Moskvaga qatorasiga oltinchi kun dronlar hujum qildi - ulardan biri «Moskva-Siti»gacha yetib kelgan
Moskva shahriga dronlar hujumi kundalik holatga aylanib qoldi. Qatorasiga oltinchi kundirki dronlar yoki Rossiya poytaxtiga kirishda yoki shahar ichida urib tushirilmoqda. Yoz ichida to‘rtinchi bor dron «Moskva-Siti» hududigacha uchib keldi. Belgorod oblasti rasmiylari esa dronlar orqali berilgan zarba oqibatida uch kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Tunda ko‘plab moskvaliklar va Moskva oblasti aholisi yana bir bor portlashlar ovozidan uyg‘onib ketdi. «„Moskva-Siti“, Vorotinskaya, Angarskaya ko‘chalari, shuningdek Ximki va poytaxtdagi Mitino rayonida kuchli shovqin ovozlari eshitilgani haqida xabarlar kelib tushgan», — deyiladi TASS agentligi xabarida. «Kommersant» gazetasi korrespondenti esa soat 2:50 atrofida «Moskva-Siti» hududida portlash ovozi eshitilganini xabar qilgan.
Taxminan yarim soat vaqt o‘tib Moskva shahri meri, endilikda deyarli har kuni tunda o‘z telegram-kanaliga yangi xabar qo‘yishga majbur bo‘layotgan Sergey Sobyanin dronlardan biri «Moskva-Siti»da «qurilayotgan bino»ga kelib urilgani, boshqasi Mojaysk yaqinida urib tushirilgani haqida yozdi.
Keyinroq Rossiya mudofaa vazirligi yana bir dron urib tushirilgani haqida xabar berdi. Yakunda hujum qilgan dronlar soni uchta bo‘lib chiqdi. Vazirlik versiyasiga ko‘ra, ularning ikkitasi havo hujumidan mudofaa kuchlari orqali Moskva oblastining Mojaysk va Ximki rayonlarida urib tushirilgan, uchinchisi esa Moskvaga uchib kirganidan keyin radioelektron kurash vositalari orqali «bostirilgan», shundan so‘ng «Moskva-Siti»dagi «qurilayotgan bino» bilan «to‘qnashuv sodir bo‘lgan».
«Moskva-Siti»dagi yana bir minora
OAV va telegram-kanallarda tarqalgan foto va videolarda dron deyarli qurib bitkazilgan minoraga urilgani, natijada taxminan 12-qavatda bitta panoramali oyna qulagani, uning atrofidagi oynalar yoriqlar va qorakuya bilan qoplanganini ko‘rish mumkin.
«Ostorojno, Moskva» kanali versiyasiga ko‘ra, dron «Merkuriy» minorasi yonida qurilayotgan osmono‘par binoga urilgan. «Agenstvo» nashri esa dron Moscow Towers minorasiga urilganini taxmin qilgan va bu bino aka-uka Rotenberglarga aloqador ekanini bildirgan.
Fotosuratlarda ishbilarmonlik mavzesi hududidagi shisha parchalari, shuningdek bu hududga tutash joylashgan eski xrushchevka uylarning singan oynalari ham aks etgan. Sobyanin atrofdagi ikkita besh qavatli uylarda ham bir qancha derazalar sinib ketganini tasdiqlagan.
Ximki ustidagi portlashlar
Ximkida urib tushirilgan dron parchalari Starbeyevo kvartali hududiga tushgan — e’lon qilingan fotoga ko‘ra, qurilish do‘koni atrofiga. «RIA Novosti» manbasi «xususiy uydagi shikastlanish» va «noturarjoy bino devorida shikastlanish aniqlangani» haqida yozgan.
Keyinroq shahar meri Dmitriy Voloshinning aniqlik kiritishicha, Starbeyevodagi xususiy uyning ikkinchi qavatining burchagi qulab tushgan, yana bir necha uy, oziq-ovqat do‘koni va qurilish materiallari saqlanadigan angarda shikastlanishlar qayd etilgan.
Havo hujumidan mudofaa kuchlari dronlardan birini urib tushirgan Ximki hududidagi portlashlar ovozini Moskva daryosining narigi sohilidagi Dolgoprudniy shahrida ham eshitishgan. «Shunday portladiki, oyna titrab ketdi, keyin yana ikki marta shunday bo‘ldi», —deya yozgan VK foydalanuvchisi «Tipichnyy Dolgoprudnyy» pabligida. «Havo hujumidan mudofaa kuchlari qanday ish olib borayotgani balkondan ko‘rinib turardi. Uch marta, tungi soat uchda», — deya yozgan shu pablikda foydalanuvchi Aleksandra. «Hatto Dmitrovskiy rayonida ham qo‘rqinchli edi», — deya tasdiqlagan yana bir foydalanuvchi Dmitriy.
