Jahon | 14:54 / 29.08.2023
19763
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina mudofaa vazirligi Polsha kompaniyasi bilan tuzilgan kelishuvlarda aldanib qolgani ma’lum bo‘ldi

Taniqli bo‘lmagan, urushgacha yillik daromadi bir necha yuz ming atrofida bo‘lgan bu kompaniya o‘nlab million yevrolik shartnomalarni qo‘lga kiritgan, lekin buyurtmalarni o‘z vaqtida yetkazib bermagan yoki shartlarni umuman bajarmagan.

Diego Herrera Carcedo / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Pre

Ukraina mudofaa vazirligi 2022 yilda Polshaning Alfa kompaniyasi bilan qurol va jihozlar yetkazib berish bo‘yicha qator shartnomalar tuzgan, ammo kompaniya bu shartnomalarning ko‘pini bajarmagan. Shunga qaramay, ular bilan yangi shartnomalar tuzish davom etgan, deya yozadi «Ukrainskaya pravda».

Mazkur kompaniya bilan 20 ming dubulg‘a (shlem), 20 ming zirhli nimcha va 40 mingta zirhli plitka (zirhli nimchaning asosiy elementlari) yetkazib berish bo‘yicha ilk shartnoma 2022 yil aprelida tuzilgan. Ukraina mudofaa vazirligi Polsha kompaniyasiga mahsulotlarni may oyida yetkazib berishi uchun oldindan 100 foizlik to‘lov sifatida taxminan 24,5 million yevro o‘tkazib bergan. Alfa esa buyurtmani muddatida bajarmagan va yoz o‘rtalariga kelib zirhli nimchalar va plitkalarni yuborgan. Yakunda jami 16 mingta dubulg‘a yetib kelgan, ammo shundan 11 mingtasi foydalanishga yaroqsiz deb topilib, ortga qaytarilgan.

2022 yil aprel oyi oxirida «Gvozdika» gaubitsalari, D-30 gaubitsasi uchun 122-millimetrli o‘q-dorilar va «Grad» zenit-raketa kompleksi uchun 122-millimetrli raketalar yetkazib berish bo‘yicha 64,4 million yevrolik navbatdagi shartnoma tuzilgan. Alfa bu kelishuv uchun haqning 50 foizini oldindan olgan — ammo bu buyurtmalar muddati va komplektatsiyasiga ham amal qilinmagan. Yakunda Ukraina qurolli kuchlariga o‘q-dorilarning faqat 10 foizi, raketalarning 30 foizi yetib kelgan, yetkazib berilgan gaubitsalarning ko‘p qismi texnik nosoz bo‘lgan.

«Ukrainskaya pravda»ning yozishicha, bu holatlarga qaramay, mudofaa vazirligi Alfa bilan shartnomalar tuzishda davom etgan. 2022 yil iyunida vazirlik yana uchta shartnoma tuzadi va shartnomalar qiymatining yarmini avans sifatida o‘tkazib beradi — bu 43 million yevro atrofidagi mablag‘ bo‘lgan. Kompaniya bu kelishuvlarga ko‘ra minalar, «Giatsint» gaubitsalari va «Dana» o‘ziyurar artilleriya qurilmalari uchun snaryadlar yetkazib berishi kerak edi. Yakunda Alfa «Giatsint» uchun snaryadlarning 40 foizini, minalarning faqat 1 foizini yetkazib beradi, «Dana» uchun esa umuman hech qanday snaryad yuborilmaydi.

Endilikda mudofaa vazirligi oldindan to‘langan 27 million yevroni qaytarishga va buyurtma bajarilmagani uchun jarima sifatida 13 million yevro undirishga harakat qilmoqda. Ammo bunga erishilgan taqdirda ham, dahshatli fakt o‘zgarmaydi: ukrain armiyasiga bir yildan beri muhim qurol-yarog‘lar yetkazib berilmagan va buning o‘rniga boshqa kompaniya bilan shartnoma tuzishning imkoni bo‘lmagan, chunki yetkazib beruvchi pulni mamlakatdan olib chiqib ketgan.

«Ukrainskaya pravda»ning qayd etishicha, Alfa kompaniyasiga 2005 yilda asos solingan va matbuotda hech qachon yirik pudratchi sifatida tilga olinmagan. Uning 2020 yildagi sof foydasi 300 ming yevro atrofida bo‘lgan, 2021 yilda esa — 1,8 million yevro atrofida. Bunday kompaniya urush davrida qanday qilib mudofaa vazirligi uchun yirik yetkazib beruvchi kompaniyalardan biriga aylangani va u bilan hamkorlik qilish kim tomonidan lobbiy qilingani hozircha noma’lum.

Mavzuga oid