O‘zbekiston | 16:07 / 22.08.2023
16485
2 daqiqa o‘qiladi

Ta’lim sohasida yillar davomida yechimini kutib, «charchagan» muammolar ko‘p – Saida Mirziyoyeva

Saida Mirziyoyeva 5–11-sinflar uchun darsliklar yaratish ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Foto: Saida Mirziyoyeva / Telegram

Saida Mirziyoyeva maktab ta’limi sohasidagi muammolarni sanab o‘tdi. Shu bilan birga, ularning yechimi izlanayotgani haqida ham xabar berdi.

«Ta’lim sohasida qiladigan ishlar ham, yillar davomida yechimini kutib charchagan muammolar ham, oddiy ichimlik suvidan tortib, isitish moslamalari-yu, sanitar sharoitlari yo‘q maktablar qancha. Afsuski, maktablar qurilishi yangi tug‘ilayotgan bolalarga yetib ulgurmayapti. Hozirda 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rniga ehtiyoj bor».

Mirziyoyeva so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan 7 yilda muammolarni bartaraf qilish uchun ko‘plab choralar ko‘rilgan.

«5140 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. O‘qituvchilarning oylik maoshlari ko‘tarildi. Millatimiz paxta qulligidan ozod etildi. O‘qituvchilarni maktabga qaytarish prezidentimizning armoni va orzusi edi. Bugun o‘qituvchi darsda».

Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, endi pedagoglarga yangi darsliklar, yangi metodika kerak.

«Endi ularga tajriba, bilim va o‘qitish uchun dasturlar, metodika va darsliklar kerak. Bu yil boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining darsliklari tubdan yangilanyapti. Hozirda 5–11-sinflar uchun darsliklar yaratish ishlari boshlandi. Shu bilan birga yangi metodika asosida Toshkentda 300 nafar ilg‘or pedagog o‘z malakasini oshirdi».

Saida Mirziyoyeva o‘qituvchilarning zamonaviy bilim va qo‘nikmalarni qunt bilan o‘zlashtirib, qolgan hamkasblariga ham ularni yetkazishiga umid bildirdi.

Mavzuga oid