O‘zbekiston | 10:00 / 31.08.2023
5586
6 daqiqa o‘qiladi
Reklama

100 yoshga teng Bo‘zsuv GES-1 yangi quvvatlarda ishga tushirildi

Foto: O‘zbekgidroenergo

Mamlakatimizda aholi soni muttasil ravishda o‘sib borayotgani, so‘nggi yillarda milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va shu orqali aholi farovonligini oshirish maqsadida ko‘plab zamonaviy, yangi sanoat korxonalari paydo bo‘layotgani, tabiiyki, elektr energiyasiga bo‘lgan talabni ham oshirmoqda.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda elektr energiya resurslarini ishlab chiqarishda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda yangi ekologik toza ishlab chiqish quvvatlarini tashkil etish, sohada zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish va shu asosda korxonalar va aholining elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini yanada to‘laroq qondirishni ta’minlash muhim vazifa hisoblanadi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Taraqqiyot yo‘lidan dadil odimlayotgan yangi O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar qatorida milliy iqtisodiyotimizning muhim quvvat manbai hisoblangan gidroenergetika tarmog‘i ham izchil rivojlanmoqda.

Bu borada, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan yangi GESlar barpo etilmoqda hamda investitsiyaviy loyihalar doirasida uzoq yillardan buyon foydalanib kelinayotgan, o‘zining o‘rnatilgan elektr energiya ishlab chiqarish quvvatlarini yo‘qotgan GESlar modernizatsiya qilinib, yangi samarador quvvatlar o‘rnatilmoqda.

Foto: O‘zbekgidroenergo

30 avgust kuni davlatimiz mustaqilligining 32 yilligi arafasida “Toshkent GESlar kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi 100 yoshga teng Bo‘zsuv GES-1 modernizatsiyadan so‘ng, yangilangan energetik quvvatda ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Tadbirni “O‘zbekgidroenergo” AJ Ijro apparati rahbari Suhrob Xamrayev hamda Yunusobod tumani hokimi Bahodir Abduvaliyev tabrik nutqi bilan ochib berdi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Marosimda Toshkent shahar Yunusobod tumani hokimligi mutasaddilari, Jamiyat tizim korxona va tashkilotlari vakillari, hamkor xorijiy kompaniyalar mas’ullari, gidroenergetik muhandislar hamda markaziy telekanallar, bosma va elektron OAV vakillari ishtirok etdi.

Bo‘zsuv GES-1 ning avvalgi o‘rnatilgan quvvati 4 MVt (4 ta gidroagregat) bo‘lgan bo‘lsa-da, uzoq yillar davomida ekspluatatsiya qilingani sababli quvvati 2 MVt ga pasayib qolgan edi. Modernizatsiya ishlari yakuniga yetkazilgandan so‘ng, GESning energetik quvvati 6 MVt (2 ta zamonaviy gidroagregat)ga yetkazildi. Bu, o‘z-o‘zidan, GES quvvati 4 MVtga oshirilganini ko‘rsatadi. Yangilangan GES yiliga o‘rtacha 44,4 mln kVt.soat elektr energiyasini ishlab chiqaradi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

MA’LUMOT UChUN: O‘zbekistonda bunyod etilgan birinchi gidroelektr stansiya Bo‘zsuv GES-1 hisoblanadi. Mazkur GES Toshkent shahrining Yunusobod tumani hududida joylashgan. GES qurilishi 1923 yilda boshlanadi. Bo‘zsuv GESning qurilishi (1923-1926 yy.) xalq hashari bilan amalga oshiriladi.

Mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni izchil oshirib borish, energetika resurslari muvozanatini oshirish hamda respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini yanada to‘liq qondirishni ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 maydagi “2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2947-son Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 2 apreldagi “Chirchiq GESlar kaskadi” UK (GES-10), “Samarqand GESlar kaskadi” UK (GES-2B), “Toshkent GESlar kaskadi” UK (GES-1) modernizatsiyasi” investitsiyaviy loyihaning texnik iqtisodiy asosini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 276-sonli Qarori qabul qilindi. Unga asosan, Xitoy Xalq Respublikasi Tijorat vazirligi tomonidan “Toshkent GESlar kaskadi” UK modernizatsiyasi (GES-1)” investitsiyaviy loyihasini moliyalashtirish uchun imtiyozli kredit berilishi ma’qullangani, “Gidroproyekt” AJ tomonidan investitsiyaviy loyihaning texnik iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgani qayd etilib, investitsiyaviy loyihaning moliyalashtirish manbalari sifatida XXR Eksimbankining 20 yil muddatga, shu jumladan, 5 yillik imtiyozli davrga yillik 2,2 foiz stavkasi bilan, “Turonbank” ATB orqali qayta moliyalashtiriladigan va qayta moliyalashtiruvchi bankning 0,2 foiz miqdoridagi marjasi qo‘shilgan holda beriladigan kredit mablag‘lari, shuningdek, “O‘zbekgidroenergo” AJning o‘z mablag‘lari belgilangandi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Modernizatsiya ishlari XXRning sohada yetakchi tashkilotlaridan biri bo‘lgan “CNTIC” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va samarali faoliyat, xususan, yangi GESlarni qurish, mavjudlarini modernizatsiya qilish, GESlarda jahon standartidagi zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish orqali xalqimizning xonadonlarini yoritish, kundalik maishiy ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmini oshirish, xalqimiz xonadonlari yanada obod bo‘lishi, yorug‘lik manbai bilan nurafshon bo‘lishi, eng asosiysi, xalqimiz turmush farovonligining oshishiga muhim poydevor bo‘ladi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ axborot xizmati
Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid