Xitoy va KXDRga qarshi Tinch okeani triumvirati: AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiya rahbarlari Kemp-Devidda uchrashdi
AQSh prezidenti Jo Bayden Kemp-Deviddagi qarorgohida Janubiy Koreya prezidenti Yun Suk Yol va Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishidani qabul qildi. Bu Xitoy va Shimoliy Koreya tahdidining kuchayishi fonida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan birinchi uch tomonlama sammit bo‘ldi.
Janubiy Koreya va Yaponiya AQShning Tinch okeani mintaqasidagi muhim ittifoqchilaridir, ammo bu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar, ayniqsa, Ikkinchi jahon urushidan keyin ancha murakkablashgan.
AQSh har ikki davlat bilan munosabatlarda «yangi davr» boshlashga va’da berdi va tahlilchilar bu ishni imkon qadar tezroq qilish kerakligini ta’kidlamoqda. Ittifoqchilarga mintaqadagi yana bir yirik o‘yinchi — Xitoyning harbiy qudrati oshib borayotgani va Shimoliy Koreya yadroviy dasturining rivojlanishi tahdid solmoqda.
Sammitni tashkil qilishda Bayden Yaponiya va Janubiy Koreya yaqinda ba’zi tarixiy kelishmovchiliklarni bartaraf eta olganidan foydalandi.
Avvalroq Oq uyning Hind-Tinch okeani masalalari bo‘yicha koordinatori Kurt Kempbell Vashingtonning Tokio va Seul bilan aloqalari «XXI asrda uch tomonlama munosabatlarni belgilovchi» bo‘lishini aytgan edi.
«18 avgust kuni ko‘rgan narsangiz, hozir ham, kelajakda ham uch tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga yo‘naltirilgan juda ambitsiyali tashabbuslar to‘plami», deydi Kempbell.
«Ehtimoliy raketa hujumlaridan himoyalanish uchun real vaqt rejimida razvedka ma’lumotlarini almashish Yaponiya va Janubiy Koreyani bir-biriga yaqinlashtirishga yordam beradi», deydi Stenford universitetidagi Guver instituti xodimi Maykl Oslin.
«Axborot almashinuvi o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi. Biz oldin bunaqasini ko‘rmaganmiz», deya qo‘shimcha qilgan u.
Pekinning qoralanishi va KXDRning Rossiya bilan do‘stligi
AQShning avvalgi ma’muriyatlari Yaponiya va Janubiy Koreya o‘rtasidagi mudofaa aloqalarini mustahkamlashga bir necha bor urinib ko‘rdi, ammo ular bu borada sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmadi.
Biroq, Bayden ma’muriyati Kemp-Devid uchrashuvi ishtirokchilari o‘z lavozimlarini tark etgandan keyin ham davom etadigan munosabatlarni o‘rnatishga dov tikdi.
Pekin, kutilganidek, sammit o‘tkazilishini qoralab, «tegishli davlatlar tomonidan turli guruhlar shakllantirilishiga va ularning qarama-qarshilikni kuchaytirish va boshqa mamlakatlarning strategik xavfsizligiga xavf tug‘dirish amaliyotiga qarshi ekani»ni ma’lum qildi.
«Xitoy ‘mintaqaviy xavfsizlikʼ deb atalmish narsani ta’minlash uchun to‘plangan ba’zi bir-birini istisno qiluvchi guruhlar faqat dushmanlikni kuchaytirayotgani va boshqa mamlakatlarning strategik xavfsizligiga putur yetkazayotganiga e’tibor qaratdi. Xitoy bu amaliyotga keskin qarshi», degan Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Penyuy.
«Ushbu sammitni provokatsion harakat yoki keskinlikni qo‘zg‘atishga urinish sifatida ko‘rishga hech qanday asos yo‘q», deya unga javob qaytargan Davlat departamenti matbuot kotibi Vedant Patel.
Kemp-Devid uchrashuvi, Shimoliy Koreya davlat axborot agentligi (KCNA) Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishga va’da bergan xabar almashinuvidan bir necha kun o‘tib o‘tkazilganiga e’tibor qaratgan.
Bunga javoban Putin Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi aloqalarni yanada yaqinlashtirishga chaqirdi.
«Ishonchim komilki, biz barcha sohalarda xalqlarimiz farovonligi, Koreya yarimoroli va butun Shimoliy-Sharqiy Osiyo mintaqasidagi barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash manfaatlari yo‘lida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda davom etamiz», deyilgan Kreml e’lon qilgan bayonotda.
