Jamiyat | 16:00 / 24.08.2023
12566
4 daqiqa o‘qiladi

«Faqat veloyo‘lak qurish bilan ish bitmaydi» – shaharsoz shaxsiy avtomobildan foydalanishni kamaytirish haqida

Germaniyada shaharsozlik bo‘yicha ta’limni davom ettirayotgan Husan Muqimov shaharda infrzatuzilmani yaxshilash uchun jamoat transportiga ustuvorlik berish to‘g‘riligini, biroq faqat bu ishlar bilan odamlarni shaxsiy avtomobildan voz kechishga undab bo‘lmasligini ta’kidladi.

Shaharsoz shaxsiy avtomobillardan foydalanishni kamaytirishga undash uchun to‘g‘ri ma’nodagi targ‘ibot zarurligini qayd etdi.

«Avvalo odamlarga bu jarayonni misol tariqasida ko‘rsatish zarur. Masalan, Germaniyani oladigan bo‘lsak, bu yerda yo‘lning ma’lum qismini olib, o‘sha yo‘l uchun chiroyli, muhim va «aqlli» loyiha qilinadi, shu loyiha odamlarga ko‘rsatilgach, ular shaharda harakatlanishi uchun 2 xil variant borligini bilishadi. Chiroyli va keng ko‘chalarni qisqartirib, veloyo‘laklar, landshaftli jamoat joylarini qilib, aholiga ko‘rsatsak, odamlar o‘sha yerda sayr qilishni boshlaydi va ularda [avtomobilli yo‘llar bilan hozirgisiga nisbatan] solishtiruv paydo bo‘ladi. Buning ortidan esa avtomobildan voz kechish uchun pozitiv kayfiyat yuzaga keladi. Bu muhim omillardan hisoblanadi.

Serbiya poytaxti Belgradda bir necha kilometrlik veloyo‘laklar qurilgan, lekin ularning hammasi bo‘sh qolgan. Chunki odamlarni veloyo‘lak qurish bilan velosipedga o‘tirg‘izib bo‘lmaydi. Bu – juda katta noto‘g‘ri fikr. Shuning uchun qurmaslik kerakmi, degan savol ham tug‘ilishi mumkin, yo‘q, aksincha, qurish lozim. Lekin targ‘ibotni ham qilish kerak. Busiz bo‘lmaydi.

Targ‘ibot jarayoni ham 2 nafar bloger va 2 ta internet sayti bilan emas, yuqori darajada o‘tkazilishi lozim. Qizig‘i, targ‘ibot deganda qo‘pol va noto‘g‘ri propagandani tushunish kerak emas, targ‘ibot to‘g‘ri bo‘lishi kerak. Yaxshi misollarni ko‘rsatishimiz kerak, yaxshi loyihalarni qilishimiz va uni asoslab berishimiz kerak. Yevropada shaharlarni rejalashtirishning asosiy prinsipi ham bu – qilinayotgan loyihaning asoslab berilishi.

Agar o‘sha loyihani asoslab berolmasangiz, yo‘lni yopib, veloyo‘lak tashkil qilamiz desangiz, birdaniga savol beriladi, ya’ni odamlarning bu joylardan foydalanishiga qanday asos bor, bu qanday kafolatlanadi, degan. Shuning uchun mana shunday faktorlarni ham inobatga olish lozim. Hammasini parallel ravishda amalga oshirish lozim. Birinchi targ‘ibot qilib, keyin yo‘l qurib, keyin jamoat transportini rivojlantiramiz desak, bu – qiyin masala.

Germaniyalik bir kursdoshim bilan suhbatimizda nima uchun Germaniyada haydovchi piyodani hurmat qilishi haqida savol o‘rtaga tashlandi va bunga javob berildi. Ya’ni hurmat qiladi, chunki Germaniyada avtomobil haydovchisi o‘zi ham ko‘p vaqtda velosipedchi yoki piyodaga aylanadi. Shuning hisobiga bir-birini hurmat qiladi. Germaniyada avtomobilni juda yaxshi ko‘rishadi, hatto ularning muhabbati biznikidan (o‘zbeklarnikidan) ham kuchli. Ayni vaqt men Bavariyadaman, bilamizki, bu yerda o‘sha mashhur BMW avtomobillari chiqariladi. Ba’zi tanishlarim avtomobilni juda qattiq «sevishadi». Lekin bu inson hayotidan ustun degani emas. Asosiysi shu, mana shu prinsipni inobatga olishimiz lozim. Insonning hayoti, velosipedchi va piyodaning xavfsizligi muhim», – deydi Husan Muqimov.

Suhbatni to‘liq yuqoridagi video orqali tomosha qilish mumkin.

Mavzuga oid