Jahon | 10:40 / 23.08.2023
12767
3 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda o‘quvchilar kanat yo‘lda qolib ketdi. Ular maktabga ketayotgandi

Pokistondagi osma yo‘lda qolib ketgan sakkiz kishining barchasi qutqarilgan. Ularning olti nafari bolalar.

Mahalliy aholi qutqaruv amaliyotini kuzatib turgan. AFP VIA GETTY IMAGES

Pokiston shimoli-g‘arbidagi dara ustidan o‘tgan osma yo‘lda (kanat) qolib ketgan 10 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va yana ikki kishini qutqarish bo‘yicha amaliyot muvaffaqiyatli yakunlandi.

Rasmiy shaxslarning so‘zlariga ko‘ra, sakkiz kishidan iborat guruh maktabga ketayotganida po‘lat arqonlardan (tros) biri uzilib ketgan va ular yerdan 274 metr balandlikda osilib qolgan.

Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, qutqaruvchilar kelguniga qadar yo‘lovchilar kamida to‘rt soat davomida kanat vagonida qolishgan.

Avariya seshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat taxminan 07:00 da Xayber-Paxtunxva provinsiyasining Allay vodiysi hududida ro‘y bergan.

Ochiq vagon bitta tros orqali tutib turilgan.

Qutqaruv amaliyoti kunning ikkinchi yarmiga kelib yakunlangan. Foto: ALTAF HUSSAIN

Allay – tog‘li hudud bo‘lib, dengiz sathidan 2 ming metr balandlikda joylashgan. Bu hududdagi aholi yashash manzillari bir-biridan uzoq masofalarda joylashadi.

Pokiston shimolidagi mazkur tog‘li hududning katta qismida transport infratuzilmasi mavjud emas, bu yerda yo‘llar deyarli yo‘q. Ko‘plab hududlarda bir tog‘dan boshqasiga o‘tish uchun shunga o‘xshash ko‘tarish vositalaridan foydalaniladi.

Mahalliy o‘qituvchilardan biri Pokistonning Dawn nashriga aytib berishicha, uning hududida boshqa transport yo‘qligi uchun har kuni maktabga 150 ga yaqin kishi kanat yo‘l orqali qatnaydi.

Kanat yo‘lda qolib ketgan o‘quvchilar yashaydigan hududdan maktabgacha masofa piyoda ikki soatda bosib o‘tiladi. Shuning uchun mahalliy aholi vakillaridan biri bo‘lgan mexanik o‘ziga xos lift qurishga qaror qilgan, uning yordamida yuqoriga atigi to‘rt daqiqa ichida ko‘tarilish mumkin.

Mahalliy politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, u qurilish uchun mahalliy rasmiylardan ruxsat olgan, rasmiylar ham uning xavfsizligini har oyda tekshirib turishi kerak bo‘lgan.

Mahalliy politsiyachining BBC muxbiriga aytishicha, 22 avgust kuni tongida ham kanat orqali maktabga va ortga to‘rt qatnov amalga oshirilgan, ammo beshinchi safar kanat arqoni uzilib ketgan.

Mavzuga oid