Janubiy Kavkazda navbatdagi keskinlik. Boku talab qilayotgan Zangezur koridori qanaqa loyiha?
Ozarboyjon Armaniston bilan chegarada, Zangezur koridori yaqinida qo‘shin to‘playotgani aytilmoqda. Ilhom Aliyev 2020 yil kuzidagi urushda erishilgan g‘alabadan keyin mamlakatning eksklav hududiga Armaniston orqali o‘tuvchi yo‘lakni harbiy yo‘l bilan bo‘lsa-da ochishga va’da bergan. Nikol Pashinyan xalqaro hamjamiyatdan “yangi portlash”ning oldini olishni so‘ramoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Ozarboyjon harbiy kolonnasi Armaniston bilan chegaraga, Zangezur koridori tomon ketayotgani aytilgan video tarqaldi.
Armaniston hukumatining 7 avgust, payshanba kungi yig‘ilishida bosh vazir Nikol Pashinyan mintaqadagi “harbiy-siyosiy vaziyat keskin yomonlashgani”ni aytdi.
“Buning sababi, oxirgi kunlarda Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘ va Armaniston chegarasiga tutashuv chiziqlarida qo‘shin to‘plamoqda. Aksilarman ritorikasi kuchaydi. Armanistonning suveren hududlariga da’vo qiluvchi siyosat davom etyapti”, – dedi Pashinyan. U xalqaro hamjamiyat va BMT Xavfsizlik kengashini mintaqada “yangi portlash” bo‘lishining oldini olish uchun jiddiy choralar ko‘rishga chaqirdi.
Bunga javoban Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi Pashinyanning so‘zlarini “siyosiy manipulyatsiya” deb atadi.
“Ozarboyjon mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatni keskinlashtirayotgani va hududda kuchlarni to‘playotgani haqidagi ayblov Armaniston tomonining navbatdagi soxta siyosiy manipulyatsiyasidir”, – deyiladi rasmiy Bokuning munosabatida. Ozarboyjon tomoni Qorabog‘ yaqiniga harbiy qismlar ko‘chirilayotganini rad etmayapti, biroq buni o‘quv-mashg‘ulotlari bilan izohlamoqda.
Avgust oyi oxiridan buyon har ikki tomon bir-birini o‘t ochishda ayblab kelayotgan edi. Xususan, Armaniston Mudofaa vazirligiga ko‘ra, 1 sentabr kuni Armanistonning Sotk qishlog‘ida ro‘y bergan to‘qnashuvda 4 nafar arman harbiysi halok bo‘lgan. Bugun, 8 sentabr kuni Ozarboyjon Mudofaa vazirligi arman harbiylari ozarlarning Naxchivandagi pozitsiyasini o‘qotar qurol bilan o‘qqa tutgani va bunga javob choralari ko‘rilganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, vazirlik Armaniston harbiylari tomonidan Rossiya tinchlikparvar kontingenti joylashgan hududda Ozarboyjonning Agdam viloyatidagi ozar pozitsiyalariga yaqinlashish maqsadida yangi xandaqlar qazishga urinish bo‘lganini qayd etgan.
Ayni paytda, xalqaro nashrlarda Bokudan Isroilning Ovda aerodromiga parvozlar faollashgani, 15 avgustdan 5 sentabrgacha Ozarboyjonning Silk Way aviakompaniyasi Ovda aviabazasiga 5 ta reysni amalga oshirgani xabar qilinmoqda. Avvalroq Isroilning Haaretz nashri o‘z surishtiruviga asoslanib Ovda portlashdan xavfli yuklarni tashishga ruxsat berilgan Isroildagi yagona aerodrom ekani, harbiy maqsadlardagi tovarlar eksporti aynan shu yerdan amalga oshirilishini xabar qilgan. Boshqa nashrlar 2016 yildan buyon Silk Way aviakompaniyasining yuk samolyotlari Ovda aeroportiga qariyb 100 marta qo‘nganini aniqlagan. Stokholm tinchlik tadqiqotlari instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-2020 yillarda Ozarboyjon xorijdan sotib olgan qurol-yarog‘larning 69 foizini Isroil yetkazib bergan.
Mavjud keskinlik fonida, 6 sentabrda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan telefon orqali muloqot qildi. Shu kuni Aliyevning tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi Hikmat Hojiyev Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu qabulida bo‘ldi.
Zangezur koridori haqida
“Zangezur yo‘lagi” – 2020 yilda ro‘y bergan va Armanistonning amalda mag‘lubiyati bilan tugagan Ikkinchi Qorabog‘ urushidan keyin Ozarboyjon va Turkiya tomonidan ilgari surilayotgan loyiha. Unda Ozarboyjonning sharqdagi hududlarini o‘zining eksklav hududi bo‘lmish Naxchivan Avtonom Respublikasi bilan Armaniston hududidan o‘tuvchi koridor orqali bog‘lash nazarda tutiladi.
