Toshkentda ilk marta yuqori kuchlanishli kabellar yer ostidan o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston tarixida ilk marta Toshkent shahrida yuqori kuchlanishli yerosti kabellarini yotqizish boshlandi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, bunga yil oxirigacha 300 mln dollardan ortiq mablag‘ sarflanadi. Keyinchalik bu amaliyotni butun respublikada tatbiq qilish rejalashtirilgan.
Toshkentda yuz bergan elektr ta’minotidagi uzilishlar takrorlanishining oldini olish va tizimga tushadigan bosimni kamaytirish maqsadida Toshkent shahrida yerosti kabellarini o‘tkazish boshlangan. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ma’lum qildi.
“Biz podstansiyalarni to‘g‘rilamasak, ular yuqori kuchlanishni ko‘tara olmaydi. Toshkent misolida joriy yildagi qish va yoz oylarida buni yaqqol ko‘rdik. Birinchi o‘rinda Toshkent shahri bo‘yicha O‘zbekiston tarixida ilk marta yuqori kuchlanishli yerosti kabellarini yotqizyapmiz. Bunga yil oxirigacha 300 mln dollardan ortiq mablag‘ sarflanadi”, – dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov 11 sentabr kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda.
Vazirning aytishicha, keyinchalik bu amaliyot butun respublika bo‘yicha joriy qilinishi ko‘zda tutilgan. Buning uchun taxminan 8-10 mlrd dollar atrofida mablag‘ talab qilinadi. Tariflarni liberallashtirmasdan turib esa, sohaga investorlarni jalb qilish imkonsiz.
Hududlarda transformatorlarning eskirgani va ularga nisbatan yuklamaning ortib borayotgani ham elektr ta’minotida uzilishlarga sabab bo‘lmoqda.
“Elektr ta’minotidagi uzilishlarga taqsimlovchi tarmoqlardagi transformatorlarning eskirgani sabab bo‘lmoqda. Juda ko‘p hududlarimizda ularning yuklanganlik darajasi juda katta bo‘lib ketgan. Me’yor bo‘yicha 1 ta transformatorga yuklama 75 foizdan oshmasligi kerak. Masalan, Toshkent viloyatida yuklanganlik darajasi 95 foiz, Andijonda 92 foiz, Toshkent shahrida 90 foiz, Namanganda 84 foizga yetgan. Chora ko‘rmasak, yuklama yanada ortib, qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin”, dedi Mirzamahmudov.
Mavzuga oid
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
17:26 / 08.11.2024