«Ufqda tinchlikka erishish imkoniyatlari ko‘rinmayapti». Erdo‘g‘an Putin bilan muzokaralardan so‘ng
U Turkiya birinchi kundanoq tinchlik, muloqot va diplomatiya tarafdori bo‘lganini qayd etgan.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an RF prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralardan qaytganidan keyin unga hamrohlik qilgan jurnalistlarga tashrif yakunlari to‘g‘risida qisqacha ma’lumot berdi.
Xususan, Ukrainada davom etayotgan urushga to‘xtalarkan, Erdo‘g‘an ayni vaqtda «ufqda hech qanday tinchlik istiqbollari ko‘rinmayotgani»ni aytgan. U Turkiya birinchi kundanoq tinchlik, muloqot va diplomatiya tarafdori bo‘lganini qayd etgan.
«Biz qon to‘kilishi davom etishining oldini olish uchun qattiq harakat qildik. Muammoni yanada chuqurlashtirib, olovga moy sepilishi o‘rniga, har ikki tomonni umumiy fikrga olib kelishga erishishga intildik. Afsuski, bir yarim yildan buyon olib borilayotgan urush hamon davom etmoqda», — degan Erdo‘g‘an va Turkiya diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirishini qo‘shimcha qilgan.
«Biz umid qilamizki, ikki qo‘shnimiz va mintaqamizga zarar yetkazgan bu urush xalqaro huquqqa asoslangan adolatli va mustahkam tinchlik bilan yakunlanadi», deya uning so‘zlarini keltiradi Milliyet nashri.
Erdo‘g‘an shuningdek RF prezidenti bilan uchrashuvida asosiy mavzu bo‘lishi aytilgan g‘alla kelishuvini tiklash ehtimoli yuzasidan ham munosabat bildirgan. Uning aytishicha, BMT bosh kotibi RFning SWIFT tizimiga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqador bo‘lmagan g‘alla bitimidagi ishtiroki uchun vositachilik mexanizmini taklif qilgan. Shuningdek, Turkiya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, BMT sanksiyalar tufayli Rossiya kemalarini sug‘urtalashda yuzaga kelgan to‘siqlarni bartaraf etish ustida ishlamoqda. Erdo‘g‘anning qo‘shimcha qilishicha, u BMT Bosh assambleyasi chog‘ida bosh kotib Antoniu Guterrish bilan g‘alla kelishuvini muhokama qilishni rejalashtirgan.
Erdo‘g‘an va Putinning muzokaralari 4 sentabr kuni Sochida bo‘lib o‘tdi. Unda asosiy mavzu g‘alla kelishuvini tiklash masalasi bo‘ldi. Uchrashuvdan keyin prezidentlar Qora dengizda qamal qilingan portlar orqali Ukraina g‘allasini olib chiqishni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvga erisha olmagani ma’lum qilindi.
Mavzuga oid
08:05
Bayden Pentagonga Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirishni buyurdi
22:47 / 25.12.2024
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
21:53 / 25.12.2024
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15 / 25.12.2024