Iqtisodiyot | 20:26 / 15.09.2023
40837
4 daqiqa o‘qiladi

Banklar va biznesga valuta operatsiyalari bo‘yicha cheklov kiritilmoqda

Markaziy bankning talabi bilan, endilikda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar valuta operatsiyalarini faqat asosiy hisobvarag‘i ochilgan bankda amalga oshira oladi. Tadbirkorlar xorijiy valuta sotib olish uchun bankning tegishli tuzilmasidan ijobiy xulosa olishi kerak bo‘ladi. Banklar yangi talablarni bajarmagan taqdirda valuta birjasidagi ishtiroki cheklab qo‘yilishi haqida ogohlantirilgan.

Foto: Reuters

O‘zbekiston Markaziy banki 18 sentabrdan boshlab tijorat banklari uchun valuta operatsiyalariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirmoqda. Bu haqdagi qaror Markaziy bank Bank nazorati qo‘mitasining 15 sentabr kungi yig‘ilishida, so‘ngra regulyator rahbariyati tomonidan qabul qilingan. Bu haqda bank sohasidagi bir nechta mustaqil manbalariga asoslanib, Gazeta.uz xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning xorijiy valutani xarid qilish va valuta operatsiyalari bilan bog‘liq operatsiyalari endilikda faqatgina ularning asosiy hisobvarag‘i ochilgan banklar tomonidan amalga oshirilishi talab etiladi.

Bundan tashqari, banklarga chet el valutasini tadbirkorlarga sotish bilan bog‘liq operatsiyalar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi. Tadbirkorlarga xorijiy valutani sotish banklarning tarkibiy bo‘linmalari – banklar raislarining o‘rinbosarlari rahbarligidagi ekspert guruhlari xulosalari asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, banklarga mijozlarning asosiy hisobvaraqlaridagi milliy valutadagi mablag‘larini valuta konvertatsiyasi maqsadida boshqa banklardagi ikkilamchi hisobraqamlarga o‘tkazish ham taqiqlanadi.

Bundan tashqari, banklarga mijozlari bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning boshqa banklarda ochilgan ikkilamchi maxsus valuta hisobvaraqlarini yopish choralarini ko‘rish topshirildi. Boshqacha aytganda, mijozlar boshqa banklardagi maxsus hisobvaraqlarini yopishi, faqat bitta hisobvaraqqa ega bo‘lishi, ya’ni konvertatsiyani faqat bitta bank orqali amalga oshirishi kerak.

Qayd etilishicha, sotib olingan valutaning mamlakat ichida buxgalteriya hisobi va harakatini yuritish maqsadida valuta ayirboshlashda maxsus valuta hisobvaraqlaridan foydalaniladi. Maxsus hisobvaraqda ayirboshlangan valuta import shartnomasi bo‘yicha to‘lovni amalga oshirish yoki konvertatsiyadan ko‘zda tutilgan boshqa maqsadlarda ishlatilishi mumkin. Eksportdan yoki boshqa tushumlardan (ustav, qarz) keladigan erkin valuta mijozlarning joriy valuta hisobvaraqlariga tushadi.

Bundan tashqari, nashr manbasiga ko‘ra, qanoatlantirilgan arizalar bo‘yicha operatsiyalarni valuta sotib olingan kundan boshlab 7 ish kuni ichida yakunlashga ruxsat beriladi. Suhbatdoshning ta’kidlashicha, bu endilikda banklar tadbirkorlarning valuta sotib olish haqidagi arizalarini 7 kungacha muddatda ko‘rib chiqishlarini anglatishi mumkin. Ya’ni valuta sotib olish bo‘yicha buyurtma berilganidan keyin xaridorlarning hisobvaraqlariga valuta mablag‘lari bir hafta ichida kirim qilinishi taxmin qilinyapti. Hozirda bu jarayon taxminan bir kun davom etadi.

Ayni paytda, Gazeta.uz'ning boshqa bir manbasi regulyator topshirig‘ining bunday talqini to‘g‘ri ekaniga shubha bildirgan, chunki valuta kurslari har kuni o‘zgaradi, natijada tadbirkor tomonidan valuta xaridiga buyurtma berilgan kundagi kurs va valutaning tadbirkor hisobvarag‘iga kirim qilingan kundagi kurs farq qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap, ehtimol, mijozning sotib olgan chet el valutasidagi mablag‘lar uning maxsus valuta hisobvarag‘iga kirim qilingan paytdan boshlab 7 kun ichida foydalanish majburiyati haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin (bunday bandlar ayrim bank shartnomalarida allaqachon mavjud).

Ayni vaziyatda Markaziy bank tomonidan aniq tushuntirishlarga zarurat bor.

Xabarda aytilishicha, barcha tijorat banklari rahbarlari yangi talablar bajarilmagan taqdirda, valuta operatsiyalarini amalga oshirishga cheklovlar, shuningdek, banklarning Respublika valuta birjasidagi savdolarda ishtirok etishiga cheklovlar belgilanishi haqida ogohlantirilgan.

Ma’lumot uchun, joriy yil boshidan buyon so‘mning asosiy xorijiy valutalarga nisbatan qadrsizlanishi 8 foizga yetgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yili so‘m devalvatsiyasi 4 foizga yetmagandi. Yil boshidan buyon, shuningdek, oltin-valuta zaxiralari 3,1 mlrd dollarga kamaygan.

Mavzuga oid