Jahon | 11:07 / 08.09.2023
10075
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya «NATO infratuzilmasi kirib borishi» tufayli OTO mintaqasi harbiylashayotganini bildirdi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 18-Sharqiy Osiyo sammitida ishtirok etdi. 

Foto: Rossiya TIV

Rossiya Sharqiy Osiyo sammitida (ShOS) NATO infratuzilmasining kirib borishi tufayli Osiyo-Tinch okeani mintaqasini (OTO) harbiylashtirish xavfi haqida ta’kidladi.

Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining 7 sentabr kuni idora saytida e’lon qilingan xabarida aytiladi.

Vazirlikning qayd etishicha, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi kun tartibining asosiy masalalari bo‘yicha fikr almashish chog‘ida hamkorlarga Rossiyaning mintaqada teng va ajralmas xavfsizlik arxitekturasini mustahkamlash va uni rivojlantirishning yuqori dinamikasini ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash borasidagi izchil pozitsiyasi haqida ma’lumot berilgan.

«ASeAN koordinatalari tizimida faoliyat yurituvchi ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi, siyosiylashtirilmagan konstruktiv muloqot va konsensus, o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan konstruktiv hamkorlik ta’kidlandi», — deyiladi xabarda.

Tashqi ishlar vazirligining ta’kidlashicha, «G‘arb tomonidan yaratilgan tiyib turish blok mexanizmlariga tayanib, qarama-qarshilik loyihasini ilgari surgan holda NATO kuchlari va infratuzilmasining ushbu mintaqaga kirib borishi fonida Sharqiy Osiyoni harbiylashtirish xavfiga alohida e’tibor qaratildi». AUKUS loyihasi bu mintaqada yadroviy komponentga ega harbiy-strategik kompleksni joylashtirishni ta’minlashi aytilgan. 

Bundan tashqari, idora ShOS doirasida amaliy ishlarni, jumladan, epidemik tahdidlarga javob berish, turizm industriyasini rivojlantirish va Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi tashkilotlar o‘rtasida barqaror aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha Rossiya tashabbuslarini amalga oshirish muhimligini ta’kidladi. 

«Rossiya tomoni ijobiy hamkorlik ruhida faoliyat yurituvchi ko‘p tomonlama mexanizmlar salohiyatini birlashtirish, shu jumladan ASeANning ShHT va YeOII bilan konstruktiv hamkorligini kuchaytirish orqali mintaqada davlatlararo aloqalar mustahkam asosini shakllantirishga e’tiborini yana bir bor tasdiqladi», deb xulosa qildi Tashqi ishlar vazirligi. 

Ayni damda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Bangladesh Xalq Respublikasiga ilk tashrifi bilan kelgan. 

Mavzuga oid