Jamiyat | 18:46 / 24.08.2023
20895
2 daqiqa o‘qiladi

55 kg gashish va geroinni Mercedes gazballoni bilan benzin bakida O‘zbekistonga olib kirmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

Toshkent viloyatidagi chegara bojxona postida avtomobil yoqilg‘i baklariga yashiringan giyohvandlik vositalari va sun’iy narkotik moddalari to‘xtatib qolindi. 

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining «Oybek» chegara bojxona posti orqali O‘zbekistonga kirib kelgan qo‘shni davlat fuqarosi boshqaruvidagi Mercedes rusumli yengil avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilish uchun to‘xtatilgan. 

Tekshirish davomida uning gazballoni ichiga turli shakldagi 49 dona hamda benzin bakiga 31 dona polietilen o‘ramlar yashirilgani aniqlangan. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘ramlar markaziy bojxona laboratoriyasida ekspertizadan o‘tkazilgan. Polietilen o‘ramlarda 52 kg 877 gr og‘irlikdagi gashish, 2 kgdan ziyod geroin giyohvandlik vositasi, 1 dona yelim idish ichida 950 gr sintetik giyoxvandlik vositasi borligi aniqlangan.

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Qo‘mitaning eslatishicha, respublika bojxonachilari tomonidan 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 329 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida 298 kg og‘irlikdagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Mavzuga oid