Jahon | 18:39 / 30.08.2023
29620
8 daqiqa o‘qiladi

Dronlarning yoppa hujumi. Ukrain apparatlari qanday qilib Pskovgacha uchib kelishi mumkin?

Rossiya qo‘shinlari Kiyevni qanotli raketalar va dronlar bilan o‘qqa tutayotgan mahalda Rossiyaning markaziy hududlari va anneksiya ostidagi Qrimdagi obektlar dronlarning yoppasiga hujumiga uchradi. Rossiyaliklar zarbalari oqibatida Ukrainada ikki kishi halok bo‘lgan. Rossiya bo‘ylab berilgan zarbalardan keyin qurbonlar bo‘lgani haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Foto: Videodan kadr

Ammo agar moddiy zarar haqida gap ketsa, Pskovdagi aerodromga berilgan zarba oqibatlari jiddiyroq bo‘ldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda Il-76 rusumli ikkita harbiy-transport samolyoti yo‘q qilingan, yana to‘rttasi shikastlangan.

Ukrainaning «Babel» nashriga bergan intervyusida mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi rasmiysi Andrey Yusov Pskovga tungi hujum vaqtida to‘rtta Il-76 yo‘q qilingani va yana bir necha harbiy-transport samolyotlariga zarar yetkazilgani haqida aytdi.

Shu bilan birga, u Rossiya bo‘ylab dronlar hujumi Ukraina tomonidan amalga oshirilgani haqida hech narsa demagan.

Moddiy yo‘qotishlar

Il-76 - Rossiya armiyasida eng qo‘llanadigan samolyotlardan biri. Undan havo-desant qo‘shinlarini tashishda ham foydalaniladi
Foto: ALEXANDER RYUMIN/TASS

Rossiya tomoni to‘rtta Il-76 samolyoti shikastlanganini tasdiqlagan. Bu katta ehtimol bilan ular safdan chiqqanini anglatadi — shikastlanish darajasi jiddiy bo‘lmagan taqdirda ham, samolyotlarni sinchiklab tekshiruvdan o‘tkazish talab etiladi. Agar shikastlanish darajasi jiddiy bo‘lib chiqsa, ularni uzoq vaqt davomida ta’mirlashga to‘g‘ri keladi.

Rossiya havo-kosmiy kuchlari uchun ikkita og‘ir transport samolyoti yo‘qotilishi, taxminlarga ko‘ra, to‘rttasi vaqtincha safdan chiqishi — kritik yo‘qotish hisoblanmaydi. Flight InternationalWorld jurnalining Air Forces 2023 yo‘riqnomasiga ko‘ra, Rossiya harbiy-transport aviatsiyasi ixtiyorida Il-76 rusumli 219 ta samolyoti mavjud. Ammo bu baribir qo‘shinlarni tashish bilan shug‘ullanuvchi qimmatbahor yirik samolyotlar hisoblanadi.

Rossiya uchun yana bir anchagina jiddiy moddiy yo‘qotish — Tula oblasti va Moskva oblasti havo kengligining bir qismi yopilishi oqibatlaridir. Tun davomida bu hududlarda ikki bor «Kover» rejimi joriy etildi, bunday rejim osmonda begona uchish obektlari paydo bo‘lsa yoki paydo bo‘lish xavfi yuzaga kelganida joriy etiladi.

Bu holatda hududda bo‘lib turgan barcha samolyotlar uni tark etishi va zaxira aerodromlariga ketishi yoki boshqa hududda kutib turishi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, aeroportlarda o‘nlab reyslar bekor qilinmoqda, bu ham katta xarajatlarga olib keladi. Bunday holat esa so‘nggi haftalarda ko‘p takrorlanmoqda - avgust oyining ikkinchi yarmida ukrainlar qatorasiga olti kun Rossiya markaziga dronlar hujumi uyushtirdi.

Dronlar qayerdan uchib kelmoqda?

Bir tun ichida dronlar Rossiyaning olti regioniga va anneksiya qilingan Sevastopolga hujum qildi, bu Rossiya hududi bo‘ylab amalga oshirilgan eng keng ko‘lamli hujumga aylandi.

Shu bilan birga, Pskov aerodromiga reydning o‘ziga xosligi shundaki, u Ukrainaning eng yaqin chegarasidan taxminan 700 km masofada joylashgan. Bu esa ancha kattagina masofa.

Ukrainada ming yoki undan ko‘proq masofaga uchib bora olishi aytilgan dronlar bor — masalan, Raybird-3 yoki «Bober». Bunday dronlar bungacha ham Rossiya bo‘ylab zarbalar berish vaqtida qo‘llangan.