Belgorod o‘qqa tutilishi
Moskvada ham, Ximkida ham, Mojaysk rayonida ham jabrlanganlar haqida ma’lumotlar bo‘lmagan. Chorshanba kuni tongda Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov esa dronlar hujumi oqibatida qurbonlar bo‘lgani haqida xabar berdi.
Uning ma’lumotiga ko‘ra, Lava qishlog‘iga ikki bor hujum uyushtirilgan, natijada tinch aholi vakillaridan uch kishi halok bo‘lgan. «Odamlar ko‘chada ekanida Ukraina qurolli kuchlari drondan portlovchi modda tashlashdi — degan gubernator. — Ikki kishi olingan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida halok bo‘lgan. Yana bir jabrlanuvchining hayoti uchun shifokorlar oxirigacha kurashishgan».
Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, qurbonlarning ikkisi chegara hududlaridan evakuatsiya qilingan aholi vakillaridan edi, uchinchisi esa hujumga uchragan sanatoriy xodimi bo‘lgan.
Qatorasiga olti kun
Tunda Moskvadagi barcha to‘rt aeroport, oldingi kunlarda ham bo‘lgani kabi samolyotlarni qabul qilish va parvozlarni to‘xtatdi. Bir necha samolyot zaxira aerodromlariga yuborildi.
Moskva shahriga dronlar hujumi juma kunidan buyon uzluksiz davom etmoqda, o‘tgan hafta oxirida dron «Moskva-Siti» bilan yonma-yon joylashgan Krasnopresnenskaya sohilidagi «Eksposentr» paviloniga zarba bergandi.
«Moskva-Siti» kvartalining o‘ziga dronlar yoz davomida ikki marta uchib kelgan va ikki safar ham bitta binoga, Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi hamda Raqamli taraqqiyot vazirligi xodimlari ishlaydigan binoga urilgandi. Davlat dumasi mudofaa qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolov bu hafta «Moskva-Siti»dagi osmono‘par binolar dronlarga nishon bo‘lishining sababi «ularga urilish osonroq» ekani haqidagi farazni bildirgandi.
Dam olish kunlarida esa Moskva yo‘nalishida uchgan va urib tushirilgan dronlar haqidagi xabarlarga jiddiy e’tibor qaratilmadi, dushanba kuni esa uchuvchisiz uchish qurilmalari Ruzsk va Istrinsk rayonlarida, jumladan propagandachi Margarita Simonyanning uyiga yaqin hududda urib tushirildi, seshanba kuni — Krasnogorsk va Odinsovo rayonlarida, Krasnogorskda 25 qavatli turar joy binosi shikastlandi.
Shu tariqa, hujumlar qatorasiga oltinchi kun davom etdi, kamida uch kundagi hujumlar deyrli bitta yo‘nalishda uchib keldi — g‘arb va shimoli-g‘arbdan.
Prezident Vladimir Putin hozircha Moskva yo‘nalishidagi dronlarning yangi seriyasi yuzasidan munosabat bildirmadi. Tunda Kreml Putin Ukrainaning Luhansk va Zaporijjya oblastlarining okkupatsiya ostidagi qismlari rahbarlari bilan uchrashib, frontdagi vaziyatni barqaror deb atagani va ularga sentabr oyidagi saylovlarda muvaffaqiyat tilagani haqida xabar berdi.
Ukraina hafta davomida Moskvaga dronlar hujumi yuzasidan rasman izoh bermadi. Ukrain rasmiylari va harbiylar chorshanba kuni rossiyaliklar Shahed-136/131 kamikadze dronlari bilan Odessa oblastidagi g‘alla saqlanadigan omborga hujum qilganini ma’lum qildi. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, to‘qqizta dronni urib tushirishga muvaffaq bo‘lishgan. 23 avgustga o‘tar kechasi Ukraina osmonida havo hujumidan mudofaa kuchlari jami uchirilgan 20 ta zarbdor drondan 11 tasini urib tushirgan.
Moskvaga ukrainlarning ilk dronlari may oyida yetib borgan, jumladan Kreml hududigacha. Kremldagilar Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari samaradorligi to‘g‘risidagi savollarga javob berishdan bosh tortib, buni harbiylardan so‘rash lozimligini aytib keladi.
Mavzuga oid
19:20 / 15.12.2024
Ukraina dronlari Grozniydagi bazaga hujum qildi
15:29 / 11.12.2024
Moskvadagi harbiy sud terrorizm bo‘yicha deyarli barcha ishlarni yashirdi
20:42 / 04.12.2024
Rossiyada «Krokus»dagi teraktga aloqador yana to‘rt kishi qo‘lga olindi
10:57 / 26.11.2024