Jahon | 08:48 / 18.09.2023
6903
3 daqiqa o‘qiladi

Aminiy vafotiga bir yil: Eronda yuzlab odamlar qo‘lga olindi

Noroziliklar yana avj olishiga yo‘l qo‘ymaslikka urinib, Eron hukumati qat’iy choralar ko‘rdi. Mahalliy matbuotning xabar berishicha, 24 soat ichida 260 kishi qo‘lga olingan.

Foto: IRNA

Eron hukumati kurd qizi Mahsa Aminiy vafotining bir yilligi munosabati bilan 260 dan ortiq odamni qo‘lga oldi. Bu haqda 17 sentabr, yakshanba kuni Shargh gazetasi mahalliy xavfsizlik organlariga tayanib xabar berdi.

Qo‘lga olishlar 16 sentabr kuni 24 soat ichida amalga oshirilgan. Xavfsizlik organlari uni jamoat xavfsizligini buzish, norozilik namoyishiga chaqirish yoki qurol saqlash bilan izohladi.

Mahsa Aminiy vafotining bir yilligi arafasidagi hibslar

Mahsa Aminiy o‘limining bir yilligi oldidan Eron hukumati norozilik namoyishlari oldini olish uchun qattiq xavfsizlik choralarini ko‘rdi. Huquq himoyachilarining xabar berishicha, Eron g‘arbidagi Sekkez shahrida qizning oilasi uyi yaqinida ko‘p sonli politsiya xodimlari joylashgan. 

Mahsaning otasi Amjad Aminiy 16 sentabr oqshomida qizi xotirasiga motam e’lon qildi. Surgundagi Eron matbuotiga ko‘ra, erkak politsiya bo‘limiga chaqirilib, ogohlantirish olgan, biroq keyin qo‘yib yuborilgan. 

15 sentabr kuni Yevropa Ittifoqi, AQSh va Buyuk Britaniya namoyishlarni bostirgani uchun Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi. Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bu harakatlarni «noqonuniy va diplomatik emas» deb atadi. 

Aminiyning qo‘lga olinishi va o‘limi 

Mahsa Aminiy 2022 yil 16 sentabrda ro‘molni noto‘g‘ri o‘rashda ayblanib, axloq politsiyasi tomonidan qo‘lga olinganidan so‘ng vafot etdi. Uning oilasi Mahsa politsiya zo‘ravonligi tufayli vafot etganini da’vo qilmoqda. Tehron buni rad etyapti. 

Aminiyning o‘limi butun Eronda «Ayol, hayot, ozodlik!» shiori ostida ommaviy norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Tartibsizliklar ko‘p oylar davom etdi. Nohukumat tashkilotlarga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida 550 nafardan ortiq namoyishchi halok bo‘lgan, yetti kishi qatl etilgan. 

Mavzuga oid