O‘zbekiston | 20:59 / 31.08.2023
6758
2 daqiqa o‘qiladi

«Biz jahonga faqat xomashyo emas, avvalo ilm-ma’rifat yetkazib bergan ulug‘ zotlar avlodimiz» - prezident

Bugungi kun IT va aqliy mehnatga asoslangan boshqa sohalarni jadal rivojlantirishni talab etayotgani, bu yo‘nalishlar O‘zbekiston iqtisodiyotining kelajakdagi asosiy lokomotivlariga aylanishi ta’kidlandi.

Foto: Kun.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev mustaqillik bayramidagi chiqishida ilm-fan, innovatsiya, IT va aqliy mehnatga asoslangan boshqa sohalarni jadal rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini qayd etib o‘tdi. 

«Agar 3 ming yillik tariximizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ota-bobolarimiz asrlar mobaynida dunyo tamadduniga nafaqat jismoniy, balki intellektual mehnati bilan ulkan hissa qo‘shganiga guvoh bo‘lamiz.

Biz jahonga faqat xomashyo emas, avvalo ilm-ma’rifat, ma’naviy boylik yetkazib bergan ne-ne ulug‘ zotlarning avlodimiz. Hech shubhasiz, ularga xos bo‘lgan buyuk fazilatlar, ular yaratgan shonli an’analar bugun ham bizning qalbimizda, ongimizda, hayotimizda yashamoqda.

Men ishonaman, biz bu tarixiy yo‘lni munosib davom ettirishga har tomonlama qodirmiz. Bugungi kunda dunyo xaritasida tutgan o‘rnimiz, o‘z oldimizga qo‘yayotgan juda ulkan maqsad va marralarimiz ham aynan shuni taqozo etmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, biz transport-logistika tizimi bilan birga, bugun zamonning o‘zi talab qilayotgan ilm-fan, innovatsiya, IT va aqliy mehnatga asoslangan boshqa sohalarni jadal rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratyapmiz. Aynan shu yo‘nalishlar O‘zbekiston iqtisodiyotining yaqin kelajakdagi asosiy lokomotivlariga aylanadi», dedi prezident.

Mavzuga oid