O‘zbekiston | 14:03 / 22.08.2023
7069
7 daqiqa o‘qiladi

Toshkent – Doha yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi

Centrum Air aviakompaniyasi tomonidan Toshkentdan Dohagacha to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar yo‘lga qo‘yildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, dastlabki bosqichda ikki shahar o‘rtasida charter reyslar, keyinroq muntazam qatnovlar amalga oshiriladi.

Foto: Uzbekistan Airports

21 avgust kuni Centrum Air aviakompaniyasi O‘zbekiston hamda Qatar poytaxtlari o‘rtasida dastlabki aviaqatnovini yo‘lga qo‘ydi. Ilgari bu yo‘nalishda to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar qilinmagan. Ko‘p yillik muzokaralardan so‘ng, Toshkent – Doha yo‘nalishi barcha fuqarolar uchun birinchi marta ochilmoqda. Dastlabki bosqichda 200 ga yaqin yo‘lovchi charter reysda o‘z manziliga yetkazildi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida qatnov oldi o‘tkazilgan tadbirda shu haqda batafsil ma’lumot berildi.

“Aslini olganda, Dohaga reyslarni ochganimizda juda katta qiziqish bildiriladi deb o‘ylamagan edik, ijtimoiy tarmoqlarda tur haqida ma’lumot berganimizda ko‘plab odamlarning o‘zi bunda ishtirok etishlarini bildirishdi.

Bilet narxlari haqida esa bir nima deyish qiyin. Chunki tanlangan tariflar bo‘yicha narxlar o‘zgarishi mumkin.” – deydi Centrum Air marketologi Anora Xodjayeva.

Foto: Uzbekistan Airports

Yo‘lovchilarga Qatar sayohatini tashkil qilish uchun EASYBOOKING kompaniyasi Centrum Air bilan hamkorlikda ishlayotgani, nima uchun aynan Qatar tanlangani haqida ham gapirib o‘tildi. 

“Aytish kerak, futbol bo‘yicha jahon chempionatidan so‘ng Qatar [turistlar uchun] ishlab kelmoqda. U yerda yangi mehmonxonalar, infratuzilmalar qurildi, ko‘chalarga konditsionerlar o‘rnatildi. Bunaqasi boshqa mamlakatlarda kamdan kam kuzatiladi. Qolaversa, ajoyib arxitekturasi, yangi va zamonaviy mehmonxonalari, stadion, plyajlar – umuman jahon chempionati uchun tayyorlangan shu kabi xizmatlarning narxi ming-ming dollarga tushadi. Hozir esa O‘zbekistonda yashovchilar bu xizmatlardan boshlanishiga 350 dollardan (sayohat paketlariga qarab narxlar ko‘tariladi) foydalanishi mumkin. Bu – juda ajoyib taklif.

Shuningdek, biz fuqarolarga dunyo bo‘ylab sayohat qilishga, yangi davlatlarni o‘rganib, uning madaniyatini ko‘rishga yordam beramiz.

Hozir bu ishlarning hammasi kompaniyamiz tomonidan amalga oshiriladi”, – deydi EASYBOOKING kompaniyasining marketing bo‘yicha bosh mutaxassisi Stanislav Iakovlev.

Foto: Uzbekistan Airports

Uning qo‘shimcha qilishicha, tur bolalarga bepul hisoblanib, har bir yo‘lovchining viza xizmatlarini o‘z bo‘yniga oladi. Ya’ni viza olish xizmatlari ham bepul bo‘ladi. Ammo jami sayohat uchun ketadigan mablag‘ 3 ta reysdan so‘ng ko‘tarilish ehtimoli ham bor.

“Biz bozorda ishlaymiz. Shuning uchun umid qilamizki, O‘zbekistondan qancha yetarli yo‘lovchilar uchsa, ya’ni ular qancha ko‘p bo‘lsa, biz ham pastroq narxlarni taklif qilamiz.