Janubiy Koreya va Yaponiya: raqib ittifoqchilar
Janubiy Koreya va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar tarixan murakkab bo‘lib kelgan, bu asosan Yaponiyaning 1910 yildan 1945 yilgacha yarimorolni bosib olgani bilan bog‘liq. Turli taxminlarga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi davrida 200 mingga yaqin odam (katta qismi janubiy koreyaliklar) yaponiyaliklar tomonidan jinsiy qullikka majburlangan.
Yun Suk Yol 2022 yil may oyida lavozimga kirishishidan oldin, koreyaliklar Yaponiyadan Koreya yarimorolidagi mustamlakachilik davrida majburiy mehnatdan foydalangani uchun tovon puli talab qilgani tufayli ikki tomonlama munosabatlar butunlay to‘xtab qolgan edi.
Biroq, aftidan, Yun va Kishida tovon masalasida kelishuvga erishib, samimiy munosabatlar o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan. Xususan, 2023 yil may oyida Hirosimidagi G7 sammiti doirasida, ular shahardagi atom bombardirovkasining koreyaliklar qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlikni birga ziyorat qildi.
«Aftidan, Seul va Tokiodagi siyosiy yetakchilar oxirgi o‘n yilliklar ichida birinchi marta ichki tanqid xavfiga qaramay birga ishlashga tayyor», deydi Nyu-Yorkdagi Osiyo jamiyati siyosati instituti vitse-prezidenti Deniel Rassell. U prezident Barak Obama ma’muriyatida Sharqiy Osiyo va Tinch okeani masalalari bo‘yicha Davlat kotibining yordamchisi bo‘lgan.
«Xitoy tahdidi Janubiy Koreya va Yaponiyani Xitoyga qarshi turish uchun yanada birlashishga, o‘zaro ko‘proq tashriflar uyushtirishga va AQSh bilan boshqacha tarzda hamkorlik qilishga majbur qiladi», deydi kichik Jorj Bush davrida Oq uy milliy xavfsizlik kengashida ishlagan Maykl Allen.
Allenning so‘zlariga ko‘ra, agar rejaga muvofiq amalga oshirilsa uch tomonlama sammitda birdamlik ko‘rsatish, Xitoy va butun mintaqa uchun signal bo‘lishi mumkin.
Yagona Tinch okean fronti
AQShning ikki eng yaqin osiyolik ittifoqchisi — Yaponiya va Janubiy Koreya o‘rtasidagi tarixiy ziddiyatlar juda uzoq vaqtdan beri AQShning mintaqadagi xavfsizlik manfaatlariga potensial tahdid solib kelmoqda.
Koreyaning Yaponiya ishg‘oli merosidan uzoq vaqtdan buyon davom etayotgan noroziligi va Tokioning o‘tmishdagi xatolarini tan olishni istamasligi AQShning Tinch okeanida birlashgan ittifoqchi front yaratishga urinishlariga putur yetkazdi.
Rasselning ta’kidlashicha, endi ularning boradigan boshqa joyi yo‘q: mintaqadagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashdi. Pekin o‘z harbiy salohiyatini faol ravishda oshirmoqda, keng hududiy da’volarni ilgari suryapti va Tayvanni kuch orqali qo‘shib olish bilan tahdid qilmoqda.
Shimoliy Koreya yadro va raketa dasturlarini misli ko‘rilmagan tezlikda rivojlantirmoqda. Osiyoda urush xavfi kuchaydi.
«Yaponiya, Janubiy Koreya va Qo‘shma Shtatlarning yagona fronti — bu shunchaki uch mamlakat armiyasi emas. Xitoy va Rossiya muhim xalqaro me’yorlarga tajovuz qilayotgan bir vaziyatda bu geosiyosiy zaruratdir», deydi Rassel.
Dunyoning uchta eng muhim demokratiyasi, iqtisod va texnologiya yetakchilarining kollektiv kuchi, agar ular birdamlikni saqlab qola olsa, qoidalarga asoslangan xalqaro tartibning tayanchi bo‘lib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, ekspertning fikricha, bu munosabatlar faqatgina Xitoyga qarshi ittifoq sifatida belgilanmasligini ham aniq ko‘rsatish kerak.
Savdo, sanoat va innovatsiyalar sohasidagi muhim yetakchilar sifatida bu uch mamlakat texnologiya, ta’minot zanjiri va iqtisodiy xavfsizlik kabi hayotiy masalalar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirmoqda.
Mavzuga oid
08:19
Bayden respublikachilarni Ukrainaga yordam berishga ishontirmoqchi
20:08 / 10.11.2024
Xitoyga tegishli marsoxod Marsda qadimiy okean izlarini topdi
17:55 / 10.11.2024
Xitoy Filippinning dengiz zonalariga oid qonuniga javoban patrullikni kuchaytiradi
15:18 / 10.11.2024