O‘zbekiston | 18:16 / 05.09.2023
14581
2 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston YuNeSKO konferensiyasini Samarqandda o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi

YuNeSKOning Parijdagi bosh qarorgohida Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazma doirasida tashkilot bosh direktori Odri Azule bilan uchrashgan Saida Mirziyoyeva YuNeSKOning 2025 yilgi konferensiyasini Samarqandda o‘tkazishni taklif qildi. Taklif ma’qullansa, bu – YuNeSKO sessiyalarini faqat Parijda o‘tkazish bo‘yicha 40 yildan oshiq davom etgan an’ananing o‘zgarishi bo‘ladi.

Foto: Saida Mirziyoyeva / Telegram

O‘zbekiston prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva va YuNeSKO bosh direktori Odri Azule 4 sentabr kuni tashkilotning Parijdagi bosh qarorgohida “Abu Rayhon Beruniy. Geografik va intellektual sayohatlar” ko‘rgazmasini ochib berdi. Ko‘rgazma buyuk alloma tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan.

Tashrif buyuruvchilar vizual installyatsiyalar yordamida Abu Rayhon Beruniyning hayoti va ijodi, kashfiyot va izlanishlari haqida ma’lumot olishlari mumkin. Ekspozitsiyada allomaning Fransiya milliy kutubxonasi fondidan yig‘ilgan qo‘lyozmalariga alohida joy ajratilgan.

“O‘ylaymanki, ushbu loyiha Yevropa jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otib, buyuk allomalarimiz merosi bilan faxrlanadigan o‘zbek zamini haqidagi tasavvurlarini yanada boyitadi”, – deya ko‘rgazma haqida fikr bildirdi Saida Mirziyoyeva.

U, shuningdek, O‘zbekiston YuNeSKO bosh konferensiyasining 43-sessiyasini 2025 yilda Samarqandda o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi.

“Agar ushbu taklif ma’qullansa, bu tarixiy voqea YuNeSKO sessiyalarini faqat Parijda chaqirish bo‘yicha 40 yildan oshiq davom etgan an’anani o‘zgartira oladi”, – dedi Mirziyoyeva.

Ma’lumot uchun, YuNeSKO – Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’lim, fan va madaniyat sohalariga oid maxsus tashkiloti hisoblanadi. Tashkilotga 1945 yil 16 noyabrda asos solingan. O‘zbekiston YuNeSKOga 1993 yil 26 oktyabrda a’zo bo‘lib kirgan.

Mavzuga oid