon | 18:22 / 21.08.2023
15077
6 daqiqa o‘qiladi

Moskvaga dronlarning navbatdagi hujumi - apparatlardan biri Simonyanning uyi yaqinida urib tushirilgan

Rossiya mudofaa vazirligi dushanba kuni tongda havo hujumidan mudofaa kuchlari Moskvaga ukrainlarning ikki droni hujumining oldi olingani haqida xabar berdi. Bu to‘rt kun ichidagi ikkinchi hujum bo‘ldi, juma kuni dron Rossiya poytaxtining Krasnopresnenskaya sohiliga yetib kelgandi.

Navbatdagi hujum avvalgilaridan biroz farq qiladi. Bu safar dronlar Moskva oblastiga bu yozda odatga aylangani kabi erta tongda emas, ertalabki tirbandlikka yaqin vaqtda uchib keldi. 11 avgust kuni ham dron kechroq kelgan va soat 11 ga yaqin Moskvaning Karamishevskaya sohilida qulagandi.

Mudofaa vazirligi xabar berishicha, bu safar ikki dron Rossiya poytaxtiga kirish joyida qulagan — soat 06:50 va 08:16 da. Harbiy idora versiyasiga ko‘ra, birinchi dron radioelektron kurash vositalari orqali yo‘nalishdan og‘dirilgan, ikkinchisi — urib tushirilgan. Birinchisi Ruzsk rayonidagi Pokrovskoye qishlog‘i atrofida, ikkinchisi — Moskva oblastidagi Istrinsk rayonida qulagan.

Mudofaa vazirligi dronlar qulagan joylarga aniqlik kiritmagan, ammo ko‘p vaqt  o‘tmay RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyan o‘z telegram-kanalida dron o‘z uyiga yaqin hududda qulagani haqida yozdi.

«O‘sha uchuvchisiz qurilma. Uni Istrinsk rayonida urib tushirishdi, bizdan bitta narigi ko‘chada quladi. Havo hujumidan mudofaa tizimimizga rahmat, qurbon va yo‘qotishlar bo‘lmadi», — deya yozdi u foto ostida.

Dronlarning avvalgi hujumi 18 avgust kuni ro‘y bergandi, o‘shanda dron poytaxt markazigacha uchib kelgan va Krasnopresnenskaya sohilidagi «Eksposentr» ko‘rgazmalar majmuasi hududiga qulagandi. «Eksposentr»ning bir tomonida «Moskva-Siti» ishbilarmonlar majmuasi bor, bu yerga yoz davomida ikki bor hujum uyushtirildi (ikki safar ham vazirliklar ofislari joylashgan minoraga), ikkinchi tomonida esa — Rossiya hukumatining Oq uy binosi joylashgan.

Juma kuni bo‘lgani kabi, dushmanba kuni ham yangi hujum haqidagi xabarlar bilan bir vaqtda nafaqat Kiyev yo‘nalishida joylashgan Vnukovo va janubiy yo‘nalishda joylashgan Domodedovo, balki Moskvaning barcha to‘rt xalqaro aeroporti (Sheremetevo va Jukovskiy aeroportlari ham) faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Juma kuni bunday holat ilk bor ro‘y bergandi.

Juma kungidan farqli o‘laroq, dushanba kuni samolyotlar qo‘nishi va uchishi birinchi dron qulagani haqidagi xabardan keyinoq tiklanmadi. Rosaviatsiya press-reliziga ko‘ra barcha aeroportlar faoliyati soat 9:00 ga kelib tiklangan (o‘tgan haftada yarim soat ichida tiklangandi).

Rosavitsiyadagilar zaxira aerodromlardagi cheklovlar tufayli 45 yo‘lovchi reys (va ikkita yuk samolyoti)ni qayta yo‘naltirishga to‘g‘ri kelganini bildirgan. «Yandeks.Raspisaniye» servisi ma’lumotlariga ko‘ra, dushanba kuni 90 dan ortiq reys kechiktirilgan yoki bekor qilingan.

Rasmiylarga ko‘ra, Istroy yaqinida hujum oqibatida ikki kishi jarohat olgan. «Holatlardan birida Istra shahar okrugidagi „Dorojnik“ bog‘dorchilik jamiyatidagi bog‘ uyiga parchalar tushgan, — deya yozgan gubernator Andrey Vorobev. — Ikki kishi jabrlangan — erkak tibbiyot muassasasiga yotqizilgan, ayol shifoxonaga borishdan bosh tortgan. Shuningdek uchta uyning oynalari sinib ketgan».

Odatda dronlar hujumi haqida birinchi bo‘lib xabar beradigan Moskva meri Sergey Sobyanin bu safar qisqacha bayonot berish bilan cheklandi va faqat bitta dron haqida yozdi. «Havo hujumidan mudofaa kuchlari Moskvaga kirayotgan dronni urib tushirdi. Vayrongarchiliklar va jabrlanganlar yo‘q», — degan u.

Moskvaga dronlar hujumi may oyidan buyon amalga oshirib kelinmoqda. Ukraina hukumati bu hujumlarga aloqadorligini rasman tan olmagan.

Dushanba kuni keyinroq Moskva oblastiga qo‘shni bo‘lgan Kaluga oblasti gubernatori Vladislav Shapsha uning regionida ham dronlar hujumi qaytarilgani, jabrlanganlar va vayrongarchiliklar yo‘qligini xabar qildi.

Dam olish kunlarida dronlar Rossiyaning boshqa regionlari - Kursk, Belgorod va Rostov oblastlariga ham uchib keldi. Kurskda markaziy vokzal jiddiy shikastlangan. Dron binoga tunda kelib urilgan bo‘lsa ham, portlash vaqtida bu yerda 50 nafar yo‘lovchi bo‘lgan, mahalliy rasmiylarga ko‘ra, ulardan besh nafari jarohat olgan. E’lon qilingan suratlarda kutish zali, tom, fasad va platformalardan biri ham shikastlanganini ko‘rish mumkin.

Shanba kuni Rossiya Ukraina shimolida joylashgan Chernihiv shahriga raketa zarbasi yo‘llagan. Hujum oqibatida yetti kishi halok bo‘lib, 150 dan ortiq kishi yaralangan.

Zarba Chernihiv markazidagi drama teatri binosiga borgan, bu vaqtda u yerda dron ishlab chiqaruvchilar va aerorazvedka bo‘yicha o‘quv maktablari yig‘ilishi o‘tkazilayotgandi. «Ukrainskaya pravda» xabariga ko‘ra, yig‘ilish o‘tkaziladigan joy faqat uning ishtirokchilariga ma’lum bo‘lgan.

Mavzuga oid