Iqtisodiyot | 14:58 / 12.09.2023
37758
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston gaz importini 7 barobarga oshirgan. Budjet taqchilligi 5,7 foizga yetgan

Yilning 1-yarmida tabiiy gaz importi 7,2 barobarga oshishi ortidan, konsolidatsiyalashgan budjet xarajatlari daromadlardan 27 trln so‘mga oshib ketgan. Bu taqchillik asosan o‘tgan yilgi qoldiq mablag‘lar va qarz olish hisobiga qoplangan.

Foto: “O‘ztransgaz”

2023 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti daromadlari 153,8 trln so‘mni, xarajatlari 180,8 trln so‘mni tashkil etdi.

Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 26,9 trln so‘mni yoki yalpi ichki mahsulotga (470 trillion so‘m) nisbatan 5,7 foizga teng bo‘ldi.

Bu – Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2023 yil birinchi yarim yillik ijrosi yuzasidan hisobotda keltirib o‘tilgan. Ma’lumot uchun, joriy yilgi budjet qonunida konsolidatsiyalashgan yillik defitsit ko‘rsatkichi 3 foizdan oshmasligi zarurligi ko‘rsatilgan.

IMV hisobotiga ko‘ra, mamlakatda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi 23,6 mlrd kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,6 foizga kamaygan bo‘lishiga qaramay, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida gaz importi hajmi 2,6 mlrd kub metrni (2022 yilda 364 mln kub metr) tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,2 barobarga oshgan.

Tabiiy gaz importiga doir bu ma’lumot Statistika agentligining rasmiy raqamlarini rad etadi. Agentlikka ko‘ra, 2023 yilning 1-yarmida O‘zbekiston 200 mln dollarlik gaz import qilgan va bu o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 2,6 barobarga ko‘p bo‘lgan. Statistika agentligi import hajmini narx qiymatida, Iqtisodiyot va moliya vazirligi esa fizik hajmda ko‘rsatgan bo‘lsa-da, ular orasidagi bir necha barobarlik nomuvofiqlik yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Eslatib o‘tamiz, respublika bo‘ylab yanvar oyida anomal sovuq ob-havo kuzatilgan, hukumat buning oqibatlarini yumshatish uchun shoshilinch tabiiy gaz importi bo‘yicha choralar ko‘rishiga to‘g‘ri kelgandi. Budjet taqchilligining keskin oshishi gaz importi ko‘payishi bilan bog‘liq ekanini avvalroq Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov aytib o‘tgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, konsolidatsiyalashgan budjetdagi 26,9 trln so‘mlik taqchillik quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtirilgan:

  • davlat qarz mablag‘larini jalb qilish hisobidan 6,7 trln so‘m (shundan tashqi qarz mablag‘lari hisobidan 1,7 trln so‘m, davlat qimmatli qog‘ozlarini ichki bozorda joylashtirish hisobidan 5,0 trln so‘m);
  • davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushgan tushumlar hisobidan 1,5 trln so‘m;
  • davlat dasturlarini amalga oshirish uchun Xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit mablag‘lari 4,2 trln so‘m;
  • davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va budjetdan tashqari jamg‘armalarning yil boshiga qoldiq mablag‘lar hisobidan 14,5 trln so‘m.

Birinchi yarim yillikda (budjetlararo transfertlarni hisobga olmagan holda):

  • davlat budjeti daromadlari 102,3 trln so‘m (2022 yil 1-yarmiga nisbatan +11,1%), xarajatlari 116,8 trln so‘m (+24,6%);
  • davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 25,9 trln so‘m, xarajatlari 34,95 trln so‘m;
  • Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining tushumlari 4,8 trln so‘m, chiqimlari 7,9 trln so‘m;
  • budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalariga tushumlar 20,9 trln so‘m, chiqimlari 16,96 trln so‘m;
  • tashqi qarz hisobidan davlat dasturlariga xarajatlar 4,2 trln so‘mni tashkil etgan.

Hisobot davrida davlat qarzini so‘ndirish xarajatlari 9,1 trln so‘mga yetgan.

Davlat budjeti daromadlarining 74,6 foizi Soliq qo‘mitasi, 23,7 foizi Bojxona qo‘mitasi tomonidan shakllantirilgan. Soliq tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,4 foizga oshgan.

YaIM, inflatsiya va aholi daromadlari

Vazirlikka ko‘ra, 2023 yilning 1-yarim yilligida yalpi ichki mahsulot hajmi joriy narxlarda 469 619 mlrd so‘mni yoki o‘sish sur’ati 5,6 foizni (yil boshidagi prognoz – 5,2%) tashkil etdi.

Bunda, iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri xizmatlar sohasi bo‘lib, uning o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 6,4 foizni (o‘sishdagi hissasi – 2,6 foiz band) tashkil etdi. Shuningdek, sanoat 5,6 foizga (1,4 f.b), qurilish ishlari – 4,8 foiz (0,3 f.b) va qishloq xo‘jaligi 3,8 foizga (0,7 f.b) o‘sdi.

Joriy yilning 6 oyida iste’mol narxlari indeksi (INI) 3,5 foizni (2021 y. – 4,4%, 2022 y. – 6,5%) tashkil etdi, bunda, oziq-ovqat 4,1 foizga, nooziq-ovqat – 3,1 foiz va xizmatlar 2,9 foizga qimmatlashdi. Nooziq-ovqat mahsulotlaridan dori vositalari narxi 6,5 foizga, maishiy yuvish va tozalash vositalari – 5,4 foiz, sement – 4,6 foiz, asosiy uy-ro‘zg‘or buyumlari va elektr jihozlari – 3,5 foiz, metan hamda propan narxlari mos ravishda – 3,2 foiz va 3 foizga oshgan bo‘lsa, benzin narxi 3 foizga pasayishi kuzatildi.

2023 yil yakuniy iste’mol 6,9 foizga oshdi, bunda, aholi real daromadlari 6,5 foizga oshib, aholi jon boshiga umumiy daromadlar 9,3 mln so‘mni tashkil etdi.

Mavzuga oid