Muxtor respublikani Ozarboyjonning katta qismi bilan Armanistonning Syunik viloyati ajratib turadi. Boku bu viloyatdan o‘tuvchi koridor ochish orqali o‘zining markaziy hududlari hamda muxtor hududi va Turkiya o‘rtasida to‘siqsiz yo‘lak tashkil etishga intilmoqda (Ozarboyjon va Turkiya 17 kilometrlik umumiy chegaraga ega). Tahlilchilar bu loyiha Kavkaz davlatlari, Turkiya, Rossiya va Markaziy Osiyoning keng ko‘lamli strategik manfaatlariga daxldorligini aytadi.
2020 yil kuzidagi 44 kunlik urushda Ozarboyjon armiyasi asosiy hujumlarini janubiy yo‘nalishda tashkil etib, Eron bilan chegara bo‘ylab Armanistonning Syunik viloyatigacha yetib bordi. O‘sha yili 9 noyabrda Ozarboyjon, Armaniston va Rossiya rahbarlari o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha uch tomonlama bitimni imzoladi.
Bitimning 9-bandiga ko‘ra, “Armaniston Respublikasi fuqarolar, transport vositalari va yuklarning to‘siqsiz harakatini tashkil etish uchun Ozarboyjon Respublikasining g‘arbiy hududlari va Naxchivan Avtonom Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama yo‘nalishdagi transport aloqasining xavfsizligini kafolatlaydi”. Tomonlarning bayonotiga ko‘ra, transport aloqasi ustidan nazoratni Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari amalga oshirishi belgilangan. Shuningdek, o‘shanda tomonlar Ozarboyjon va Armanistonning o‘zaro kelishuviga asosan Naxchivan Avtonom Respublikasini Ozarboyjonning sharqiy hududlari bilan bog‘lovchi yangi transport kommunikatsiyalari qurilishi aytilgandi.
Bi kelishuvdan 2 oy o‘tib, Ozarboyjon, Armaniston va Rossiya rahbarlari bitimning 9-bandini amalga oshirish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruh tashkil etish haqida qo‘shma bayonot imzoladi. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bu yangi uch tomonlama bayonot amalda “o‘tgan yilgi voqealar ostidan chiziq tortishi”, Ozarboyjonga 30 yil ichida ilk marta Naxchivan Avtonom Respublikasi bilan aloqani (yerusti yo‘nalishida) tiklashiga imkon berishini aytdi. Aliyevga ko‘ra, buning evaziga Armaniston Ozarboyjon temiryo‘llari orqali Rossiya va Eronga chiqadi.
2021 yil fevralidayoq Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘ yaqinida, 2020 yil kuzida qaytarib olgan hududlarida Goradiz–Agbend temiryo‘li qurilishini boshladi. 100 kilometrlik magistral Ozarboyjonning asosiy qismi va Naxchivan muxtor o‘lkasini to‘g‘ridan to‘g‘ri temiryo‘l aloqasi bilan bog‘lashi ma’lum qilindi.
“Zangezur koridorining tashkil etilishi bizning milliy, tarixiy va kelajak manfaatlarimizga to‘la mos keladi. Armaniston istaydimi-yo‘qmi, biz Zangezur koridorini ro‘yobga chiqaramiz. Agar xohlasa, osonroq hal qilamiz, xohlamasa – kuch bilan. Urushdan oldin ham, undan keyin ham men ular o‘z ixtiyori bilan bizning yerlarimizdan ketishi kerakligini, yo‘qsa ularni kuch bilan chiqarishimizni aytganman. Shunday ham bo‘ldi. Zangezur koridorining taqdiri ham ana shunday bo‘ladi”, – degandi Ilhom Aliyev 2021 yil aprelida.
“Armaniston buni xohlaydimi-yo‘qmi, Zangezur koridori albatta ochiladi”, – deya yana bir bor va’da bergan Aliyev 2023 yil kirib kelishidagi yangi yil tabrigida.
Yerevan bu loyihaga qarshiligini bildirib keladi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanga ko‘ra, otashkesim haqidagi uch tomonlama bitimda “na Zangezur, na koridor so‘zi tilga olingan”. “Kelishuv faqat mintaqaviy kommunikatsiyalarni blokdan yechishga taalluqli”, degan u. Pashinning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston “koridor logikasi”ni “muhokama qilmagan, muhokama qilmayapti va muhokama qilmaydi ham”. Shu bilan birga, Pashinyanning aytishicha, “transport yo‘llarining ochilishi birinchi navbatdagi vazifa, chunki bu kelishuv doirasida Armaniston Eron va Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri temiryo‘l aloqasiga ega bo‘ladi”.
Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryan Armaniston Respublikasining suveren hududida boshqa bir suveren davlatning koridori bo‘lishi mumkin emas, deb bayonot bergan. U ham Ozarboyjon tomoni bilan hech bir kelishuvda bu masala ko‘zda tutilmaganini qayd etgan.
“Turkiy dunyo Zangezur yo‘lagi orqali birlashadi”
Sharqshunos tahlilchi Sabina Latipova bu koridorning ahamiyati haqida so‘zlab berdi.
— So‘nggi kunlarda Janubiy Kavkazda sustlashgan olov tutuni yana alanga ola boshladi. O‘tgan kun ijtimoiy tarmoqlarda Ozarboyjon armiyasi Zangezur koridori tomon harbiy texnikalarni yuborayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Xo‘sh, bu koridor mintaqa uchun qanchalik muhim va strategik ahamiyatga ega?
Zangezur yo‘lagi Janubiy Kavkazdagi strategik darvoza sifatida ajralib turadi. Bu yo‘lak Ozarboyjonning Naxchivan Muxtor Respublikasini o‘zining asosiy hududi bilan bog‘laydigan va Armanistonning mintaqaviy hamda iqtisodiy integratsiyasini qamrab oluvchi transport va savdo yo‘li hisoblanadi. Zangezur yo‘lagining ahamiyati mintaqadagi siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik dinamikasida ulkan ahamiyatga ega. Sovet Ittifoqiga qadar Zangezur asosan musulmon turklar yashaydigan hudud edi. 1920-yillarda Sovet Ittifoqi tomonidan Armanistonga qo‘shilgach, mintaqaning demografik tuzilishi o‘zgara boshladi. Zangezur yo‘lagi tarixan mintaqadagi turli madaniyatlar, etnik guruhlar va davlatlar o‘rtasidagi bog‘lovchi yo‘lak bo‘lib kelgan.
Iqtisodiy nuqtayi nazardan Zangezur yo‘lagi mintaqada savdo va transportni jonlantirishda katta muvaffaqiyatlar keltirishi kutilmoqda. Bu yo‘lak mintaqaning energiya resurslarini Yevropa bozorlariga olib chiqish imkonini beradi. Ozarboyjonning boy neft va tabiiy gaz zaxiralari Zangezur yo‘lagi orqali xalqaro energetika loyihalariga qo‘shilishi mumkin. Bu mintaqadagi mamlakatlarning iqtisodiy va siyosiy barqarorligini qo‘llab-quvvatlashi va G‘arbga energiya resurslarini diversifikatsiya qilishda yordam berishi taxmin qilinmoqda.
Strategik xavfsizlik nuqtayi nazaridan Zangezur yo‘lagi mintaqadagi siyosiy muvozanatga ta’sir qilishi mumkin. Yo‘lak Naxchivanni Ozarboyjon bilan bog‘lash orqali Ozarboyjonning mintaqaviy qudratini oshirar ekan, Armanistonni ham mintaqaviy integratsiyaga kiritadi. Shunday qilib, tinchlik yechimi hamda mintaqaviy hamkorlik uchun mos muhit yaratiladi.
Loyihaning amalga oshishi oradan ancha vaqt o‘tib turkiy dunyoga Zangezur yo‘lagi orqali birlashish imkonini beradi. Yo‘lak turkiy dunyoda savdo, logistika va siyosiy aloqalarni mustahkamlashga yordam berishi ko‘zlanmoqda. Zangezur yo‘lagi va Kaspiy dengizi orqali yangi yo‘nalishning ochilishi Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida eng tez yuk yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Bu yo‘lak tashabbusi Eron, Armaniston, Ozarboyjon, Rossiya va Turkiya kabi ko‘plab davlatlarning manfaatlari to‘qnashadigan yo‘lak hamdir. Kelajakda Markaziy Osiyo va Turkiya o‘rtasida taklif etilayotgan Transkaspiy tabiiy gaz quvuri loyihasi amalga oshirilsa, Armaniston ham tranzit mamlakat sifatida foyda ko‘rishi mumkin. Shuningdek, bu koridorning ochilishi Rossiya va Turkiyani yer usti transport aloqalari bilan uzluksiz bog‘lashi kutiladi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, Zangezur yo‘lagi Janubiy Kavkazdagi strategik tranzit yo‘nalishi bo‘lib, mintaqaning siyosiy, iqtisodiy dinamikasi va xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o‘ynashi mumkin.
Mavzuga oid
23:45 / 11.11.2024
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Boku shahriga bordi
20:54 / 11.11.2024
Qozog‘iston bahorda Markaziy Osiyo davlatlaridan 11 milliard kub metr suv oladi
22:20 / 08.11.2024
Qorabog‘ safari: Jafokash Fuzuliy va yangilanayotgan Zangilon
16:34 / 08.11.2024