6-8 oktyabr kunlari Qatarda “Formula-1” poyga o‘yinlarining final bosqichi bo‘lishi kutilmoqda, shundan kelib chiqib narxlar oshishi mumkin. Agar shunga o‘xshash tadbirlar bo‘ladigan bo‘lsa, narxlar ko‘tarilishi tabiiy”, – dedi Stanislav Iakovlev.

Kompaniya kelgusida boshqa, xususan, BAA, Ras al-Hayma, Dubay, Abu-Dabi, Qatar yo‘nalishlarida ham sayohatlar tashkil qilishni reja qilgan.

22 avgust kuni Qatarda Namanganning “Navbahor” jamoasi Osiyo chempionlar ligasining saralash bosqichida “al-Vaqra” jamoasi bilan o‘yinga tushishi belgilangan. Yo‘lovchilar orasida asosiy maqsadi sayohat emas, mana shu jamoani qo‘llab-quvvatlash bo‘lgan fan klub a’zolari ham topildi. 

“Namangan “Navbahor” jamoasi Osiyo chempionlar ligasida ishtirok uchun yo‘llanmani olganimizda o‘yinning vaqtlari aniq qilindi. Keyin biz o‘zimiz turfirmalarga aloqaga chiqib, ulardan Namangan yoki Toshkentdan to‘g‘ridan to‘g‘ri reys bormi deb so‘rab-surishtirishni boshladik. Xursand qilgani, 2 kundan so‘ng sizlar uchun yaxshi xabar bor deyishdi, keyin bizga Toshkentdan Dohaga aviareyslar qo‘yilganini aytishdi”, – deydi “Navbahor” fan-klubi yetakchisi.

“Aslida do‘stlarim bilan Gruziyaga ketayotgan edim. Orada ba’zi sabablar bilan bu safarimiz bekor bo‘ldi. Keyin bu yerdan “Navbahor” klubidan Qatarga ketish, o‘yinni kuzatish uchun taklif tushdi, narxi yoqqani uchun rozi bo‘la qoldim”, – deydi A’loxon Boqiyev.

Eslatib o‘tamiz, shu vaqtgacha O‘zbekistondan Qatarga borish tranzit reyslari orqali amalga oshirilgan. Pandemiya sabab parvozlar to‘xtab qolgandi.

To‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish uchun muzokaralar olib borish 2018 yildan beri bo‘lib kelayotgandi. O‘sha yili Tashqi savdo vazirligida Qatar Savdo-sanoat palatasi yuridik boshqarma boshlig‘i Abdulaziz al-Quvariy boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgandi. Unda yirik shaharlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yish taklif etilgandi.

2021 yilda O‘zbekiston Qatar aviatsiya idoralari delegatsiyasini qabul qilgandi. Unda Qatar fuqaro aviatsiyasi xizmati departamenti boshlig‘i Muhammad Faleh Alxajri O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida havo qatnovi to‘g‘risida bitim imzolanishi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirish, sayyohlik va ishbilarmonlik almashuvining jadallashtirilishiga xizmat qilishini aytgandi.

2023 yil iyun oyida esa O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov Qatar davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Hasan Hamza Asad Muhammad Hoshim bilan uchrashuvida ikki mamlakat o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi. Elchi Qatar Airways aviakompaniyasi Doha – Toshkent – Doha yo‘nalishida aviaqatnovlarni amalga oshirish bo‘yicha kompaniya ichki tartiblarini ishlab chiqayotganini ma’lum qilgandi.

Shu yil avgust oyida Hasan Hamza Asad Muhammad Hoshim Toshkent shahri hokimi Shavkat Umrzoqov bilan ham uchrashib, Samarqand shahrida imzolangan Toshkent va Doha shaharlari o‘rtasida hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha anglashuv memorandumi ijrosi yuzasidan yo‘l xaritasini tayyorlash masalalari ko‘rib chiqilgandi.

Mavzuga oid