Ammo to‘g‘ri chiziq bo‘ylab hisoblangan 700 kilometrni bosib o‘tish uchun amalda ko‘proq masofa bosib o‘tilishi kerak, chunki dron parvoz vaqtida havo hujumidan mudofaa kuchlarini aylanib o‘tish uchun manyovrlar qilishi talab etiladi va bu marshrutni uzaytiradi. Bundan tashqari, parvoz davomida ro‘paradan yoki yondan shamol essa ham, yo‘nalishni to‘g‘rilash va yo‘lda davom etish uchun ham qo‘shimcha yonilg‘i sarflashga to‘g‘ri keladi.

Shu tufayli ijtimoiy tarmoqlarda darhol dronlar Ukraina hududidan emas, balki boshqa qaysidir qo‘shni mamlakatlardan uchirilgani haqida versiyalar paydo bo‘ldi. Bu Belarus yoki Boltiqbo‘yi mamlakatlari bo‘lishi mumkinligi taxmin qilindi.

Bir tomondan bu shubhalarda mantiq bor, chunki bu chindan ham katta amaliyot bo‘ldi — birgina Pskov aerodromiga, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 10 tadan 20 tagacha dron uchirilgan.

Bunday miqdordagi uchish apparatlari, agar ular Ukraina hududidan uchirilganida, chegarani kesib o‘tishda va Rossiya havo kengliklarini bosib o‘tishda havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan payqalgan va bir qismi to‘xtatilgan bo‘lardi.

Bunday holatda taxmin qilish mumkinki, ularni Rossiyaning o‘z hududidan uchirishgan, bunda odamlar yashamaydigan va harbiylarning radarlari tomonidan nazorat qilinmaydigan hudud tanlangan.

Ammo Rossiya va Belarusga bunday yirik apparatlarni olib kirish (bunday dronning qanoti uzunligi ikki metrdan uch metrgacha boradi) va bemalol uchirish mumkin bo‘lgani haqidagi taxmin yanada g‘alatiroq ko‘rinadi.

Apparatlarni uchirish uchun yoki samolyot kabi tezlik olish sharoiti bo‘lgan tekislik yoki katapulta kerak bo‘ladi, bu ham kattagina hajmdagi konstruksiya hisoblanadi.

Murakkab nishon

Shuning uchun, dronlar baribir Ukrainadan uchirilgani va shunchaki ularni Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari to‘xtata olmagani ehtimoli yuqori.

Bu chindan ham murakkab nishon — pastlab uchadigan bunday dronlarni radarlar yordamida kuzatish qiyin, qorong‘ida esa ko‘z bilan ilg‘ash va o‘qotar qurol bilan aniq nishonga olish ham qiyin.

Rossiya manbalariga ko‘ra, dronlarning ko‘pchilik qismi yoki urib tushirilgan, yoki ular radioelektron kurash vositalari orqali ishdan chiqarilgan.

Ammo har bir urib tushirilgan dron uni uchirgan tomonga havo hujumidan mudofaa tizimlari va radioelektron kurash vositalari qayerlarda joylashgani to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlarni taqdim etadi, shu tufayli har bir keyingi reyd havo hujumidan mudofaa kuchlaridagi bo‘shliqlar haqida ko‘proq ma’lumotlar bilan amalga oshiriladi.

Ehtimol, aynan shunday tajriba evaziga Pskovdagi aerodromga zarba berishning imkoni bo‘lgan — bungacha bu yo‘nalishda Bryansk oblastida juda ko‘p dronlar urib tushirilgandi.

Javob yurishi

Bu reydning yana bir o‘ziga xosligi shundaki, bu safar yoppasiga hujum uyushtirildi. Dronlar bir shahardagi bir nishonga qaratilmagandi, ularni Rossiyaning turli regionlarida va anneksiya qilingan Qrimda uchratishdi.

Ukraina anchadan buyon uchuvchisiz uchish apparatlarini yaratish va ishlab chiqarishga sarmoya kiritmoqda. Dron orqali hujumlar tobora keng ko‘lamli bo‘lib borayotganiga qaraganda, Ukraina ularni o‘zida ishlab chiqarish yoki katta miqdorda boshqa manbalardan olish imkoniyatiga ega.

Rossiya Ukrainani Eronda ishlab chiqarilgan dronlar bilan o‘qqa tutish bo‘yicha kampaniyani boshlaganida, bu voqealar muhokamasi chog‘ida Moskvaning o‘zi dron ishlab chiqarishda qanday qiyinchiliklarga duch kelishi haqida ko‘p gapirilgandi: elektronikadan qonuniy va ochiqchasiga foydalanish imkoni yo‘qligi, benzin dvigatellari yetishmovchiligi va boshqalar.

Sanksiyalar ostida bo‘lmagan, shu bilan birga ko‘plab davlatlardan yordam olib kelayotgan Ukrainada esa bunday ehtiyot qismlar bo‘yicha muammolar deyarli bo‘lmasligi kerak. Bu o‘yin ikki kishilik va Ukraina qurolli kuchlari — ukrainlarning Rossiyadagi obektlar bo‘ylab zarbalari tobora kuchayib borayotganiga qaraganda — bu chaqiriqni qabul qilgan.

Mavzuga oid